Andijonda turmush oʻrtogʻi va qizining hayotiga zomin boʻlgan qotilga sud hukm oʻqildi

11:25 28 May 2020 Jamiyat
717 0

Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon HUSANOV/Andijon. Hayotillo Abdurahmonov 1969-yilda tugʻilgan. 4 nafar farzandi bilan Asaka tumanidagi Kujgan MFYda istiqomat qilgan. Chetdan qaraganda, el qatori yashab kelgan fuqaroning aslida oilaviy muhiti allaqachon darz ketgan edi. Yaʼni, ichkilikka ruju qoʻyganligi natijasida oila boshligʻi, ota sifatidagi burch va masʼuliyatiga eʼtiborsiz boʻlib qolgandi.

2019-yilning 15-dekabr kuni kechki soat 20:00da ham u oʻz uyida spirtli ichimlik ichib, mast boʻlib qoldi. Tabiiyki, bu holatni koʻrgan oila aʼzolarining yana kayfiyati buzildi. Orada nizo kelib chiqdi. Turmush oʻrtogʻi roʻzgʻordagi kamchiliklar, ayniqsa, qizining boʻyi yetib qolganligi va uni turmushga uzatishni umuman oʻylamayotganligini aytib, koyib berdi. Onasining yonini olib, dilidagi bor fikrlarini tiliga koʻchirgan qiz ham otasiga nisbatan eʼtirozini yuziga soldi. Shu oqshom turmush oʻrtogʻi va qizining dashnomlaridan yuragi chilparchin boʻlgan Hayotilloning koʻziga hech narsa koʻrinmadi. Nima qilib boʻlsa-da, oila aʼzolaridan oʻch olishni oʻyladi.

Mastlikda diliga tugilgan qaror unga tinchlik bermadi. Natijada qulay payt poylab, turmush oʻrtogʻining umriga zomin boʻldi. Yaʼni, 16-dekabr kuniga oʻtar kechasi 00:10 da jufti halolining oʻng koʻkrak qismiga uch marta, biqiniga ikki marta pichoq sanchib, hayotiga yakun yasadi. U shu bilan kifoyalanib qolmadi. Murdani toʻshak bilan berkitib, narigi uyda uxlab yotgan qizini chaqirdi. Kiyimlarini topib berish bahonasi bilan oʻzi turgan xonaga chorlab, butun badaniga 18-marta pichoq orqali tan jarohati yetkazdi. Bu zarblarga dosh bera olmagan qiz voqea joyida halok boʻldi.

2020-yilning 27-may kuni jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyat sudida Hayotillo Abdurahmonovning jinoyat ishi atroflicha oʻrganib chiqildi va u aybdor, deb topildi. Sud qaroriga binoan unga nisbatan 21 yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga tayinlandi.

Bir qultum spirtli ichimlikka butun oila aʼzolarining hayotini alishgan Hayotillo uchun 21 yillik qamoq jazosi sodir etgan jinoyatidan xulosa chiqarishi uchun keragidan ham ortiq muddatdir. Bu muddatdan u qanday foydalanishini vaqt koʻrsatadi. Biroq, masalaning ikkinchi tomoni ham bor: u vijdoni oldidagi soʻroqlarga javob bera olarmikan? Oʻylamay bosilgan qadam manzilida uni nimalar kutmoqda? Hayotillo bilan bogʻliq bu kabi savollar barchamizni hushyorlikka chorlamogʻi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?