Javohir Sindarov Jahon kubogi gʻolibiga aylandi

17:05 26 Noyabr 2025 Jamiyat
389 0

Shaxmat faqat donalarning harakati emas, balki kuchli iroda, teran tafakkur va ulkan mehnat talab qiladigan maydon. Bu maydonda esa yosh, jasur va dadil avlod vakillarining maydonga chiqishi xalqimiz uchun cheksiz gʻurur bagʻishlaydi. Mana, oʻzbekistonlik 19 yoshli grossmeyster Javohir Sindarov ana shunday tarixiy marrani zabt etdi. U Hindistonning Goa shahrida oʻtkazilgan FIDE Jahon kubogi – 2025 finalida gʻalaba qozonib, dunyo shaxmat taxtining yangi chempioniga aylandi.

Final bahsida Sindarov Xitoy vakili Vey I bilan hal qiluvchi duelga chiqdi va qora donalarda ishonchli oʻyin namoyish etib, raqibini magʻlubiyatga uchratdi. Shu tariqa, u Jahon kubogining bosh sovrini 120 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotni qoʻlga kiritdi. Eng muhimi, bu gʻalaba unga 2026-yilgi Nomzodlar turniriga rasmiy yoʻllanmani ham taqdim etdi. Bu shaxmat olamida eng yuksak marralardan.

Shuningdek, Javohirning ushbu natijasi Oʻzbekiston shaxmat maktabining kuchini yana bir bor isbotladi. Qayd etish joizki, bundan 21-yil avval Rustam Qosimjonov ham Jahon kubogi sohibi boʻlib, tarixga kirgan edi. Bugun esa Javohir Sindarov ana shu faxrli anʼanani davom ettirdi.

Murosasiz bahslarda kechgan oʻyinga qisqacha toʻxtalmasak boʻlmaydi. Tay-brekning birinchi partiyasida Vey I 30-yurishda jiddiy xatoga yoʻl qoʻydi. Biroq vaziyat murakkab boʻlgani bois, Javohir yutuqqa eltuvchi yagona variantni darhol topa olmadi va partiya durang bilan yakunlandi. Shunga qaramay, asosiy qarama-qarshilikda Sindarov oʻzini qoʻlga oldi, raqibining zaif nuqtalarini topdi va qatʼiyat bilan gʻalabani qoʻlga kiritdi.

Bu yutuq tasodif emas. Javohirning oʻzi taʼkidlaganidek, u musobaqaga tayyorgarlik jarayonida kuniga 20 soatlab shaxmat oʻynab, murakkab vaziyatlarni tahlil qilgan. Oʻsmir yigitning bunday matonati va mehnatga sadoqati bugungi gʻalabaning asosiy poydevoriga aylandi.

Oʻzbekistonda shaxmat rivojiga berilayotgan eʼtiborning yorqin natijasi mana shunday gʻalabalar bilan isbotlamoqda. Jahon sahnasida 19 yoshli hamyurtimizning shuncha raqobatchilar orasidan ajralib chiqishi sportdagi ulkan yutugʻi, balki xalqimizning ilm-fan va tafakkurga boʻlgan munosabatini aks ettiruvchi yuksak muvaffaqiyatdir.

Javohir Sindarovning Jahon kubogi gʻolibiga aylanishi yurtimiz shaxmatchilari uchun yangi bosqich, yoshlar uchun esa ilhom manbai boʻldi. Gʻalaba mamlakatimiz shaxmatining yangi avlodida cheksiz salohiyat borligini yana bir bor namoyon etdi.

Bugun yurtimizning yana bir farzandi dunyo shaxmatining eng yuqori choʻqqilaridan birini zabt etdi. Javohir Sindarovning bu gʻalabasi nafaqat oʻzining, qolaversa butun Oʻzbekiston xalqining quvonchi, faxri va gʻururidir. Endi esa uning oldida yanada ulkan marralar nomzodlar turniri va, albatta, jahon shaxmat toji uchun chempionlik turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?