Bu yil fargʻonalik yosh ijodkorlarning yutugʻi mamlakat va xalqaro miqyosda yuksak eʼtirof etildi
Fargʻona viloyatida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, axborot-kutubxona markazlari faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar bugun oʻz samarasini bermoqda.
Bu soha rivojiga qaratilayotgan eʼtibor natijasida keyingi yillarda viloyatda kitob doʻkonlari soni uch barobarga ortib, ushbu maʼrifat maskanlarining savdo hajmi ham sezilarli darajada oshishiga erishildi.

—Oʻtib borayotgan joriy yil mobaynida ham mumtoz adabiyotimiz vakillari, yozuvchi-shoirlar ijodiy merosini yanada kengroq targʻib etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi,—deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Dilshoda Ergasheva.—Ayni jarayonda fargʻonalik yosh ijodkorlarning yutugʻi mamlakat va xalqaro miqyosida yuksak eʼtirof etilgani behad quvonarlidir.
Xususan, isteʼdodli yozuvchi Qobiljon Shermatovning “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” kitobi Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi. Bu Markaziy Osiyo adabiyoti tarixidagi ilk yuksak natija hisoblanadi. Shuningdek, yosh ijodkorning Amir Temurning bolaligi haqida yozilgan kitobi Prezidentimizning olqishiga sazovor boʻldi.
Jizzax viloyatida oʻtgan “Zomin“ anjumanida esa fargʻonalik ikki nafar yosh ijodkor qizlar “Yil isteʼdodlari” deya eʼtirof etilib, ularning kitoblari 5 ming nusxada chop etildi. Qoʻqon shahrida mumtoz adabiyotimizning yorqin namoyandasi Furqatning haykali ochilib, ulugʻ shoirning xoki Xitoydan olib kelindi va oʻz vatani — Qoʻqon tuprogʻiga qoʻyildi.

Oʻz navbatida joriy yil davomida viloyatda 50 dan ortiq badiiy asarlar chop etildi. Bu borada 1800-yildan bugungacha boʻlgan adabiy jarayonni qamrab olgan “Fargʻona adiblari” va “Fargʻona adabiyoti” tazkiralari nashrdan chiqqanini 2025-yilning yana bir salmoqli yutugʻi sifatida eʼtirof etish mumkin.
Fargʻonalik ijodkorlarning yil sarhisobiga bagʻishlangan yigʻilishida ana shu kabi natijalar alohida mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtildi. Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovga adabiyotga koʻrsatayotgan eʼtibori uchun “Adabiyot homiysi” esdalik nishoni topshirildi.
Aytish joiz, hozirgi kunda viloyatda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 65 nafar aʼzosi samarali ijod qilib kelmoqda. Eʼtiborlisi, soʻnggi uch yil ichida 12 nafar fargʻonalik ijodkor davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Muhammad Saloh faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring