Davlat xizmatchilarining yagona odob-axloq qoidalari ishlab chiqildi

21:11 10 Dekabr 2021 Jamiyat
4888 0

Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Odob-axloq kodeksi loyihasi 6 ta bob va 53 ta moddadan iborat. Unda davlat xizmatchilarining oʻzlari, turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish, manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar berish majburiyatlari belgilanmoqda. Shuningdek, loyiha ish jarayonidagi mehmondoʻstlik belgilari, sovgʻalar, mahalliychilik, xodimni taʼqib qilish, tanish-bilishchilik, favoritizm kabi tushunchalarni ham qamrab olgan.

Kodeksda birinchi bor davlat xizmatchisi tushunchasiga taʼrif berilmoqda. Kodeks bilan davlat xizmati uch turga boʻlinmoqda: davlat siyosiy xizmati, davlat fuqarolik xizmati, davlat maxsus xizmati.

Loyihada quyidagi muhim masalalar qamrab olingan:

— davlat xizmatchisi faoliyatiga qoʻyiladigan cheklovlar;

— siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalariga aʼzo boʻlish tartibi;

— davlat xizmatchisining tadbirkorlik bilan shugʻullanishiga, oʻz mansab vakolatini suiisteʼmol qilishiga taqiq;

— rahbar xodimlarning odob-axloq majburiyatlari;

— xizmatdan tashqarida boʻlgan odob-axloq normalari;

— tashqi koʻrinishiga oid talablar;

— chet el va hududiy xizmat safarlarida oʻzini tutishi;

— kasbiy faoliyat davomida oʻziga maʼlum boʻlgan axborot va shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash;

— davlat xizmatchisining OAV bilan munosabati;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etgan davlat xizmatchilarini lavozimdan chetlashtirish va boshqalar.

Xususan, ish vaqtidan tashqarida davlat xizmatchisi umum eʼtirof etilgan odob-axloq normalariga amal qilishi, gʻayriijtimoiy harakatlar sodir etmasligi, tegishli xizmatlarni qabul qilishda oʻzining mansab mavqeidan foydalanmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat tashkilotida siyosiy partiyalar va diniy tashkilotlarning tashkiliy tuzilmalari tashkil etilishiga hamda faoliyat yuritilishiga yoʻl qoʻyilmasligi qayd etilgan.

Davlat xizmatchilarining internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari ham tartibga solinmoqda:

«Davlat xizmatchilari Internet butunjahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlardan shaxsiy maqsadlarda foydalanish huquqiga ega. Biroq, davlat tashkilotlarining nufuziga yoki boshqa shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatiga zarar yetkazuvchi maʼlumotlarni tarqatmasligi kerak».

Odob-axloq qoidalarini buzgan davlat xizmatchilari qilmishining ogʻir-yengilligiga qarab intizomiy va qonunchilikda belgilangan boshqa javobgarlikka tortiladi.

Mazkur odob-axloq qoidalari Adliya vazirligi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan davlat dasturining 2-bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqildi. Bunda xorijiy davlatlarning (AQSH, Bolgariya, Argentina, Moldova, Rossiya, Qozogʻiston) tajribasi oʻrganildi. Hujjat bilan barcha davlat xizmatchilari uchun majburiy boʻlgan odob-axloq qoidalarining yagona standarti joriy qilinmoqda. Loyiha qabul qilinsa, barcha davlat tashkilotlaridagi ichki odob-axloq qoidalari mazkur hujjat asosida qayta ishlab chiqiladi hamda jamoatchilik uchun ochiqligi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер