“Barselona” yoki PSJ: Chempionlar ligasining markaziy oʻyinida kim gʻalaba qozonadi?

14:20 01 Oktyabr 2025 Sport
394 0

Bugun, 1-oktyabr kuni UEFA chempionlar ligasi musobaqasining 2-turidan oʻrin olgan bahslar davom ettiriladi. Turning markaziy oʻyini Kataloniyada boʻlib oʻtadi. Unda “Barselona” klubi oʻz maydonida musobaqaning amaldagi chempioni PSJni qabul qiladi. Biz oʻyin oldidan jamoalarning imkoniyatlarini solishtirib chiqamiz.

Oʻzaro oʻyinlar tarixi

“Barselona” va PSJ jamoalari rasmiy musobaqalar doirasida jami 16-marta toʻqnash kelgan. Ushbu oʻyinlarning 14 tasi UEFA chempionlar ligasi doirasida, 1 tasi Kubok egalari kubogida va yana biri Xalqaro chempionlar kubogi tijoriy turniri doirasida boʻlib oʻtgan.

“Barselona” klubi 6 ta oʻyinda gʻalaba qozongan. Bu barcha uchrashuvlarning 37 foizi degani. 5 ta oʻyinda PSJning qoʻli baland kelgan. Yana 5 ta bahs durang natija bilan yakunlangan.

Ushbu oʻyinlarda “Barselona” raqibi darvozasiga 30 ta gol kiritgan. PSJ esa shu vaqtga qadar “koʻk-anorranglilar” darvozasiga 29-marta yoʻl topa olgan.

Bu jamoalar oʻrtasidagi oʻyinlar haqida gap ketsa, barcha 2017-yilgi mavsumni eslaydi. Oʻshanda PSJ klubi oʻz maydonida ayni vaqtda “parijliklar”ga ustozlik qilayotgan Luis Enrike boshchiligidagi “Barselona”ni 4:0 hisobida magʻlubiyatga uchratgan va 3 hafta oʻtib, Kataloniyadan 6:1 hisobidagi magʻlubiyat bilan qaytgan edi.

Darvoqe, aynan shu bahslarda qayd etilgan hisoblar oʻzaro oʻyinlar tarixidagi eng yirik natijalar sifatida ham muxlislarning yodida qolgan.

Jamoalar soʻnggi bor 2024-yilning 16-aprel sanasida toʻqnash keldi. UEFA chempionlar ligasining chorak finali doirasida oʻtgan bahs PSJning 1:4 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan.

Ushbu jamoalar oʻrtasidagi oʻyinlar doimo gollarga boy oʻtishi bilan ajralib turadi. Statistikaga koʻra, “Barselona” va PSJ oʻrtasidagi oʻyinlarda oʻrtacha hisobda 3,5 ta gol kiritiladi. Jamoalarning soʻnggi 6 ta toʻqnashuvida 28 ta gol kiritilgani ham bu klublar oʻyinlari doimo qiziq kechishidan dalolat beradi.

Jamoalarning bu yilgi natijalari

“Barselona” ayni paytda La Ligada 19 ochko jamgʻargan holda turnir jadvalida birinchi oʻrinni egallab turibdi.

Jamoa Ispaniya chempionatida “Malyorka”, “Levante”, “Valensiya”, “Xetafe”, “Real Ovyedo”, “Real Sosiyedad” kabi jamoalarni magʻlub etdi. 3-turda “Rayo Vallekano” bilan durang oʻynadi.

UEFA chempionlar ligasining birinchi turida Angliyada “Nyukasl”ga qarshi bahs oʻtkazdi. Oʻyin 2:1 hisobida “koʻk-anorranglilar”ning gʻalabasi bilan yakunlandi.

PSJ jamoasi uchun ham mavsum juda yaxshi boshlandi. Klub UEFA Superkubogi doirasida “Tottenhem”ni magʻlub etish orqali mavsumni sovrin bilan boshladi.

Fransiya Birinchi divizionida “Nant”, “Anje”, “Tuluza”, “Lans”, “Oser” kabi jamoalarni yutdi. Faqat bitta oʻyinda “Marsel”ga imkoniyatni boy berdi.

“Parijliklar” chempionlar ligasini “Atalanta”ni magʻlub etish bilan boshladi. Jamoa dastlabki turda 4:0 hisobida gʻalaba qozondi.

“Barselona” va PSJning bu yilgi koʻrsatkichlari

Urilgan gollar:

“Barselona” – 23

PSJ – 16

Oʻtkazib yuborilgan gollar:

“Barselona” – 6

PSJ – 4

Toʻp nazorati:

“Barselona” – 73 foiz

PSJ – 72 foiz

Toʻp uzatmalar aniqligi:

“Barselona” – 90 foiz

PSJ – 92 foiz

Toʻp uchun kurashlarda ustunlik:

“Barselona” – 54 foiz,

PSJ – 47 foiz

Har oʻyindagi oʻrtacha zarbalar soni:

“Barselona” – 9

PSJ – 6

Jamoalarning yutuq va kamchiliklari

“Barselona” klubining ustun tomonlari haqida gap borsa quyidagilarni aytib oʻtish mumkin:

1. Hujumdagi kreativlik va yosh futbolchilarning oʻyinga taʼsiri. Jamoa hujum davom ettirishda bir qancha uslublardan foydalanayotganini koʻrdik. Aynan ushbu kreativlik evaziga “Barselona” La Ligada eng koʻp gol kiritgan jamoa boʻlib turibdi.

2. Tayanch yarim himoyadagi ustunlik. Jamoa har bir oʻyinida asosiy eʼtiborini maydon markaziga qaratmoqda. Bunda jamoaning yosh futbolchisi Gavi alohida jonbozlik koʻrsatmoqda. Statistikaga koʻra, “Barselona” soʻnggi oʻyinlarda 70 foizdan ortiq toʻp nazoratiga ega boʻldi. Bunda albatta bogʻlovchi yarim himoyachilarning hissasi katta.

3. Himoyadagi ishonchli oʻyin. Jamoa soʻnggi 5 ta bahsda 3 ta gol oʻtkazdi. Hattoki, himoyakor oʻyin koʻrsatadigan baʼzi jamoalarning koʻrsatkichlari “Barselona”nikidan yomonroq.

“Barselona”ning kamchiliklari:

1. Jamoa hujumkor oʻyin koʻrsatayotgani uchun qarshi hujumdan gol oʻtkazib yubormoqda. Ayniqsa, bunda qanot himoyachilarining tezligi masalasi muammo boʻlmoqda.

2. Zaxiradagi oʻyinchilar soni va sifati yetarli emas — asosiy futbolchilarning jarohat olishi yoki charchashi jamoaning oʻyindagi ritmini pasaytirmoqda.

3. Jamoa posboni Xuan Garsiyaning katta oʻyinlardagi tajribasi yetarli boʻlmasligi mumkin.

PSJ klubining ustun jihatlari:

1. Jamoa hujum chizigʻi juda kuchli — Dembele va boshqa tezkor futbolchilar qarshi hujumlarda raqibni jazolay oladi.

2. Markaziy chiziqda yuqori darajadagi nazorat va pressing mavjud boʻlib, bu raqibga toʻpni uzoq vaqt ushlab turishga yoʻl qoʻymaydi.

3. Klubning tarkibi juda keng va zaxira futbolchilari ham yuqori saviyada. Shu bois mavsum davomida kuchni yoʻqotmaydi.

PSJning kamchiliklari:

1. Chidamlilik va konsentratsiyaning pastligi oxirgi daqiqalarda jamoa oʻyiniga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda.

2. Realizatsiyada muammolar bor. Jamoa koʻplab hujumlar tashkil etmoqda, ammo ularning koʻp qismi zarbagacha yetmayapti.

3. Murabbiylik strategiyasida barqarorlik yetishmaydi. Turli oʻyinlarda tizim tez-tez oʻzgarib turadi va bu futbolchilarning bir xil sxemaga moslashishini qiyinlashtiradi.

Yoʻqotishlar

Ushbu oʻyin oldidan har ikki jamoada jiddiy yoʻqotishlar bor. Ayniqsa, PSJda.

“Parijliklar” safida bu oʻyinda “Oltin toʻp” sohib Usmon Dembele, gruziyalik futbolchi Xvicha Kvarasxeliya va asosiy markaziy himoyachi Markinyos jamoasiga yordam bera olmaydi.

“Barselona”da esa Gavi, Rafinya va Garsiya kabi futbolchilarda jarohat bor.

Soʻnggi soʻz

Oʻyin Kataloniyada oʻtayotgani va PSJ tarkibidagi yoʻqotishlarni inobatga olganda ushbu bahs favoriti “Barselona” deb aytish mumkin. Ammo PSJ ham oddiy raqib emas. Shunday ekan, bugungi oʻyin albatta oʻzgacha kechishi aniq.

Eslatib oʻtamiz, “Barselona” va PSJ oʻyini Toshkent vaqti bilan 00:00 da start oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер