Bundan 58 yil muqaddam qurilgan oʻyingoh zamonaviy qiyofa kasb etdi

15:30 03 Iyun 2025 Jamiyat
160 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Kogon shahridagi “Lokomotiv” oʻyingohi 1967-yilda barpo etilgan. Vaqt oʻtishi bilan u zamonaviy talablarga javob bermay qoʻydi. Taʼmirtalab holga tushdi. Vaholanki, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi, sportning u yoki bu turi bilan professional darajada shugʻullanish uchun bu inshoot juda kerak.

Ana shuni hisobga olgan Buxoro viloyati hokimligi bu yerdagi eski binolarni demontaj qilish va ular oʻrniga yangi, zamonaviy qulayliklarga ega inshoot barpo etish fikriga keldi. Dastlabki bosqich uchun ajratilgan 3,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ shu maqsadga yoʻnaltirildi. Natijaga 3,5 ming tomoshabin oʻrniga moʻljallangan ikki qavatli tribuna qad rostladi. Maydon holati yaxshilandi. Infratuzilma oʻzgardi. Bir soʻz bilan aytganda, “qariya” oʻyingoh chinakamiga yoshardi.

— Kogon shahri sport sohasida boy anʼanalarga ega, — deydi mehnat faxriysi I. Hojiyev. — Oʻz vaqtida bu goʻshadan boks boʻyicha toʻrt karra Oʻzbekiston chempioni, 1996-yilgi Atlanta olimpiadasi qatnashchisi, 1994-yilgi jahon kubogi sohibi Narimon Otayev, jahon va olimpiada chempioni Shahobiddin Zoirov singari sportchilar yetishib chiqqan. Kogonlik futzalchilar jamoasi nomi ham mamlakatimiz sport muxlislariga yaxshi tanish. Shu nuqtayi nazardan “Lokomotiv” oʻyingohining tubdan rekonstruksiya qilingani shahrimiz aholisi, ayniqsa, sportsevar yoshlarni behad xursand qildi.

Oʻyingohning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda sportchi oʻgʻil-qizlar oʻz mahoratini namoyish etdi. Tadbir dasturidan oʻrin olgan kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер