“Bizga kengroq imkoniyat bering”

19:09 30 Aprel 2025 Jamiyat
174 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Baʼzan arzimas muammolar tufayli taslim boʻlamiz. Bunday paytlarda bizdan ham hayoti qiyinroqlar borligi xayolimizga kelmaydi. Ular oʻz atrofidagi toʻsiqlarni yengib oʻtishga kuchni qayerdan olishadi? Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Saodat Denov tekstil” tikuvchilik korxonasida mehnat qilayotgan ishchilarning 11 nafarini nogironligi bor ayollar tashkil etadi. Ularga hech kim shikastlangan odamlar kabi munosabatda boʻlmaydi.

— Omonat hayotni qanday yashab oʻtish har kimning oʻziga bogʻliq, — deydi Denov tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi Nurmahmat Abdullayev. — Jismonan sogʻlom boʻlsada, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olmaganlar qancha? Toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, idorama-idora yordam soʻrab yurganlar-chi? Ammo shunday insonlar ham borki, imkoniyati cheklangan boʻlsada, hayotning har bir lahzasini oliy inʼom deb biladi. Yarimtagina vujudi bilan tinim bilmay mehnat qiladi, har bir kuniga shukrona aytadi. Aynan “Saodat Denov tekstil”da shunday xotin-qizlarni uchratasiz.

Bejirim liboslar, ishchilar maxsus kiyimi, maktab formasi, koʻrpa-toʻshak va ularning jildlarini ishlab chiqarayotgan korxona tumandagi “Vodiy” mahallasida tadbirkor Zarina Toshmurodova tomonidan 2020-yilda tashkil etilgan edi. Oʻtgan qisqa vaqtda korxona mahsulotlari oʻz xaridorlarini topib ulgurdi. Korxonada ish qizgʻin, tikish-bichishda tanaffus boʻlmayapti. Eng muhimi, mahsulotlarni sotish uchun bozorma-bozor yugurilmayapti.

— Ayni paytda seximizda ishlayotgan 19 nafar xotin-qizning 11 nafarini ishga layoqatli nogironligi boʻlgan ayollar tashkil etadi, — deydi Zarina Toshmurodova. — Ular ish hajmiga qarab, uch milliondan besh million soʻmgacha oylik daromad topmoqda. Dastlab ish boshlaganimizda buyurtmalar kam boʻlardi. Ishchilar soni ham shunga yarasha edi. Har yili turli sanoat koʻrgazmalarida ishtirok etardim, lekin foydaliligi sezilmasdi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi koʻmagi bilan ishga layoqati bor nogiron ayollarni ish bilan taʼminladim. Oʻtgan yildan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilayotgan “Imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar” savdo yarmarkasida ishtirok etyapman. Ushbu yarmarka orqali 2 milliard soʻmdan 4 milliard soʻmgacha boʻlgan shartnomalar tuzdim. Hatto mahsulotlarimiz qoʻshni Tojikiston respublikasiga ham eksport qilinishiga erishdik.

Gulnoza Yusupova ikkinchi guruh nogironi. U bir yarim yildan beri ushbu sexda ishlaydi. Bugun u jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida mehnat qilayotganidan xursand:

— Prezidentimizning insonparvar siyosati men kabi nogironligi bor ayollarni hayotga boʻlgan intilishini kuchaytirdi. Yashash hududimdan uzoq boʻlmagan joyda ishlab, daromad topyapman. Korxonamizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan, mehnat qilishga qulay muhit bor. Qancha koʻp mahsulot tiksak, shuncha koʻp daromad topamiz. Masalan, men 2-3 million oylik olyapman. Bu pul oilamga qoʻshimcha daromad boʻlib, yaxshi hayot kechirish imkonini beryapti. Bizga yanadan kengroq imkoniyat berilsa, sogʻlom odamlar kabi mehnat qilishga tayyormiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?