26-aprel — Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun
Ona tilim
Garchi zugʻum qilganlarni yoqtirmadim,
Sheʼr yozdimu boʻlak ishni qotirmadim.
Tilim turib oʻz tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bagʻri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Onam “erkam” deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yoʻq deb zirqirardi bir joylarim,
Parovozni hansiratgan bugʻdoylarim,
Oltinlarim, maʼdanlarim, ipaklarim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,
Oʻzbekni qon qaqshatganni oʻzbek siylar,
Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,
Topganimiz handalakdek tilim-tilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Kimdir mayda millat boʻldi, kimdir katta,
Katta millat — Afandisi yoʻqdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm oʻtsa faqat sendan oʻtdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Sen boʻlmasang nima bizga silliq sheʼrlar,
Bu dunyoda tili yoʻqda dil yoʻq derlar,
Bahoingku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning toʻridagi soʻlmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Bir qarasam har shevangda ming jilolar
Har novdangda, har mevangda ming jilolar.
Qodiriylar, Choʻlponlaru, Abdullolar,
Sening qaytgan kuning men tugʻilgan yilim,
Ona tilim, ey muqaddas Ona tilim.
***
Tanish terak. Ariq yoqasi.
Boʻtana suv, shirin loyqa suv.
Tol koʻchada otlar taqasi,
Qancha boʻldi koʻrmaganimga…
Yalpiz hidi tutgan dalalar,
Gapga chechan boqchaxolalar,
Belanchakda yotgan bolalar,
Qancha boʻldi koʻrmaganimga.
Togʻ ortidan moʻralagan kun,
Shiyponlardan oʻrlagan tutun,
Tut shoxiga osilgan tugun…
Qancha boʻldi koʻrmaganimga.
Oʻqariqdan yolgʻizoyoq yoʻl,
Menga ilhaq, menga mushtoq yoʻl,
O, qadrdon bir juft qadoqqoʻl,
Qancha boʻldi koʻrmaganimga.
Yogʻoch eshik ochilar sekin,
Toshmehrman men juda, lekin
Hozir yigʻlavorishim mumkin –
Qancha boʻldi koʻrmaganimga…
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring