Dilorom Yoʻldosheva “Dunyoning 100 nafar ayoli” roʻyxatiga kiritildi

15:25 03 Dekabr 2024 Jamiyat
344 0

Buyuk Britaniyaning BBC nashri 2024-yil uchun dunyo boʻylab ilhomlantiruvchi va nufuzli ayollar roʻyxatini eʼlon qildi. Roʻyxatda Nobel mukofoti sovrindori, aktrisa, sportchi, jurnalist va boshqa faollar qatorida oʻzbekistonlik ayol Dilorom Yoʻldosheva ham bor.

“Dunyoning 100 nafar ayoli” loyihasiga butun dunyo boʻylab ayollar duch kelayotgan barcha qiyinchiliklarga, muammolarga qaramasdan, rahbarlik vazifasini olib, jamiyatdagi ijobiy oʻzgarishlar uchun kurashishni davom ettirayotgan ayollar orasidan eng yaxshilari tanlab olinadi.

Ikki yil muqaddam Dilorom Yoʻldosheva oʻrim-yigʻim paytida baxtsiz hodisa oqibatida ikkala oyogʻini yoʻqotgan. Hamyurtimiz shunday holatda ham tushkunlikka, umidsizlikka tushmasdan oʻzining tikuvchilik biznesini ochib tadbirkorlik qila boshladi. Ishchilar va maktab oʻquvchilari uchun kiyim tikish boʻyicha koʻplab shartnomalar tuzib, oʻnlab boshqa ayollarni daromad bilan taʼminladi.

“U tadbirkorlik va resurslarni boshqarish asoslarini oʻrgandi va 40 dan ortiq shogirdlar tayyorlashni davom ettirdi. Bir necha oy ichida uning kompaniyasi sezilarli darajada oʻsdi, bepul ustaxonalar ochdi va ishchilar va maktab oʻquvchilari uchun kiyim-kechak ishlab chiqarish boʻyicha shartnomalar tuzdi”, deyiladi BBC xabarda.

Adliya vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Dilorom Yoʻldosheva Adliya vazirligi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan “Madad” ijtimoiy-huquqiy loyihasining ilk ishtirokchisi boʻlgan. U loyiha doirasida suratga olingan “Matonat” filmining bosh qahramoni hamdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?