Bank kartalaridan pul oʻgʻirlash hamda “moliyaviy piramida”larga qarshi kuchaytirilgan tartibda kurashiladi

22:28 05 May 2025 Siyosat
233 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni fosh etish samaradorligini oshirish boʻyicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va qator tashkiliy-texnik choralarni koʻrish belgilandi.

Jumladan, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida yagona ishlash amaliyotini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi alohida qonun loyihasini ishlab chiqish hamla yuridik shaxslar tomonidan kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi barcha jinoyatlar yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish topshirildi.

Banklar, toʻlov tizimi operatorlari, toʻlov tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida yoʻl qoʻyilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibini joriy etish belgilandi.

Shu bilan birga, bundan keyin kiberjinoyatni sodir etishda oʻz nomidagi bank kartasidan, bank hisobraqami, elektron hamyonidan va boshqa shaxsiga doir maʼlumotlaridan (SIM kartasi, elektron akkaunti) foydalanishga yoʻl qoʻygan shaxslar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari oʻrnatiladi.

Kiberjinoyatlarning oldini olish yoʻnalishida axborot tizimidagi zaifliklar va kamchiliklar natijasida kiberjinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻygan banklar va toʻlov tashkilotlari roʻyxatini ommaga eʼlon qilish hamda aholi pul mablagʻlarini jalb qilishga qaratilgan onlayn firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”)ni barvaqt aniqlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, qaror bilan shaxslarning bank kartalaridagi pullari talon-toroj qilinishini toʻxtatish maqsadida banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga zamonaviy antifrod va antivirus himoya tizimlarini joriy etish hamda firibgarlar tomonidan soxta raqamlar orqali fuqarolarga qoʻngʻiroq qilishlarini texnik (imkonsiz qilish) cheklash kabi choralar belgilandi.

Joriy yildan boshlab, har yili bir oy davomida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” kompleks targʻibot oyligini oʻtkazish hamda tashviqot ishlari sohaga oid barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan faol tarzda olib borish orqali aholining raqamli immuniteti va ogohligini oshirishning doimiy tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Qarorga muvofiq kiberjinoyatlarni fosh etish yoʻnalishida Markaziy bank, toʻlov tizimi va ichki ishlar organlari vakillaridan iborat tezkor harakatlanish guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va mazkur guruh tomonidan shubhali pul oʻtkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalarini tezkorlik bilan aniqlash va bloklash kabi choralar koʻrib boriladi.

Buning natijasida, kiberjinoyat orqali jinoyatchilar tomonidan oʻzlashtirilgan pullarni respublika hududidan chiqib ketishini oldini olish va jabrlanuvchiga qaytarish imkoniyati taʼminlanadi.

Shular qatorida, qaror bilan kiberjinoyatlarni tergov qilish va fosh etish faoliyatining sifati va samaradorligi oshirish maqsadida ushbu jarayonida qonunchilik ijrosi ustidan prokurorlik nazorati hamda ilmiy tadqiqot faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda sohadagi xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha choralar belgilandi.

Mazkur qarorda koʻrsatilgan vazifalarning amalga oshirilishi masʼul davlat organlari, tashkilotlar, banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining fuqarolarning kiberjinoyatlardan jabrlanib qolishining oldini olish hamda ularning moliyaviy xavfsizligini mustahkamlash boʻyicha masʼuliyatini oshishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер