Ekologik xavf: Toshkentdagi vaziyat mamlakat miqyosida chora koʻrishni talab etmoqda

11:40 26 Noyabr 2025 Jamiyat
234 0

Soʻnggi kunlarda Toshkent shahrida havo sifati pasayib, ekologik vaziyatning keskinlashishi jiddiy ogohlantiruv sifatida baholanmoqda. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan muhim farmon imzolangani tezkor choralar koʻrish zarurligini yana bir bor koʻrsatdi.

Farmonda Toshkentda havoning keskin ifloslanayotgani, bu holat aholi salomatligiga xavf tugʻdirayotgani ochiq bayon etildi. Havoda chang va zararli moddalar koʻpayishi, qurilish ishlarining jadal kechayotgani, yogʻingarchilikning kamayishi kabi omillarga qarshi kechiktirilmas chora-tadbirlar belgilab berildi.

Bu hujjat faqat poytaxt emas, balki butun mamlakat uchun muhim ogohlantiruv mezoni sifatida qabul qilinmoqda. Chunki ekologik muammolar ayrim hududlar bilan cheklanib qolmayapti — jarayon respublikaning bir qator viloyatlarida, jumladan Surxondaryoda ham sezilmoqda.

Surxondaryo viloyatida kuz mavsumining quruq kelishi, qurilish ishlarining koʻpayishi va tabiiy havo oqimlarining oʻzgarishi changlanish darajasini oshirgan. Shu bois hududda amaliy choralar kuchaytirildi. Yoʻllarga maxsus texnikalar orqali muntazam suv sepilmoqda, daraxtlar yuvilmoqda va yashil hududlar sugʻorilmoqda. Bu tadbirlar chang koʻtarilishini kamaytirishda eng samarali usullardan biri hisoblanadi.

Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi, ichki ishlar va Milliy gvardiya viloyat boshqarmalari hamkorligida Termiz shahrida profilaktik reydlar oʻtkazilmoqda. Reydlar davomida oshxona, restoran, kafe, qurilish maydonlari va sanoat korxonalarining faoliyati oʻrganilmoqda.

— Muassasalarda changlanishdan himoya vositalari, filtrlar, dud chiqarish tizimlari va sanitariya holati tekshirilmoqda, — deydi boshqarmaning maʼmuriy amaliyot boʻyicha bosh mutaxassisi Ixtiyor Ergashev. — Tadbirkorlarga filtrlarni samarali ishlatish, chiqindi gazlar va changning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda. Talablarga rioya etmagan korxonalarga ogohlantiruvlar berilib, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish topshirilmoqda.

Prezident farmoni asosan Toshkentdagi vaziyatga qaratilgan boʻlsa-da, mamlakatning barcha hududlari bu ogohlantiruvdan toʻgʻri xulosa chiqarishi zarur. Chunki ekologik muammo hudud tanlamaydi. Surxondaryoda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa bu masalaga masʼuliyat bilan yondashish hayotiy ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Havo — umumiy neʼmat. Uni asrash esa har bir korxona, har bir rahbar va har bir fuqaroning umumiy burchidir. Bugun koʻrilgan gʻamxoʻrlik ertangi sogʻlom hayotning poydevorini yaratadi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер