Bandixon: qadimiyat va zamonaviylik uchrashgan maskan
Bandixon tumani Surxondaryo viloyatining kenja va tez rivojlanayotgan goʻshalaridan biri hisoblanadi. 2019-yil 17–18-oktyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chogʻida aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratish maqsadida Bandixon tumanini qayta tashkil etish va hududni tizimli rivojlantirish yuzasidan muhim topshiriqlar berdi.
Shundan soʻng, 2019-yilning 30-noyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi. Keyinchalik, 2020-yil 31-yanvar kuni “Surxondaryo viloyati tarkibida tashkil etilgan Bandixon tumani hokimligining tashkiliy masalalari hamda 2020–2022-yillarda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori bilan tumanning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishi yoʻnalishlari belgilab berildi.
Bugun Bandixon tumani obodligi, zamonaviy inshootlari, keng va ravon yoʻllari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari bilan aholi farovonligiga xizmat qilmoqda.
“Bandixon” nomida asrlar sadosi, qadimiy sivilizatsiya izlari mujassam. Qiziriq tomondan tumanga kirishda qad rostlagan ramziy monument esa nafaqat zamonaviy bunyodkorlik namunasi, balki Bandixonning boy tarixiga va ajdodlar merosiga qoʻyilgan hurmatni ifodalaydi.

— Yaqin oʻtmishgacha Bandixon qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyardi, — deydi Navbahor mahallasida yashovchi nuroniy Abdulla bobo Boboyev. — Yozning jaziramasida chanqoqlik azobini koʻrgan kunlarimiz bor. Yoʻllar nosoz, sharoitlar cheklangan edi. Keyin Prezidentimiz tashrif buyurdi. Shu qadam bilan Bandixonning taqdiri oʻzgardi. Ichimlik suvi masalasi hal etildi, ravon yoʻllar qurildi, bogʻcha va maktablar barpo etildi, tibbiyot muassasalari yangilandi. Bugun farzandlarimiz zamonaviy sharoitda taʼlim olmoqda, aholiga barcha qulayliklar yaratilgan. Bu yodgorlik Bandixonliklar qalbini ifoda etadi. Unda tariximiz ham, mehnatimiz ham, kelajakka ishonchimiz ham mujassam.
Bu zamin miloddan avvalgi II–I asrlardanoq aholi yashab, taraqqiy etgan. Eng yirik tarixiy yodgorlik — Bandixon qoʻrgʻoni shuni tasdiqlaydi. 1973-yilda aniqlangan va 1975–1976-yillarda qazishmalar olib borilgan qoʻrgʻondan qadimiy qalʼa devorlari, sopol idishlar va tosh qurollar topilgan.
Qoʻrgʻon Oʻrgʻulsoy oʻzani bilan ikki qismga ajralgan va 1,5 gektar maydonni egallagan. Paxsa va xom gʻishtdan qurilgan turar-joylar ajdodlarimizning yuksak qurilish madaniyatini koʻrsatadi. Aynan shu yerdagi suv infratuzilmasi — pishiq gʻishtdan barpo etilgan toʻgʻonlar va sopol quvurlar orqali uzoq masofalardan suv keltirilgan tizim yerlik aholi mehnati va tashabbusining guvohidir.

Bandixon atrofidagi Maydatepa, Gʻozimullo, Bektepa, Kindiktepa va Qoʻrgʻon tepaliklari ham qadimda hayot qaynagan maskanlar boʻlgan. “Bandixon” nomi ham “band”, yaʼni toʻgʻon, koʻprik maʼnosini anglatib, tumanning tarixi suv, mehnat va bunyodkorlik bilan chambarchas bogʻliqligini anglatadi.
Monument qurilishi puxta olib borildi. Tuman mutasaddilari har bir jihatga alohida eʼtibor qaratdi va uning tarixiy mazmuni haqiqiy hurmat bilan aks ettirilishi ustuvorlik kasb etdi.
Bugun qad rostlagan zamonaviy monument Bandixonning boy tarixi, barakali zamin va mehnatkash xalq timsoli sifatida namoyon boʻldi. U qadimiyat va taraqqiyot uchrashgan, tarix va zamonaviylikni bogʻlagan maskan sifatida yodda qoladi.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring