Buxoroda Respublika bolalar kutubxonasining pop-ap oʻquv xonasi faoliyat koʻrsatmoqda
Koʻhna Buxoroda Respublika bolalar kutubxonasining pop-ap oʻquv zali oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Sanʼat biyennalesi tadbirlari doirasidagi bu loyiha yaqin-yaqingacha eshigiga qulf osigʻlik turgan, taʼmirtalab ahvolda yotgan sobiq Pochchoquli Xoʻja masjidida amalga oshirildi.
XIX asrda bunyod etilgan tarixiy obidada dastavval usta-meʼmorlar tomonidan taʼmirlash yumushlari bajarildi. Natijada yana bir meʼmoriy yodgorlikka ikkinchi umr bagʻishlandi. Oʻquv zaliga kelsak, undagi javonlardan ikki mingtadan ziyod oʻzbek, ingliz, rus tillaridagi adabiyotlar oʻrin olgan. Ular orasida milliy sanʼatimizga oid albomlar, qomusiy kitoblar, shuningdek, bolalarbop asarlarni koʻrish mumkin. Shinam va yorugʻ zalda oilaviy tarzda kitob mutolaasi bilan shugʻullanish yoki kompyuterda ishlash uchun zarur qulayliklar yaratilgan. Soha mutaxassisi tili bilan aytganda, bu ziyo maskanida mutolaa quvonchli lahzalarga, olingan bilim esa boʻlgʻusi kashfiyotlarga yetaklaydi.
Mahalliy fuqarolar uchun ham, xorijiy mehmonlar uchun ham eshigi ochiq ziyo maskanida dam olish kunlarida mahorat saboqlari, maroqli uchrashuvlar tashkil etilyapti. Aholi gavjum goʻshada, qolaversa, yon-atrofdagi uchta umumtaʼlim maktabi yaqinida joylashgani kitobxonlarga ham maʼqul tushmoqda. Ushbu ziyo maskani 20-noyabrgacha faoliyat yuritadi.
Istam IBROHIMOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring