Beshariqda tibbiyot turizmi jadal rivojlanib, qoʻshni Tojikistondan keluvchi bemorlar oqimi koʻpaymoqda
Beshariq tumanida keyingi yillarda tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi barcha ixtisoslashgan shifoxonalar bir joyda jamlanib, jahon andozalari darajasida zamonaviy sharoitlar muhayyo etildi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilandi, doimiy ravishda shifokorlar va oʻrta tibbiyot xodimlari malakasi oshirib borilmoqda.

Ayni jarayonda tumanda xususiy tibbiyot rivoji borasida ham tizimli ishlar olib borilyapti. Buning samarasi sifatida oʻndan ortiq koʻp tarmoqli, ixtisoslashgan xususiy klinikalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Eng soʻnggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan taʼminlangan holda UZI-diagnostika, tashxis laboratoriyalari tashkil etildi. Bugungi kunda beshariqlik shifokorlar poytaxtimizdagi ixtisoslashgan tibbiy-amaliy markazlarning eng malakali mutaxassislari bilan hamkorlikda murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazib kelmoqdalar.

Xususan, kardiojarrohlik va LOR kasalliklarini samarali davolashda erishilayotgan yutuqlar eʼtiborga molik.
—Bu tibbiyot turizmi zamonaviy mezonlar asosida rivojlanishida muhim omil boʻlmoqda,—deydi Beshariq tumani hokimi oʻrinbosari Otabek Alimatov.—Ayni paytda shifo maskanlarimizda Fargʻona viloyatining barcha shahar-tumanlaridan kelib davolanishadi. Oʻz navbatida tumanda 5 ga yaqin sanatoriylar mavjud boʻlib, bu yerda har oyda minglab hamyurtlarimiz, qoʻshni mamlakatlardan keluvchi qardoshlar malakali tibbiy-profilaktik xizmatlardan bahramand boʻlish imkoniga ega.

Maʼlumki, Beshariq tumani qoʻshni Tojikiston Respublikasining Konibodom va Isfara shaharlari bilan chegaradosh hudud hisoblanadi. Hozirda davolanish istagida ushbu shaharlardan keluvchilar soni tobora ortib borayotgani Beshariqda tibbiyot turizmi salohiyati nechogʻli yuksalayotganidan dalolatdir.

Aytish joiz, Beshariq tuman hokimligi tomonidan tibbiyot turizmini yanada rivojlantirish maqsadida istiqbolli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, yaqin istiqbolda tumanda bir necha yangi shifo maskanlari tashkil etiladi hamda sanatoriy, tibbiy-profilaktik muassasalari faoliyati yangicha yondashuvlar asosida isloh etilishi rejalashtirilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring