Aholi bandligini oshirishning iqtisodiy mexanizmlari: taqqos va tahlil

13:45 04 Iyun 2025 Jamiyat
29 0

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash va shu orqali aholi turmush farovonligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylangan.

Shu maʼnoda, ishsizlik darajasini pasaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, kasb-hunar oʻrgatish hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali aholining hayot darajasini oshirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, aholi bandligini taʼminlash maqsadida qator davlat dasturlari ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Jumladan, bandlikni taʼminlash va mehnat munosabatlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish maqsadida har bir hudud kesimida sektorlar va mahalla tizimi asosida ish oʻrinlari tashkil etish tizimi joriy qilindi.

Raqamlarga eʼtibor bering, oʻtgan yil yakuniga koʻra, mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 11 foizdan 8,9 foizga kamaydi. Bu jarayonda 719 ming fuqaro bandlik dasturlari orqali kambagʻallikdan chiqdi. Mazkur holat yurtimizda olib borilayotgan mehnat bozorini isloh qilish va iqtisodiy faollikni oshirish borasidagi harakatlarning samaradorligini koʻrsatadi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, aholi bandligini oshirishda iqtisodiy mexanizmlar muhim oʻrin tutadi. Ushbu mexanizmlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

Birinchidan, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ishlab chiqarish subyektlarini yaratish;

Ikkinchidan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit resurslarini ajratish, masalan, 2025-yilda har bir fuqaroga 300 million soʻmgacha mikrokreditlar ajratilishi koʻzda tutilgan;

Uchinchidan, yangi infratuzilma obyektlari qurilishi, bu esa qurilish va xizmat koʻrsatish sohalarida ish oʻrinlari yaratishga turtki beradi;

Toʻrtinchidan, mehnat bozoriga mos kadrlar tayyorlash, buni kasb-hunar kollejlari, qayta tayyorlash markazlari orqali amalga oshirilishi oʻz samaralarini beradi.

Ushbu mexanizmlar nafaqat ishsizlikni kamaytiradi, balki iqtisodiy oʻsishga xizmat qiluvchi inson kapitali salohiyatini ham oshiradi.

Milliy tajriba va xalqaro amaliyot

Dunyo tajribasidan maʼlumki, aholi bandligini taʼminlashda Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi rivojlangan mamlakatlar muvaffaqiyatli tajribalarga ega.

Masalan, Germaniya “dual taʼlim” tizimi orqali yoshlarni ishga tayyorlaydi va ularni sanoatda ish bilan taʼminlaydi.

Janubiy Koreyada davlat va xususiy sektor hamkorligida “startap”lar qoʻllab-quvvatlanadi, ishsiz yoshlar uchun maxsus grantlar ajratiladi.

Xitoyda esa kichik shaharchalar va qishloqlarda mahalliy ishlab chiqarish klasterlari rivojlantiriladi.

Oʻzbekistonda ham bu kabi mexanizmlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Lekin ularni yanada samarali tashkil etish talab etiladi.

Yurtimizda ish oʻrinlari tashkil etish borasida davlat siyosatining asosiy maqsadi — aholini ijtimoiy zarur mehnat bilan band qilish. Bu borada quyidagi usullar ishlab chiqilishi va tatbiq etilishi lozim:

— har bir tuman kesimida mehnat bozori tahlili asosida maxsus dasturlar yaratish;

— tadbirkorlikni boshlash uchun sharoit yaratish (jumladan, moliyaviy, huquqiy va maʼnaviy yordam);

— mahalliy hokimiyatlarning faoliyatini bandlik natijalariga qarab baholash shular jumlasidandir.

Yetti imkoniyat va masʼuliyat

Taʼkidlash kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil 23-sentyabrda qabul qilingan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi aholi bandligini taʼminlashda muhim rol oʻynamoqda.

Mazkur muhim dasturda quyidagi “yetti imkoniyat va masʼuliyat” belgilab berilgan:

— bandlik va yuqori daromad topish imkoniyati;

— taʼlim olish va kasb-hunar oʻrganish;

— tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;

— mahalla infratuzilmasini rivojlantirish;

— yashash sharoitini yaxshilash;

— tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash;

— davlat organlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish.

Bu elementlar mamlakatda ijtimoiy tenglikni taʼminlash, mehnat bozorini rivojlantirish va inson kapitalini oshirishda asosiy mexanizmlar hisoblanadi.

Joriy yil Oʻzbekistonda bandlik sohasida strategik yil sifatida belgilangan. Ayniqsa, kichik biznes va mikrofirmalarni qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilayotgan mablagʻlar fuqarolarning iqtisodiy faolligini yanada oshiradi. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, frilans va masofadan ishlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali yangi mehnat bozori shakllantirilmoqda.

Iqtisodiy oʻsishni taʼminlashning muhim omili

Qishloq joylarda aholi bandligini taʼminlash uchun agrar sohadagi islohotlar, klaster tizimini joriy qilish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini tashkil etish orqali qishloq aholisi uchun yangi mehnat imkoniyatlari yaratilmoqda. Bu esa hududiy disproporsiyalarni bartaraf etish va barcha hududlarda iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, yangi texnologiyalarni joriy etish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali masofaviy ishlash imkoniyatlari kengaymoqda. Bu, ayniqsa, nogironligi bor shaxslar, uyda oʻtirgan ayollar va boshqa ijtimoiy guruhlar uchun ishga joylashish imkoniyatlarini yaratadi. Davlatimiz tomonidan IT sohasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va yoshlarni raqamli salohiyatga ega kadrlar sifatida tayyorlash boʻyicha yirik dasturlar amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagi tahlillardan koʻrinadiki, Oʻzbekistonda aholi bandligini taʼminlash yoʻlida qator iqtisodiy va ijtimoiy mexanizmlar joriy qilinmoqda. Davlat dasturlari, investitsiya loyihalari, xorijiy tajribalarni tatbiq etish va mahalla darajasida bandlikni muvofiqlashtirish kabi choralar oʻz samarasini bera boshladi.

Bandlikni taʼminlashdagi bunday iqtisodiy mexanizmlar nafaqat iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiradi, balki aholining ijtimoiy farovonligi va barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shunday ekan, kelgusida ham mazkur siyosatni izchil davom ettirish va samaradorligini oshirish juda muhimdir.

Malika AKBAROVA,

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining

Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi assistenti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер