Jizzaxda fuqarolarni chuv tushirgan firibgarga chora koʻrilmayaptimi?

14:45 22 May 2025 Jamiyat
98 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida fuqaro Sh.A. bir qancha shaxslarga tegishli boʻlgan avtomashinalarni xarid qilib, pulini toʻliq toʻlamayotgani, mazkur holatga esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar befarq qarayotgani mazmunidagi xabarlar keng tarqaldi. Jizzax viloyati IIB ushbu holat nazoratda ekanini maʼlum qildi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining bildirishicha, yuqoridagi vaziyat tarqatilayotgan xabar mazmunidan farq qiladi. Jumladan, fuqarolarning murojaatlari asosida shu yilning 2-may sanasida Sharof Rashidov tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan mazkur tumanning “Pastki soʻloqli” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- moddasi (firibgarlik) 3- qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

“Biroq ayni vaqtda gumon qilinuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qochib yuribdi. Shu bois ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqaro Sh.A.ni topish va majburiy keltirishga qaratilgan tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda. Agarda mazkur yoʻnalishdagi harakatlar samara bermasa, ushbu shaxsni sirtdan qamoqqa olish choralari koʻrilib, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinadi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Shuningdek, Sharof Rashidov tumanining “Kuyovboshi” mahallasida yashovchi O.O., “Gʻozgʻontepa” mahallasida istiqomat qiluvchi A.X. hamda Sirdaryo viloyati Boyovut tumani “Iftixor” mahallasida yashovchi A.D. huquqni muhofaza qiluvchi organlardan qochib yurgan fuqaro Sh.A.ning noqonuniy harakatlaridan jabrlangan.

Qoʻshimcha qilinishicha, tergov harakatlari davomida gumon qilinuvchi tomonidan fuqaro I.M. va I.N.ga ham moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan hamda ulardan ushbu holat yuzasidan arizalar olingan.

Bundan tashqari, fuqaro Sh.B.ga yetkazilgan ziyonga oid tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan boʻlib, mazkur tekshiruv hujjatini ham jinoyat ishiga qoʻshish choralari koʻrilgan. Bildirilishicha, ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilib, jarayon viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi nazoratiga olingan.

Shu oʻrinda, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi ommaviy axborot vositalari vakillarini xolislik talablarini buzmaslikka, faqat murojaatchilar bergan maʼlumotlarga tayanib qolmasdan masalaga aloqador tomonlardan ham maʼlumot olishni tavsiya qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?