Bugun tejamasak, ertaga topolmaymiz

Oddiy isteʼmoldan tortib, qishloq xoʻjaligida yetishtiriladigan noz-neʼmatlargacha suvsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Iqlim oʻzgarishi tufayli tabiat inʼom etgan bu bebaho neʼmatning zaxiralari yildan-yilga kamayib bormoqda. Endilikda qishloq xoʻjaligida obihayotni tejash madaniyatini shakllantirmasdan turib, sohada muvaffaqiyatga erishib boʻlmaydi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish, tejamkor texnologiyalarni joriy etish, kanallarni betonlashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasida kanal va ariqlarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan islohotlar katta samara bermoqda.
— Suv oʻz nomi bilan hayot manbai, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Baxtiyar Yusupov. – Hududimizdagi mavjud kanallarning 95 foizi tuproq oʻzanli boʻlib, suv yoʻqotishlarni kamaytirish maqsadida ularni betonlashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yashirib nima qildik, yaqin-yaqingacha Shimoliy hududimizda tub qismi toʻliq betonlangan kanallar yoʻq edi. Ilk bor Xoʻjayli tumanidagi “Tashli jap”, “Shirin jap” kanallari qisqa muddatda betonlashtirilib, sugʻorish mavsumida foydalanilayotganidan aholi minnatdor.
Ayni paytda Taxtakoʻpirdagi “Eski Quvanish jarma”, Nukusdagi “Aqmangʻit”, Taxiatoshdagi "Eski Keneges”, Qoʻngʻirotdagi “Jinishke” kanallari rekonstruksiya qilinib, betonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Klaster hamda fermer xoʻjaliklarining ichki kanal va ariqlarini betonlashtirilayotgani ularning daromadlarini oshirmoqda. Oʻtgan yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlaridagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalariga 9 dona ekskavatorlar olib kelindi. Bu zamonaviy texnikalar koʻmagida kanallar oʻz vaqtida tozalagani bois eng olis ovullargacha suv yetib bormoqda.
– Joriy yilda kanallarni betonlash ishlarini tezlashtirish maqsadida barcha tumanning “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari 16 dona beton qargich bilan taʼminlandi, – deya davom etdi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Baxtiyar Yusupov. – Bu ish sifati va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaqinda Nukusda Qoraqalpogʻiston suv xoʻjaligi tizimida ilgari qoʻllanilmagan 3 ta innovatsion texnologiya namoyish qilindi. Ulardan biri “Kovsh-kosilka” boʻlib, bu texnika yordamida kollektor hamda kanallarni qamishlardan tozalash yoʻlga qoʻyildi. Yana bir yangi texnologiya — kanalga beton yotqizuvchi maxsus mashina keltirildi. Qoʻl kuchi yordamida bir necha oʻnlab ishchilar kuniga 40-50 metr betonlasa, ushbu texnika yordamida soatiga 60 metr ichki kanalni betonlash imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda hududlarda beton oʻrnini bosuvchi yangi innovatsion texnologiya – ichki ariqlarga quruq beton toʻshamasi ham yotqizilmoqda. Albatta, bu usul xarajatlarni kamaytirib daromadni oshirishga, suv yoʻqotishlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Nukusdagi “Doʻstlik – 1” suv taqsimlash inshootida suv xoʻjaligi tizim tashkilotlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda ham Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak, Chimboy, Qonlikoʻl, Shumanay tumanlaridagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalarining moddiy texnik bazasini yanada yaxshilash maqsadida qoʻshimcha 5 dona ekskavator berildi. Suv xoʻjaligi tizim tashkilotlarida ishlovchi 55 nafar xodimga skuter kalitlari topshirilgani suv taʼminoti ogʻir hududlardagi muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gʻayrat OTAJONOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring