Ekilgani emas, ungani hisob
Daraxtlar — insonlar yashashi va sogʻlom hayot uchun zarur boʻlgan asosiy kislorod manbai. Ular nafaqat tabiatni bezatadi, balki atrof-muhitni toza ushlab turishda, havodagi zararli moddalarni kamaytirishda muhim rol oʻynaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand viloyatida ham kuzgi koʻchat ekish tadbirlari keng miqyosda olib borilmoqda.

Oʻtgan yillar tajribasidan maʼlumki, asosan bahorda ekilgan koʻchatlar yetarli eʼtibor va parvarishsiz qolishi, yozning issiq va quruq kelishi sabab koʻchatlar koʻpincha qurib ketgan. Joriy yilda esa koʻchatlar yerning unumdorligi eʼtiborga olingan holda ekilmoqda. Ekilgan koʻchatlar agrotexnik qoidalar asosida parvarishlanadi, sugʻorish tizimlari yaratiladi va barchasi yagona bazaga kiritiladi. Bogʻ maydonlarida maxsus “Bogʻbon” shtat birligi ham tashkil etilgan. Ular koʻchatlarni parvarish qilishni taʼminlaydi.

Bu yil Samarqandda 27 turdagi iqlim sharoitiga mos 10 million 208 ming tup mevali, manzarali va butasimon koʻchat ekilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 10 ta oʻrmon xoʻjaligi va xususiy sektorlar tomonidan joriy yilning kuz mavsumi uchun 14 million tup koʻchat zaxirasini tayyorladi. Koʻchatlar asosan boʻsh yer maydonlari, qishloq xoʻjaligi ekinlari chetlari hamda avtomobil yoʻllari boʻyiga “Yashil belbogʻ” tarzida ekilmoqda. Sugʻorish tizimlari, yerning unumdorligi va agrotexnik chora-tadbirlarga alohida ahamiyat berilmoqda. “Yashil makon” loyihasi doirasida 32 ta sugʻorish qudugʻi va 64 kilometr masofada sugʻorish tarmoqlari yaratilmoqda.

— Koʻchatlarni ekishda ota-bobolarimiz usullaridan foydalanyapmiz, — deydi ishtixonlik Jamol Mavlanov. — Shu yildan boshlab mevali daraxtlarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mevali koʻchatlar agrotexnik qoidalarga muvofiq ekilmoqda. Yaratilayotgan bogʻlarga maxsus bogʻbonlar biriktirilmoqda. Yer maydoni esa maʼlum muddatga ijaraga beriladi. Koʻchat hosilga kirguncha bogʻbonlar bogʻ qator oralarida meva va sabzavot yetishtirib, daromad olish imkoniga ega boʻladi.

Hozirda viloyatning barcha tumanlarida keng qamrovli koʻchat ekish aksiyalari olib borilmoqda. Urgut tumanida, masalan, Buloqboshi mahallasida 4000 tupga yaqin mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilib, sugʻorish tizimi yaratildi. Chunki ekilgani emas, ungani hisob. Past Dargʻom tumanida Uchtepa mahallasida esa 5000 tup mevali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.

— Bu yer katta yoʻl boʻyida joylashgani uchun ekildi, — deydi Past Dargʻom tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshligʻi Furqat Joʻrayev. — Yoʻlda texnikalar harakati koʻpligi sababli havoga chiqadigan gazlar inson hayotiga salbiy taʼsir qilmasligi uchun yashil maydon yaratish maqsad qilingan.

Viloyatda atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan sanoat korxonalari va chiqindi poligonlari atrofida ham kuz mavsumida keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Jami 194 ming tup daraxt va 12 ta chiqindi poligonlari atrofida 15 ming tup manzarali daraxt koʻchatlari ekilib, “Yashil belbogʻ”lar barpo etiladi. Barcha shahar va tuman hokimliklari tomonidan 16 ta “Hokimlik bogʻi” va soyali sayilgoh koʻchalar tashkil qilinadi. Bu tashabbus nafaqat tabiatni asrab-avaylash, balki hududlarning ekologik holatini yaxshilash va aholiga sogʻlom, qulay yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi. “Yashil makon” loyihasi asosidagi ishlar barcha tuman va mahallalar, xonadonlar, tashkilot va fermer xoʻjaliklari maydonlarida izchil davom ettirilmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring