2025-yildagi Oʻzbekistonning eng yaxshi notariusi aniqlandi

20:44 05 Dekabr 2025 Jamiyat
231 0

Oʻzbekiston Notarial palatasi tizimida 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida “Yilning eng yaxshi notariusi” tanlovi oʻtkazildi.

Ushbu tanlov olti yildan beri notariuslarning kasbiy madaniyati va bilimini oshirish, bayram arafasida faol va bilimli notariuslarni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etib kelinmoqda.

“Yilning eng yaxshi notariusi” koʻrik-tanlovining hududiy bosqichlari joylarda joriy yilning 15 – 25-noyabr kunlari oʻtkazilib, unda respublika bosqichi ishtirokchilari aniqlab olindi.

Tanlov ishtirokchilari – notariuslar tomonidan yakuniy bosqichning 1-shartiga koʻra tanlov hayʼatiga oʻz faoliyatlari haqida 3 daqiqalik videoroliklar taqdim etildi. Ikkinchi sharti Konstitutsiya hamda notariat sohasiga oid savol-javoblar boʻlib, notariuslarning javob berishda hozirjavobligi, javoblarning qisqa va loʻnda ekanligiga eʼtibor qaratildi.

Adliya vazirligining Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi boshligʻi Maʼsum Hatamov, Yuristlar malakasini oshirish markazi oʻqituvchisi Faringiz Yusupova, Palata rahbariyati va masʼul xodimlaridan iborat hakamlar hayʼati tanlovning xolis va shaffof oʻtishiga eʼtibor qaratdilar.

Yakunda Buxoro shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Durdona Toʻrayeva birinchi, Xorazm viloyati Bogʻot tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Gʻanisher Mahmudov ikkinchi, Andijon viloyati Andijon tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Isroiljon Abdurahmonov uchinchi oʻringa munosib deb topildilar. Birinchi va ikkinchi oʻrinlar sohiblari chet elga stajirovkaga yoʻllanmalarni qoʻlga kiritgan boʻlsa, uchinchi oʻrin egasi televizor bilan taqdirlandi.

Gʻoliblarni taqdirlash marosimida Palata raisi Dilshod Ashurov soʻzga chiqib faol va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan, meʼyoriy hujjatlarga rioya etgan holda aholiga yuksak saviyada huquqiy xizmat koʻrsatayotgan notariuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirib borish, notariat sohasida Oʻzbekiston amaliyotini xorijga olib chiqish orqali mamlakat nufuzi yaxshilanishiga hissa qoʻshish Palataning oʻz oldiga qoʻygan asosiy maqsadi ekanini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?