Zoʻravon ham, jabrdiyda ham — ayol... mi?!

12:35 14 Noyabr 2020 Jamiyat
1446 0

2020-yilning oʻn oyi mobaynida Fargʻona viloyatida xotin-qizlar tomonidan 723 ta jinoyat sodir etilib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 258 taga koʻpaydi. Fargʻona, Margʻilon va Qoʻqon shaharlarida xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik keskin oshgan boʻlsa, Fargʻona shahri hamda Oʻzbekiston va Oltiariq tumanlarida oilaviy ajrimlar koʻpaydi.

Har bir jinoyat ortida oila taqdiri bor ekan, bundan ona, turmush oʻrtogʻi, opa-singillar jabr koʻradi.

Fargʻona viloyatida gender tengligini taʼminlash va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumanida shu kabi raqamlar afsus bilan eʼtirof etildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, ayni paytda viloyat hokimi raisligida xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish boʻyicha 11 kishidan iborat viloyat komissiyasi faoliyat koʻrsatmoqda. Viloyat hokimligi, 19 ta shahar-tuman hokimliklari huzurida hamda 200 dan ortiq korxona-tashkilotlarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahat kengashi tashkil etildi.

Shu yilning oʻtgan davrida zoʻravonlikka uchragan 914 nafar ayolga himoya orderi rasmiylashtirib berildi. Natijada 260 ta oila yarashtirildi, 504 ta oilaviy nizolar bartaraf etildi hamda 3 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllanildi. 1052 nafar ogʻir sharoitda yashayotgan xotin-qizlarning turmush farovonligini yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi. Tijorat banklari tomonidan 1908 nafar tadbirkor ayollarning biznes-loyihalari uchun 72 mlrd. 244 mln. soʻm, xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan esa 541 nafar xotin-qizlarga 9 mlrd. 583 mln. soʻm miqdorida kredit ajratildi.

Tahlil va tanqid ruhida oʻtgan ochiq muloqotda xotin-qizlar murojaatlari bilan ishlash, jinoyatchilikning oldini olish, huquqiy savodxonlik tadbirlari samaradorligini oshirish, mahallalarda tashkil etilgan jamoatchilik kengashlari faoliyatini yaxshilash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Enaxon Siddiqova, viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Saidmurod Aminjonov, viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Dilnoza Ergasheva, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hisobotlari boʻyicha savol-javoblar oʻtkazilib, kelgusida oʻzaro hamkorlikda olib borilishi zarur boʻlgan ishlar kelishib olindi.

Matbuot anjumanida respublika va mahalliy OAV vakillari hamda blogerlarni qiziqtirgan savollarga tegishli mutasaddi idoralar rahbarlarining javoblari tinglandi.

B. Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер