Erdogʻan Ukrainaga oid muzokaralarni Istanbulda oʻtkazishni taklif qildi

11:10 27 Noyabr 2025 Dunyo
240 0

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Rossiya va Ukraina oʻrtasida bevosita muzokaralar tashkil etilishiga koʻmaklashishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Uning aytishicha, bunday uchrashuvlar uchun Istanbul munosib maydon boʻlishi mumkin. Bu haqda Turkiya rahbarining kommunikatsiyalar boʻyicha boshqarmasi rahbari Burhanettin Duran Erdogʻanning “Koalitsiya ishtirokchilari” sammitidagi video-murojaatidan soʻng maʼlum qildi.

“Prezident taʼkidlashicha, Turkiya adolatli va barqaror tinchlikka erishishni tezlashtirish maqsadida tomonlar oʻrtasidagi bevosita aloqalarga koʻmaklashish borasidagi diplomatik saʼy-harakatlarni davom ettiradi. U, shuningdek, bevosita muzokaralar Istanbulda boʻlib oʻtishi mumkinligini qayd etdi”, — dedi Duran.

Qayd etilishicha, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi bevosita aloqalar uch yildan ortiq tanaffusdan soʻng 2025-yil may oyida qayta tiklangan edi.

Birinchi uchrashuv Istanbulda oʻtgan boʻlib, taxminan ikki soat davom etgan. U yerda tomonlar oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha oʻz shartlarini batafsil bayon qiluvchi takliflarini taqdim etishga kelishib olgan, shuningdek, katta miqyosdagi asirlar almashinuvi masalasi muhokama qilingan.

Ikkinchi bosqich muzokaralar iyun oyida oʻtkazilgan va u ham Istanbulda boʻlib oʻtgan. Rossiya oʻzining tinchlik shartlari haqida memorandum loyihasini taqdim etgan, Ukraina esa bir necha kun avval shunga oʻxshash hujjatni Rossiya tomoniga bergan edi. Tomonlar yana katta miqyosda asirlar almashinuvi oʻtkazgan va halok boʻlganlarning jasadlarini oʻzaro topshirish niyatini tasdiqlagan.

Uchinchi uchrashuv iyul oyida oʻtkazilib, unda tomonlar iyun boshida almashilgan memorandum loyihalarini muhokama qilishgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?