Jinoyatni odatga aylantirgan mansabdorlar

16:10 18 Dekabr 2025 Jamiyat
189 0

Ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir amaldorning oʻz mansab mavqeyidan foydalanib, tamagirlik qilgani, turli korrupsion yoki davlat mulkini oʻzlashtirish bilan bogʻliq jinoyatlarga qoʻl urgani haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelamiz.

Birgina Qashqadaryo viloyati misolida olsak, oʻtgan yili Koʻkdala tumani hokimining oʻrinbosari mahalliy tadbirkordan tamagirlik yoʻli bilan 15 million soʻm olayotgan vaqtida qoʻlga tushgan edi. Joriy yilda esa Dehqonobod tumani hokimining ikki oʻrinbosari, Chiroqchi tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi, oʻnlab hokim yordamchilari hamda yana qator mansabdor shaxslarga nisbatan sodir etgan turli jinoyatlari uchun sud hukmlari oʻqildi.

Xalqimizda “bilib-bilmay...” degan ibora bor. U mohiyatini toʻliq anglamasdan yoki ehtiyotsizlik, chorasizlik oqibatida xato qilgan kishilarga nisbatan ishlatiladi. Ammo yuqorida tilga olingan mansabdorlarga nisbatan bunday deb boʻlmaydi. Chunki ularning aksariyati muqaddam ham xuddi shunday jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sudlangani, shunga qaramay yana amal kursisiga qaytgani maʼlum.

Masalan, Koʻkdala tumani hokimi oʻrinbosari avval ham Jinoyat kodeksining 167-moddasi asosida ayblanib, sudlangan. Chiroqchi tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan F. Jumanov esa 2022–2025-yillar davomida uch marta turli jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sudlangan. Ammo bu holatlar uning yana rahbarlik lavozimida faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qilmagan. Natijada u toʻrtinchi marta jinoyatga qoʻl urgan.

Yoki 2022-yil may oyidan 2024-yilning soʻngigacha Shahrisabz tumanining “Shamaton” mahalla fuqarolar yigʻinida hokim yordamchisi vazifasida ishlagan D. Muhiddinov misolini olaylik. U 2012-yilda talonchilik jinoyatini sodir etgani uchun sud tomonidan jazoga tortilgan. 2017-yilda esa firibgarlikka qoʻl urgani sababli sud hukmi bilan 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 2019-yil mart oyida jazoning oʻtalmay qolgan 4-yilu 8 oyi sud ajrimi asosida shu muddat davomida oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. 2020-yil sentyabr oyida esa yana sud ajrimi asosida jazoning qolgan qismidan toʻliq ozod etilgan.

Shunga qaramay, D. Muhiddinovga qayta ishonch bildirilib, masʼuliyatli lavozimga tayinlangan. Xoʻsh, natija qanday boʻldi? U amal kursisiga oʻtirgach, “bankdan imtiyozli kredit olib beraman” degan vaʼda bilan shu mahallada yashovchi toʻrt nafar fuqarodan jami 26 million 400 ming soʻm pul mablagʻini olgan, ammo na vaʼdani bajargan, na pulni qaytargan. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida imtiyozli kredit olmoqchi boʻlgan yana toʻrt nafar fuqaroning hujjatlarini qoʻlga kiritib, ular nomiga jami 121 million soʻm kredit rasmiylashtirib, mablagʻni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Surishtiruv va tergov harakatlari jarayonida D. Muhiddinov jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplagan. Biroq bu holat uni qilgan qilmishi uchun qonun oldida javobgarlikdan ozod etmadi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tumani sudining ochiq sud majlisida mazkur ish koʻrib chiqilib, D. Muhiddinovga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2-yilu 9 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Shuningdek, u ikki yil muddatga davlat ishtirokidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda mansabdorlik lavozimlarini egallash hamda moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

Albatta, sodir etilgan har qanday jinoyat kun kelib oʻz jazosini olishi muqarrar. Ammo bir necha marta mansabni suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun jazolangan shaxslarning yana qayta-qayta masʼul lavozimlarga tayinlanaverishi kishini oʻylantiradi.

Toʻgʻri, ularning sudlanganlik holati tugallangan yoki berilgan jazo muayyan lavozimni egallashiga huquqiy jihatdan toʻsqinlik qilmasligi mumkin. Biroq bu lavozimlarga raqobat juda kuchli: bitta vakant oʻrin uchun kamida 15–20 nafar nomzod daʼvogar boʻladi. Masʼul komissiya aʼzolari esa ularni har tomonlama oʻrganib, eng munosibini tanlab olishi lozim. Shunday ekan, yillar davomida umri tergov, sud idoralari va jazoni oʻtash muassasalari orasida oʻtgan shaxs qanday qilib yana “eng munosib” deb topilayotgani juda ayanchli holat.

Jahongir BOYMURODOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?