“Darband” postidagi tarozi Surxondaryo viloyat hokimining qarindoshiga tegishli ekani rad etildi
Illyustrativ foto
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida, M–39 xalqaro avtomobil yoʻlining 1326-kilometrida joylashgan “Darband” muntazam yoʻl-patrul postidagi yuk avtomobillari ogʻirligini oʻlchash uchun oʻrnatilgan tarozi Surxondaryo viloyati hokimining qarindoshiga tegishli ekani haqidagi xabarlar tarqaldi. Viloyat hokimligi mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “Darband” postida oʻrnatilgan “Tenso M VA–20P” rusumli yuk tarozisi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi [PQ–330-son] qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi 342-son qaroriga muvofiq, Boysun tumani Yoʻllardan foydalanish korxonasi davlat muassasasining texnik uskunasi hisoblanadi.
“Yaʼni, mazkur tarozi xususiy shaxsga emas, balki davlat korxonasiga tegishli boʻlib, u viloyat hokimining qarindoshiga aloqador ekani haqidagi maʼlumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, “Darband” postidagi yuk ogʻirligini oʻlchash tizimi — yoʻl infratuzilmasini saqlash, avtotransport vositalari harakati xavfsizligini taʼminlash hamda ortiqcha yuk tashish holatlarining oldini olish maqsadida yuqoridagi meʼyoriy hujjatlar asosida oʻrnatilgan.
Hozirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi “Darband” postidagi nazorat jarayonlarini 24/7 rejimida kuzatuv va tahlil ostiga olgan.
Olib borilgan tekshiruvlar natijasiga koʻra, ayrim ogʻir yuk mashinalari ogʻirlik nazoratidan qochish maqsadida post yaqinida sunʼiy tirbandlik hosil qilgan. Yaʼni, ikki yoʻnalish boʻyicha 30–40 tadan ortiq yuk avtomobili yoʻl chetida toʻxtab turgan holda harakatni toʻsib qoʻygan. Ularga belgilangan tartibda nazoratdan oʻtish va harakatni davom ettirish taklif etilgan boʻlsada, ayrim haydovchilar buni rad etib, tirbandlikni sunʼiy ravishda kuchaytirishda davom etmoqda.
Hokimlik xabarida taʼkidlanishicha, meʼyordagi yuk bilan harakatlanayotgan transport vositalari belgilangan tartibda vazn nazoratidan toʻsiqsiz oʻtmoqda. Ularning harakatida hech qanday muammo kuzatilmayapti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 5 yilda 103 foizga oshdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring