“Eng ilgʻor mutaxassis” armiya oʻyinlariga start berildi
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"
Bugun, 18-avgust kuni Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkaziladigan “Eng ilgʻor mutaxassis” armiya oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi va musobaqalarga start berildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” dala-oʻquv maydoni tong sahardan harbiy xizmatchilar, ishtirokchi jamoa vakillari, davlat va jamoat tashkiloti xodimlari, faxriylar hamda yoshlar va mahalliy aholi bilan gavjum boʻldi. Albatta, bularning bari karantin talablariga toʻla rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda.
Ochilish marosimi avvalida davlatimiz madhiyasi yangradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Kurbanov oʻz tabrik soʻzida barcha jamoalarga omad tilab, bu kabi musobaqalar harbiy xizmatchilarning jangovar qobiliyatini oshirishi, qolaversa, yoshlar qalbida ona Vatanga boʻlgan muhabbat, harbiy xizmatga esa havas uygʻotishini taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng saf maydoni boʻylab Harbiy parad uyushtirildi. Jangovar texnikalarning birin-ketin olib oʻtilishi ham kuzatuvchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, musaffo osmon uzra shou koʻrsatgan harbiy aviatsiya hamda havo desantchilarining parashyut bilan sakrash mashqlari yurtdoshlarimizga oʻzgacha zavq ulashdi.
Shu bilan jamoalar “Tank biatloni” musobaqasiga kirishdi. Shiddatli bahslarga boy boʻlgan bellashuv yakuniga koʻra, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti vakillari ikkinchi oʻringa sazovor boʻlgan boʻlsa, birinchi va uchinchi oʻrinlarga Markaziy harbiy okrug jamoalari ega chiqib, mutlaq gʻolib boʻldi.
Gʻoliblarga Mudofaa vaziri tomonidan medal, diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Shuningdek, “Chirchiq” dala-oʻquv maydonida “Jangovar mashinalar biatloni”, “Armiya biatloni”, “Oʻq otish sporti” va “Tosh koʻtarish” musobaqalari boʻlib oʻtadi.
Eslatib oʻtamiz, musobaqalar shu yilning 22-avgustiga qadar Toshkent harbiy okrugi “Chirchiq” dala-oʻquv maydoni va Markaziy harbiy okrugning «Sazagan» hamda “Kattaqoʻrgʻon” poligonlarida davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring