Boʻston koʻchasi ochiq osmon ostidagi muzey boʻladi

11:45 08 Oktyabr 2024 Jamiyat
167 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quva tumani markazida buyuk ajdodimiz Ahmad al–Fargʻoniy nomi bilan bogʻliq “Shahriston Qubosi” arxeologik yodgorligi joylashgan. Bu tarixiy maskan bugungi kunda nafaqat quvalliklarning sevimli maskani, balki uzoq–yaqin xorij davlatlaridan keluvchi sayyohlarni ham oʻziga ohanrabodek tortadi.

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan ushbu arxeologik yodgorlik joylashgan “Gʻalaba” MFYdagi Boʻston koʻchasini turizm koʻchasiga aylantirish boʻyicha amaliy saʼy–harakatlar olib borilmoqda. Shu maqsadda hozirda tuman markazida joylashgan mazkur koʻchada koʻp qavatli zamonaviy xizmat koʻrsatish, savdo va servis shoxobchalari qurilmoqda. Tarixiy xiyobon ham bugungi kun talabi asosida taʼmirlanib, mazkur koʻcha 24/7 rejimida ishlashi uchun barcha sharoitlar muhayyo etilmoqda.

Fargʻona viloyati hokimi mazkur koʻchada amalga oshirilayotgan qurilish–bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, hududni yanada obodonlashtirish, bu yerga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun jahon andozalari darajasida qulayliklar yaratish zarurligini taʼkidladi. Istirohat bogʻini taʼmirlash loyihasini tezlashtirish, belgilangan barcha yumushlarni sifatli bajarish boʻyicha masʼullarga amaliy tavsiyalar berildi.

— Oliy taʼlim muassasalari professor–oʻqituvchilari bilan yuzma–yuz muloqotda “Shahriston Qubosi” arxeologiya yodgorligida osmon ostida muzey tashkil etish hamda arxeologik tadqiqotlar olib borish rejalashtirildi,—deydi tarixchi olim Nodirbek Abdulahatov.—Viloyat rahbari yurtimiz tarixi uchun muhim manba boʻlgan ushbu yodgorlikni tadqiq qilish uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini aytgani bizni quvontirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?