Buxoro amirligi xazinasi qanday yuzaga kelgan?

17:31 04 Iyun 2025 Jamiyat
357 0

Buxoro amirligining xazinasi bilan bogʻliq mavzu koʻp yillardan buyon jamoatchilikni qiziqtirib kelmoqda. Tabiiyki, bu xazina oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan emas. Uning manbaviy asoslari XVI asrga borib taqaladi. Bilasiz, shayboniy hukmdorlardan Ubaydullaxon davrida (1533–1539-yillar) davlat yaʼni Buxoro xonligi poytaxti Samarqanddan Buxoroga koʻchgan. Buxoro amirligi xazinasi deyilganida XVI-XX asrlar davomida xonlar va amirlar tomonidan toʻplangan boylik nazarda tutiladi.

Ayniqsa, 40-yil hukmdor boʻlgan shayboniy Abdullaxon II davrida Buxoroda katta xazina yuzaga keldi. Bunga uning pul islohoti sabab boʻldi. Hukmdor oltin pul zarb etib, uning tarkibiga qiymati past hisoblangan boshqa maʼdanlarning aralashtirilmasligini qattiq nazorat ostiga oldi. Oltin pullarning xonlik butun hududida muomalaga kiritilishi hokimiyatning yanada markazlashuviga, xazinaning boyishiga, savdo-sotiqning rivojlanishiga olib keldi. Undan keyin oʻtgan xonlardan biri Ubaydullaxon II (1702–1711) mamlakatda pul islohoti oʻtkazib, bitta oltin tangaga toʻrtta mis tangani tenglashtirdi. Xazinaning miqdori, unga qoʻshib turilgan yangi buyumlar haqidagi maʼlumot faqat hukmdor va xazinabonga maʼlum. Amirlik xazinasi labirint yoʻlli yertoʻlalarda saqlangan. Hatto qoʻriqchilar ham nimani qoʻriqlayotganidan xabarsiz boʻlgan.

Soʻnggi ashtarxoniy hukmdor Abulfayzxon (1711–1747-yillar) hukmdorligi davrida Qizilqum choʻllaridan oltin konlari topildi. Ular barchadan sir tutildi. Konlarda oʻzga oʻlkalardan sotib olib keltirilgan qullar ishlatildi. Ular orasida harbiy toʻqnashuvlarda asirga olinganlar ham bor edi. Qazib olingan oltin tuyalarda yashirin tarzda Buxoroga keltirilar, tashib kelgan 40 kishining 39 nafari yoʻqotilardi. Faqat bir kishinigina hayoti saqlab qolinardi. U yoʻlni koʻrsatuvchi vazifasini oʻtardi. Oltindan “ashrafiy” tilla tanga zarb etilardi. Manbalarda keltirilishicha, sifati yuqori bitta tilla tangaga 30 tanob yer sotib olish mumkin edi. Bu taxminan 2,5 gektar maydon deganidir.

Keyinchalik amirlikning Amudaryo, Panj, Vaxsh, Qizilsuv, Koʻchatdaryo, Yaxsuv degan hududlaridan ham oltin konlari topilgan.

Amir Shohmurod ham sof oltin va kumush tangalar zabt etganini “Maktuboti Amir Haydar” qoʻlyozma asari orqali bilib olishimiz mumkin. Uning oltin tangalari old qismiga “Rahmat bod bar masʼum Gʻoziy” yaʼni Maʼsum Gʻoziyga (Shohmurodga) rahmatlar boʻlsin» deb yozilgan. Orqa qismida “Zarbi Buxoroi sharif” (“Buxoroi sharifda zarb qilingan) degan soʻzlarni oʻqish mumkin. Har ikki tomoniga zarb qilingan sana qayd etilgan. Shu bilan bir qatorda, ayrim tangalarda sana boʻlgan holda hukmdor ism-sharifi yozilmagan. Shu tufayli yiliga qarab oltin tanga qaysi hukmdorga tegishli boʻlgani aniqlangan. Toza, qiymati yuqori shunday oltin tangalar Amir Abdulahadxon ( 1885–1910-yillar) davrida ham zarb etilgan.

Eʼtiborlisi, 175-yillik tarixga ega xazina Amir Muzaffar davrida ham daxlsiz saqlangan. Xazinadan xabardor boʻlgan Rossiya mustamlakachilari Zirabuloq jangidagi magʻlubiyatdan soʻng (1868-yilning iyuni) undan 170 ming oltin tanga tovon puli talab qilishgan. Shunda oʻzaro maslahatlashuv chogʻida amaldorlardan Usmonbek toʻqsoba “Gʻayridinlarga bunchalik tovon pulini toʻlashdan koʻra tanada bir qatra qon qolgunicha dushmanga qarshi kurashgan maʼqul”, degan fikrni bildirgan.

Amirlik xazinasi harbiy oʻljalar, xalqaro savdo-sotiqdan tushgan daromadlar, qorakoʻl savdosi, konlardan olingan oltin, kumush va boshqa qimmatbaho maʼdanlar, sovgʻa-salomlar hisobidan toʻldirib borilgan. Unga daxl yetkazish jinoyat hisoblangan. Eʼtiborlisi, Buxoroda hukmdorlik qilgan shayboniylar, ashtarxoniylar, mangʻitlar davrida koʻp asrlik xazinaga hech kim koʻz olaytirmagan. Bir sulola oʻrniga ikkinchisi taxtga oʻtirganda ham bu anʼana saqlanib qolgan. Davlat xarajatlari toʻplanadiganidan emas, balki sarflanadigan xazina hisobidan qoplangan.

Gap oltin haqida borarkan, 1898-yilda tuzilgan uch tomonlama shartnoma, oʻlkamizga rossiyalik maʼdan qazuvchilarning kirib kelishi, amirlik xazinasining keyingi taqdiri alohida tadqiq etiladigan mavzulardir. Darvoqe, bu haqda Q. Sanaqulov, O. Haitovalar muallifligida chop etilgan “Buxoro amirligi xazinasi: tarix haqiqati” deb nomlangan risolada batafsil soʻz yuritilgan.

Shodmon HAYITOV,

Buxoro davlat universiteti professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер