Apellyatsiya kengashining vazifasi nima?
Bugungi kunda yurtimizda nizolarni sudgacha hal etishning turli institutlaridan foydalanishning huquqiy mexanizmlari mavjud boʻlib, amaliyotda qoʻllanilib kelinmoqda. Shu bilan birga, davlat organlarida nizolarni sudgacha koʻrib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlarni fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor boʻladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutlarga aylantirishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror sohani yana-da takomillashtirish, huquqiy islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Qaror bilan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda mediatsiya instituti, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning rolini tubdan oshirish nazarda tutilgan.
Mazkur vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal etishning apellyatsiya kengashlari tashkil etilishi belgilanmoqda. Ular 2020-yil 1-avgustdan boshlab, eksperiment tariqasida, Davlat bojxona qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida faoliyat yuritadi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida oʻz huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyatsiya kengashi tomonidan koʻrib chiqilish tartibi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Taʼkidlash joiz, mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqini istisno etmaydi.
Apellyatsiya kengashi jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi oʻrtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha koʻrib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini koʻrishni taʼminlaydi. Shu bilan birga, murojaatni koʻrib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin boʻlgan normalar aniqlangan, u amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish boʻyicha choralarni koʻradi.
Tabiiyki, murojaatni koʻrib chiqishda Apellyatsiya kengashi tomonidan qonun hujjatlaridagi boʻshliqlar aniqlanishi mumkin. Ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi. Apellyatsiya kengashining vakolat muddati belgilangan boʻlib, ikki yarim yil muddatga, 7 nafardan 11 nafargacha aʼzolardan iborat tarkibda tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan tasdiqlanadi.
Apellyatsiya kengashi aʼzoligiga amaliy tajriba va obroʻ-eʼtiborga ega davlat organining markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, sohada katta amaliy tajriba yoki ilmiy salohiyatga ega boʻlgan fuqarolar qabul qilinadi. Bunda davlat organining markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari yoki xodimlari hisoblanmagan Apellyatsiya kengashi aʼzolari jami Kengash aʼzolarining beshdan bir qismidan oshib ketmasligi lozim;
Apellyatsiya kengashi unda koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy tusga ega boʻlgan xulosa qabul qiladi. Ushbu xulosa uch kun muddatda davlat organi rahbariga koʻrib chiqish uchun, boshqa manfaatdor taraflarga maʼlumot uchun yuboriladi.
Apellyatsiya kengashining xulosasini qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning oʻrinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin. Bunda davlat organi rahbari yoki uning oʻrinbosari qabul qilingan qaror toʻgʻrisida uch kun muddatda Apellyatsiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.
Eʼtiborga molik jihati shundaki, qaror bilan Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Apellyatsiya kengashi tashkil etilayotgan davlat organlarining bu boradagi faoliyatini doimiy ravishda monitoring qilib borish hamda tizimning samarali ishlashini taʼminlash maqsadida ularga amaliy va uslubiy jihatdan koʻmaklashish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuklatilib, eksperiment natijalarini keng qamrovli tahlil qilgan holda, uni keyinchalik boshqa davlat organlarida ham joriy etish yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritadi.
Mazkur qaror bilan nizolarni muqobil usulda hal etish bilan shugʻullanuvchi professional mediatorlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan Mediatsiya markazi hamda professional mediatorlar, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan Nizolarni muqobil usulda hal etish markazi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tashkil etilishi va faoliyat yuritishi belgilanmoqda.
Xorijiy tajribada ijtimoiy va huquqiy nizolarni sudgacha va suddan tashqari boʻlgan tartibda vositachilik usullari orqali hal qilishni anglatuvchi “huquqiy nizolarni alternativ hal qilish” termini keng qoʻllaniladi. Ushbu usullarning majmui “huquqiy nizolarni alternativ hal qilish shakli, yoki Alternative Dispute Resolution (ADR)”, Rossiya Federatsiyasi va Ukrainada esa –“nizolarni alternativ hal qilish (NAHQ)” deb ataladi.
Mediatsiya instituti hozirgi kunda dunyoning koʻplab davlatlarida ishlab chiqilgan. Xususan, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Koreya, Hindiston kabi bir qator davlatlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorning amaliyotga keng joriy etilishi nizolarni sudgacha hal qilish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solishning tizimliligi va kompleksliligini taʼminlash bilan bir qatorda, nizolarni sudgacha hal qilishni amalga oshirishda samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratishda muhim omil boʻladi.
Muxtabar HUSANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring