Eksportchi hunarmandlar
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Ayol — ijodkor! U oilada mohir pazanda, bolalariga mehribon ona, qoʻli gul hunarmand hamdir. Kashta tikish, toʻqish, koʻrpa qavish kabi koʻplab hunarlarni bolaligidan oʻrgangan. Chunki ayol kishi butun oila kiyim-kechagi, bolalarning tarbiyasiga doim masʼul. Roʻzgʻor yumushlaridan ortib chevarlikda mohir opa-singillarimiz tikkan oʻzbekona koʻrpa-toʻshaklar xaridorgir boʻlib bormoqda.
Andijon tumanidagi Zavroq mahallasining “Shohi zinda” koʻchasida yashovchi hunarmandlar oʻzlari qavigan mahsulotlarni eksport qilmoqda. Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston davlatlari qatorida Rossiyalik xaridorlar ham milliy toʻshaklarimizni sotib olishlari eʼtiborli.
— Mahallamizda koʻrpa-toʻshak tikishni hamma biladi, ammo uni sotish mumkinligi haqida hech kim oʻylamagan, — deydi hunarmand Feruzaxon Hayitova. — Bundan 25-yil oldin xayolimga shu fikr keldi-yu, urinib koʻrishga qaror qildim. Uyimga opamni taklif qilib, ikkalamiz koʻrpa-toʻshak qavidik. Uni sotish uchun bozorga olib bormadik. Shundoqqina koʻchamizga olib chiqib, yoʻl yoqasidagi simga ilib qoʻydik. Mahallamiz “Toshkent-Oʻsh” magistral yoʻlida joylashganligi bizga qoʻl keldi. Mahsulotimizga bir kunda minglab yoʻlovchilarning koʻzi tusha boshladi. Bir-ikki haftadan keyin xaridorlar paydo boʻldi. Qarabsizki, qoʻlimiz-qoʻlimizga tegmay qoldi. Natijada qoʻshnilarni yordamga chaqirdik. Tez orada buyurtmalar ola boshladik. Shu tariqa uyda oʻtirgan ishsiz xotin-qizlar binoyidek daromad topishga kirishdik. Buni koʻrgan qoʻshnilarimiz oʻrnak olib, shu hunarni oʻzlashtira boshladi. Bugungi kunda mahallamizni “Koʻrpachilar mahallasi” deyishadi. Ellikdan ortiq xoʻjalik aynan shu ish bilan shugʻullanadi. Toʻshaklarimiz 120 ming soʻmdan 300 ming soʻmgacha baholanadi. Xaridorlar uyimizdan olib ketishadi. Ichki bozordan ortinib qoʻshni davlatlarga ham eksport qilamiz. Shaxsan oʻzim bir oyda bir marta Rossiyaga mahsulot yuboraman.

Feruzaxon boshlab bergan xayrli ish tezda quloch yoydi. Ortda qolgan yillar ularning tajribasini oshirib, oila daromadini mustahkamladi. Oʻz xonadonlarida mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan koʻpgina opa-singillarimiz hali bozor koʻrmagan. Har bir hunarmand uyining roʻparasiga savdo doʻkonlari tashkil etilgan. Mehnat jarayoni, savdo munosabatlari bir paytda davom etaveradi. Ish shu qadar taraqqiy topdiki, endilikda hunarmandlar kasanachilik asosida ishlashiga toʻgʻri kelmoqda. Hatto qoʻshni mahallada yashovchi ayollar ham hunarmandlardan xom ashyoni olib ketib, uyida mahsulot tayyorlashni odat qilgan. Shu tariqa har bir xonadon egalari oʻrtacha 15-20 nafar xotin-qizlarni doimiy daromad manbaiga ega qilgan.
— Koʻrpa-toʻshak qavishni onamdan oʻrganganman, — deydi Muqaddasxon Xojimatova. — Bugungi kunda oʻzim ham binoyidek ustaga aylandim. Nafaqat viloyatimizda, balki, respublikamizning turli hududlarida shogirdlarim bor. Masalan, yaqinda Navoiy viloyatining Karmana tumaniga borib, 20 nafar uy bekalariga hunarimiz sir-asrorini oʻrgatdim. Ayni paytda ular yakka tadbirkor sifatida mustaqil ish yuritmoqda.
Uyda oʻtirgan ayollar boshlab bergan faoliyat turi nafaqat, oʻzlarini balki, oiladagi barchani harakatga solib qoʻydi. Masalan, Nizomiddin Ahmadaliyev tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Shu bilan birga, turmush oʻrtogʻi Naziraxon Asrlonovaning hunarmandchilik ishlariga ham koʻmaklashadi.

— Uyimizdan ikkita xonani koʻrpa-toʻshak qavish uchun ajratganmiz, — deydi tadbirkor N. Ahmadaliyev. — Ayolim boshchiligidagi 15 nafar qoʻshnilarimiz toʻplanishib mahsulot tayyorlashadi. Men ularga tashkilotchi sifatida yordam beraman. Xom ashyo olib kelaman, buyurtma qabul qilaman. Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston va Rossiya davlatlariga mahsulot chiqaraman. Joriy yilda 50 million soʻmlik eksport tashkil etdik.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bitta xonadonda bir kunda oʻrtacha 200 tagacha mahsulot tayyorlanadi. Mahalla koʻlamida hisoblasak bu koʻrsatkich bir milliondan ziyodni tashkil etadi. Hunarmandlar bir oyda 10-15 million soʻm daromad topayotgan boʻlsalar, kasanachilarning oylik ish haqi 2,5-3 million soʻmdan iborat. Eng muhimi, mahalladagi salkam 300 nafar xotin-qizlar shu yoʻnalishda daromad manbaiga ega. Bu uyda oʻtirgan ishsiz ayollarning aql-u zakovati bilan yuzaga kelgan saʼy-harakat natijasidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring