Jahon arenalariga yoʻl shu hovlidan boshlangan

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bugun qamashilik sportchilar haqida gap ketganda koʻz oldimizda ogʻir atletika boʻyicha jahon va Osiyo chempionlari Tursunoy Jabborova, Nigora Abdullayeva hamda Qurbonmurod Nomozov kabi nomlar gavdalanadi.
Albatta, bitta tumandan bir yoʻla uch nafar ogʻir atletikachining mamlakatimiz terma jamoasi safiga jalb etilishi va bugungi kunda ular haqiqatan ham dunyoning eng kuchlilari qatorida eʼtirof etilishi oson emas. Qamashilik ogʻir atletikachilar ham bugungi muvaffaqiyatlariga qadar uzoq va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgan.
Eʼtiborli tomoni, ularning barchasi sport bilan shugʻullanishni qamashilik faxriy sportchi, fidoyi murabbiy Toir Parmonovning oʻz hovlisida ochgan moʻjazgina zaldan boshlashgan.
Toir Parmonov bilan suhbatimiz ham bu fidoyi insonning faoliyati, yurtimiz sporti rivoji yoʻlida amalga oshirayotgan ishlari, shogirdlari erishayotgan natijalar xususida kechdi.
— Yoshlikda oʻzimcha sport bilan shugʻullanib, toʻylarda kurash tushib yurardim, — deydi u. — Maktabni tamomlagach, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetining ogʻir atletika boʻlimiga oʻqishga kirdim. Universitetni tamomlab, bir muddat maktabda, keyin kollejda ishladim. 2003-yil Andijon viloyatida boʻlib oʻtgan “Barkamol avlod” sport musobaqasiga shogirdlarim bilan ishtirok etib, yaxshi natija qayd etdik.
Oʻz shogirdlaridagi shijoatni koʻrgan murabbiy chekka hududlardagi yoshlarda ham bu sport turi boʻyicha katta salohiyat borligi, ularning doimiy shugʻullanishi uchun shart-sharoit, murabbiy zarurligini angladi. Shu maqsadda oʻzining kichik jamgʻarmasini tikib, hovlisining bir chetida moʻjazgina sport zalini qurib bitkazdi. Kerakli sport jihozlarini xarid qildi.
— Dastlab, yoshlarimizning bu sport turiga qiziqishi unchalik kuchli emasdi, — deydi Toir Parmonov. — Ilk shogirdim va qizim – Zilola Boʻriyevaning Osiyo chempioni va xalqaro toifadagi sport ustasi boʻlishi qamashilik yoshlarda bu sport turiga boʻlgan qiziqishni oshirib yubordi. Koʻplab yoshlar ogʻir atletika bilan shugʻullanish uchun kela boshladi. Natijada qisqa vaqtda shogirdlarim ichidan Qurbonmurod Nomozov, Tursunoy Jabborova, Nigora Abdullayeva kabi terma jamoa aʼzolari yetishib chiqishdi.
Bugun ham Toir Parmonovning atrofi shogirdlari bilan gavjum. Fidoyi murabbiy ularning ham jahon arenalarini zabt etishiga ishonadi. Shu yoʻlda oʻzining bor imkoniyatlarini ishga solib harakat qilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring