Fargʻona davlat texnika universitetida “Yoshlar texnoparki” tashkil etildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Maʼlumki, Fargʻona davlat texnika universitetida taʼlim jarayonini ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Universitet qoshida tashkil etilgan spin-off kompaniyalari professor-oʻqituvchilar, magistr va talabalarni viloyatdagi yirik sanoat korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda ilmiy va innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etishga keng jalb qilmoqda.
Shu bilan birga, dual taʼlim tizimi asosida startap loyihalarni ishlab chiqarishda qoʻllash, buyurtma asosida yangi mahsulotlar yaratish, ularni patentlash va sifat sertifikatlari olish boʻyicha quvonarli yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Universitetda aqlli svetoforlar, innovatsion yoʻl belgilari, mikro GESlar hamda sanoat korxonalari uchun yangi uskunalar ishlab chiqilmoqda.
Bu jarayonlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yosh olimlar, mustaqil izlanuvchilar va talabalar faoliyatini umumlashtirish maqsadida oliy taʼlim muassasasi hududida “Yoshlar texnoparki” tashkil etildi. Ushbu tashabbus Fargʻona yoshlarining startap loyihalarini roʻyobga chiqarishda ilmiy-amaliy bazani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Texnoparkning ochilish marosimida viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari tadqiqotchilari va yosh ixtirochilar oʻz innovatsion ishlanmalari va loyihalarini taqdim etdilar. Tadbir davomida yaqin istiqbolga doir maqsadlar, yangi rejalar xususida fikr almashildi.
— “Yoshlar texnoparki” 8 yoʻnalishda faoliyat olib boradi, — deydi Fargʻona davlat texnika universiteti talabasi Foziljon Qodirberganov. — Jumladan, 3D modellashtirish, IT dasturlash, sunʼiy intellekt, elektrotexnika va robototexnika kabi yoʻnalishlar shular jumlasidandir.
Texnopark yoshlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini yuksaltirish, innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirishda muhim poydevor vazifasini oʻtaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring