El boʻlmagan ellarga oʻyinchoq boʻladi — A.Qodirov
Demokratiya — xalq irodasi. Xalq qarori deyarli doimo ikkiga boʻlingan, koʻpchilik va ozchilik. Koʻpchilikning qarori hurmat qilinishi demokratiyaning ajralmas sharti. Bugun qaynab turgan ikkita voqea bor, har ikkisida ozchilik norozi.
Birinchisi, Belorusiya. Ozchilik, saylovni soxtalashtirilgan degan xulosaga keldi va taxminan 10-15 foiz aholining faol eʼtirozi bilan saylov qayta oʻtkazilishi talab qilinmoqda. Koʻpchilik bu eʼtirozni rad etyapti. Sizni bilmadimu, men saylovni soxtalashtirilganligini koʻrsatadigan bironta joʻyali isbot koʻrmadim (hokimiyatda bir shaxsning uzoq vaqt boʻlishiga eʼtiroz - boshqa mavzu). Lekin, ozchilikni oʻz manfaati uchun oʻynatayotgan tomonlar yuzlarini yashirmayaptilar...
Ikkinchisi, Qirgʻiziston. Ozchilik saylov natijasidan norozi boʻldi, buzgʻunchi toʻdaga aylandi va koʻpchilikni oyoqosti qilib saylovni qaytadan oʻtkazishni talab qildi. Saylov komissiyasi halol saylovchilarning qarorini behurmat qilib, natijalarni bekor qildi, qayta saylovga rozi boʻldi. Ikki haftadan keyin qaytadan saylovlar kuni belgilanadi. Keyingi saylov natijalarini ham bekor qilishni talab qiladigan yana biron toʻda chiqmaydi deb kim kafolat beradi!? Eʼtibor bering, Qirgʻizistonda elektronlashgan, hatto koʻplab rivojlangan davlatlarda ham boʻlmagan ovoz berish tizimi bor. Takror saylovlarda, zoʻravonlardan qoʻrqib ketgan saylovchilar fikrini oʻzgartirarmikan?
Bu nima? Demokratiyaning inqirozimi? Saylovlar koʻpchilik va ozchilikni aniqlab olish emas, ularni bir-biri bilan toʻqnashuvimi? Ozchilik doimo rozi boʻlmagan. Yutqazgan kam hollarda aybni oʻzidan izlaydi. Doim shubhalar uchun sharpalar boʻlgan. Shubhalar asosli ham boʻlishi mumkin, bunday holat uchun huquqni himoya qilishning tan olingan tizimi bor-ku? Yoki, yangi qurol oʻylab topildimi? Ozchilikni toʻdaga aylantirib maqsadlarga xizmat qildirish...
Boshqa narsa boʻlishi ham mumkin. Inson betarbiya boʻlib ketdi. Oʻz manfaatidan boshqasini rad etadigan jamoalar turli shakllarda kuchayib bormoqda — shaxslar, guruhlar, davlatlar... Menga yoki guruhimga yoqmagan har qanday qaror adolatsiz, notoʻgʻri, yomon! Bunday egotsentristik dunyoqarash ongostiga joylashib qolgan shaxs va jamoalarning jamiyatlar, hatto dunyo xotirjamligiga tahdidi jiddiy darajaga chiqdi.
Xulosa qilaylik, farzandlarimizni toʻgʻri tarbiya qilaylik. Gohida nohaq boʻlishimiz yoki odamlarni haqligimizga ishontira olmasligimiz mumkin. Har ikki holatda ham oʻzimizni isloh qilishimiz kerak. Birinchi holatda oʻzimizni, ikkinchi holatda odamlarni oʻzgartirish uchun izlanish va ishlash kerak.
El boʻlmagan ellarga oʻyinchoq boʻladi.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi Markaziy kengashi raisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring