DXX 35 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi toʻxtatildi

11:02 05 Noyabr 2021 Jamiyat
1325 0

Xususan, Jizzax viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Turkiston oblastining Maxtaaral rayonida istiqomat qiluvchi, 1976-y.t. qoʻshni davlat fuqarosi va Zomin tumanida yashovchi, 1989-y.t. mahalliy fuqaro 3 kg 880 gr. “opiy” moddasini 32 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda esa 1984-yil Qirgʻizistonda tugʻilgan, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi hamda 1963 va 1968-yillarda tugʻilgan ikki nafar Qirgʻiziston Respublikasi fuqarosi 9 kg 612 gr. “gashish” moddasi bilan, shuningdek, 1983-y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi 1 kg 784 gr. “opiy” va 3 kg 765 gr. “gashish” moddalari bilan ushlandi.

Samarqand viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa muqaddam giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1984-y.t. mahalliy fuqaro 10 kg 300 gr. “opiy” moddasi bilan qoʻlga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda muqaddam giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1992-y.t. fuqaro oʻzining “Neksiya-3” rusumli avtomashinasida Qoʻqon shahriga ketayotgan vaqtida Ohangaron tumanidagi “Chinor” yoʻl patrul xizmati maskanida toʻxtatildi.

Lekin, u YPX xodimlari talablariga boʻysunmasdan qochishga uringanida, sunʼiy toʻsiq yaratilib, qonunbuzar ushlandi.

Avtomashina koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 4 kg 902 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbirda esa Toshkent shahri tomon harakatlangan “Cobalt” rusumli avtomashina yoʻl harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda, Boʻston tumanidagi yoʻl patrul xizmati maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

Tekshiruv davomida mashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan Oltinkoʻl tumanida yashovchi, 1977-y.t., muqaddam sudlangan shaxsning yonida 961 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Dastlabki surishtiruv jarayonlarida u mazkur narkotikni Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1974-y.t. Qirgʻiziston Respublikasi fuqarosidan olganligi maʼlum boʻlib, ushbu shaxs ham qoʻlga olindi. Shuningdek, uning yashash manzilida 240 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Taʼkidlash lozimki, oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida musodara qilingan jami 17 kg 165 gr. “opiy” va 18 kg 279 gr. “gashish” giyohvand moddalari Tojikiston va Qirgʻiziston Respublikalaridan kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер