“Ar-Riyod — Toshkent — Ar-Riyod” yoʻnalishi boʻyicha haftasiga 3-marta muntazam aviareyslar yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda

18:17 13 May 2021 Iqtisodiyot
2073 0

Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida Oʻzbekistonning mutasaddi vazirlik va idoralar hamda Saudiya Arabistonining “Flynas” aviakompaniyasi va “Seera” turistik agentligi vakillari oʻrtasida videokonferensiya shaklidagi muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Videokonferensiyada Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining joriy yil yanvar oyida mamlakatimizga tashrifi doirasida Buxoro shahrida oʻtkazilgan biznes-forumda “Uzbekistan airways” AJ va Saudiyaning “Flynas” aviakompaniyasi oʻrtasida turizmni rivojlantirish toʻgʻrisida imzolangan Anglashuv memorandumida belgilangan vazifalarning amaliy natijalari xususida fikr almashildi. Shuningdek, Saudiya Arabistonida Oʻzbekiston turizm salohiyatini keng targʻib etish orqali saudiyaliklarning mamlakatimizga sayohatlarini uyushtirish istiqbollari muhokama qilindi.

“Flynas” aviakompaniyasi vakillari joriy yil 12-iyundan boshlab “Ar-Riyod–Toshkent–Ar-Riyod” yoʻnalishi boʻyicha haftasiga uch marta muntazam aviaqatnovlar amalga oshirishni rejalashtirganini maʼlum qildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, 2020-yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi tufayli Podshohlik oʻz fuqarolarini xorijga chiqishi boʻyicha vaqtincha cheklovlar oʻrnatgan edi. Ayni paytda Saudiya Arabistoni hukumati oʻz fuqarolariga koronavirus bilan bogʻliq vaziyat yaxshilangan davlatlarga joriy yil 17-maydan boshlab safar qilishga ruxsat berdi.

“Seera” sayyohlik kompaniyasi saudiyaliklarni Oʻzbekistonga safar qilishi uchun turli tur-paketlarni taklif qilmoqda. Kompaniya vakillari ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston turistik agentliklari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan manfaatdorligini taʼkidladi.

Videokonferensiya yakunlari boʻyicha tomonlar “Flynas” parvozlari muntazamligini hisobga olib, sayyohlar oqimini koʻpaytirish, Oʻzbekistonning yirik turistik kompaniya va agentliklari vakillarini Saudiya Arabistoniga yuborish, mamlakatimiz turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazish kabi qator masalalar boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?