Buxoroda oliy oʻquv yurtiga kirish uchun test sinovlari boshlandi

15:22 01 Avgust 2023 Jamiyat
643 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro shahrida yashovchi mehnat faxriysi Xushvaqt Atayevani 1-avgust kuni ertalab Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyat boʻlimi binosida uchratib qoldik.

— Bir umr yoshlar taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullandim,— deydi u.— Oʻqimishli, bilimli shogirdlarimning oliy maʼlumot egasi boʻlib, hayotdan oʻz oʻrinlarini topib ketishgani, el-yurt nazariga tushishganiga oid koʻplab misollar keltirishim mumkin. Tajribamdan kelib chiqib, farzandlarimni ham oʻqitdim. Yetti nafar nevaram bor. Toʻngʻich nevaralarim Maftuna va Marjona ham izimizdan borish niyatida. Biri oliy oʻquv yurtida tahsil olib, huquqshunos boʻlmoqchi, ikkinchisi esa tibbiyot institutida oʻqish maqsadini oʻz oldiga qoʻygan. Bugun Maftuna test sinovlarini topshiryapti. Juda hayajondaman. Test sinovlari shaffof oʻtayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Biz, ota-onalar uchun bu zamonaviy binoda maxsus joy hozirlangan. Shu yerda turib monitor orqali test sinovlari jarayonini onlayn tarzda kuzatib boryapmiz.

Xushvaqt opaning agentlik viloyat boʻlimi binosini zamonaviy deganicha bor. Bundan chamasi toʻrt yilcha muqaddam viloyat markazida bir smenada 1100 nafar abituriyentni sinovdan oʻtkazish imkoniyatiga ega zamonaviy majmua qurilib foydalanishga topshirilgan edi. Majmua abituriyentlarni tekshirib kiritishga moʻljallangan bino, 1100 oʻrinli pavilyon, tibbiyot xonasi, 48 oʻrinli oshxona, 6 ta kompyuter sinf xonasi, 2 ta dam olish hamda boʻlim xodimlari xonalaridan iborat. Bino ichida 28 ta statsionar kuzatuv kamerasi, shaxsni identifikatsiya qilish kamerasi oʻrnatilgan. Videokuzatuv xonasidagi yirik ekranli teleekranlar test sinovlari jarayonini uzluksiz kuzatib borish imkonini beradi. Majmuada 600 oʻringa moʻljallangan ota-onalar kutish joyi ham barpo etilgan.

— Koʻrib turganingizdek, davlat test sinovlarining shaffof, mavjud talablar asosida oʻtishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, — deydi Bilim va malakalarni baholash agentligining masʼul xodimi Javlonbek Nurmatov. — Qulayliklar haqida koʻp toʻxtalish mumkin. Masalan, abituriyent shu yerning oʻzida turib, respublikaning istalgan hududidagi oliy oʻquv yurtiga kirish uchun test sinovlarini topshirishi mumkin. Hisob-kitoblarga koʻra, davlat oliy oʻquv yurtlarida tahsil olish niyatida boʻlgan 49 ming nafardan ziyod buxorolik abituriyent test sinovlaridan oʻtadi.

Aytish joizki, viloyatdagi davlat oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish tobora nufuzli boʻlib bormoqda. Bu mazkur bilim dargohlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanayotgani, qolaversa, taʼlim sifati oshayotgani bilan bogʻliq. Shu oʻrinda bir misol. Joriy yilda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining zamonaviy majmua barpo etilib foydalanishga topshirildi. Majmua olti qavatli oʻquv hamda toʻrt qavatli yotoqxona, simulyatsiya markazi, poliklinika, sport zali, oshxona va boshqa inshootlardan iborat. Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan simulyatsiya markazining oʻziga 11 milliard soʻm mablagʻ sarflangani ham koʻp narsani anglatadi, albatta. Umuman, ushbu yirik loyihani roʻyobga chiqarish uchun salkam 220 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Ayni damda bu yerda sakkiz ming nafardan ziyod talaba zamonaviy tibbiyot sir-asrorlarini oʻrganmoqda.

Buxoroda oʻtayotgan davlat test sinovlariga kelsak, ular ikki smenada 12 kun davom etishi kutilyapti.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?