Fargʻona — kitob va maʼrifat maskani

12:41 23 May 2025 Jamiyat
112 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbek adabiyotining shakllanishi va rivojida Fargʻona adabiy muhiti alohida oʻrin tutadi. Tarixiy manbalarga koʻra, Qoʻqon adabiy muhiti taʼsirida 300 nafardan ziyod shoir va yozuvchilar kamol topgan. Ular orasida Nodirabegim, Uvaysiy, Muqimiy, Zavqiy kabi mumtoz adabiyotimiz namoyandalari bor.

Bugungi kunda ham Fargʻona ahli kitob va ijodkorlarni ardoqlaydi. 2024-yilning 14–17-may kunlari viloyatda oʻtkazilgan “Xalqaro kitobxonlik festivali” hamda viloyat markazidagi Kashtanzor koʻchasida kitobga qoʻyilgan haykalning ochilishi buning yaqqol ifodasidir.

Fargʻona viloyatida kitobxonlikni keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan joriy yil “Kitobxonlik yili” deb eʼlon qilindi. Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamda boshqa muassasalar bilan hamkorlikda “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasi amalga oshirildi va 100 mingdan ortiq fuqaro kutubxona aʼzoligiga qabul qilindi.

— Fargʻona kitobxonlarni behad qadrlarkan, shu bois bu dilbar yurtga kelganimdan juda mamnunman, — deydi Malayziya Milliy kutubxona korporativ xizmatlar boʻyicha direktori Suxayla Abd Rahmon. — Festival kun tartibi qiziqarli va amaliy muloqot, munozaralarga boyligi bilan eʼtiborga molik.

Axborot-kutubxona markazi 14 milliard soʻm mablagʻ evaziga toʻliq taʼmirlandi. Unda anʼanaviy, elektron va virtual kutubxona xizmatlari yoʻlga qoʻyildi. Mutolaa, muhokama, kompyuter xonalari, media-studiyalar, ilmiy-tadqiqot va bolalar boʻlimlari, shuningdek, xorijiy tildagi adabiyotlar uchun maxsus zal faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda markaz kuniga 900 nafardan ziyod kitobxonga xizmat koʻrsatmoqda.

Festival doirasida “Central Asia – 2025: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” mavzusida XVIII xalqaro konferensiya ham tashkil etildi. Unda dunyoning oʻnlab davlatlaridan mutaxassislar, olimlar va ijodkorlar ishtirok etdi. Konferensiya doirasida kitob yarmarkalari, mualliflar bilan uchrashuvlar, yangi nashrlar taqdimotlari, intellektual oʻyinlar oʻtkazildi.

Tadbirlar davomida kitobxonlik va axborot-kutubxona sohasi rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan faollar “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar. Ular orasida 85 yoshli Husanboy Ergashevning mahallada tashkil etgan shaxsiy kutubxonasi ham munosib eʼtirof etildi.

— Oʻz xonadonimda mahalla bolalari uchun kutubxona tashkil etganman, — deydi Rishton tumanining “Nosgar” MFYda yashovchi 85 yoshli Husanboy ota Ergashev. — Viloyatimizda oʻtkazilayotgan kitobxonlik bayramida men ham “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Bu juda ham quvonarli. Kelajagimiz vorislari qalbida kitobga mehr uygʻotib, kitoblar olamida yashab, hamisha oʻzimni baxtiyor his etaman.

Darhaqiqat, Fargʻonada kitobga boʻlgan ehtirom yuqori. Viloyat markazida oʻrnatilgan kitob haykali — ushbu maʼrifatparvarlikning timsoli sifatida yanada koʻproq avlodlarni kitobga oshno etishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер