Yozyovon tumanida mahalla infratuzilmasini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi

09:54 09 Fevral 2026 Jamiyat
294 0

Yozyovon tumani markazidan 35 kilometr olisda joylashgan “Yangiboʻston” mahalla fuqarolar yigʻinining asosiy iqtisodiy drayverlari dehqonchilik va chorvachilik hisoblanadi.

Shu bilan birga, mahalla aholisi hudud orqali oʻtuvchi, Fargʻona vodiysini poytaxt bilan bogʻlovchi xalqaro avtomagistral boʻyida joylashgan xizmat koʻrsatish shoxobchalari orqali ham daromad manbaiga ega. Mazkur imkoniyatlarni inobatga olgan holda, soʻnggi yillarda Yozyovon tuman hokimligi tashabbusi bilan mahallada bir qator ijtimoiy loyihalar amalga oshirildi.

Xususan, mahallada “Nuroniylar maskani” barpo etildi. Yosh avlod uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida 33-umumtaʼlim maktabi hududida sport zali, shuningdek, 25-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun yangi bino qurib bitkazildi. Bundan tashqari, katta yoʻl yoqasida joylashgan 80 ta yer maydoni xizmat koʻrsatish va savdo doʻkonlari qurish uchun auksion orqali tadbirkorlarga berilgan edi. Ammo bugun ushbu loyihalarning amaliy holati qanday?

Yozyovon tumani hokimi Dilshodjon Jalilov tashkilot va idora rahbarlari ishtirokida “Yangiboʻston” MFYda oʻtkazgan oʻrganishlar davomida mavjud ishlar qoniqarsiz ekanini qayd etdi. Obodonlashtirish ishlari yetarli darajada emas. Xususan, katta yoʻl yoqasida xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etish uchun ajratilgan 80 ta yer maydonidan faqat 12 tasida qurilish ishlari boshlangan. Ularning ham bor-yoʻgʻi ikkitasi faoliyatni yoʻlga qoʻygan, xolos.

“Nuroniylar maskani”da ham yarim yil avval qanday holat boʻlgan boʻlsa, hozirga qadar deyarli oʻzgarish kuzatilmagan. Xonalar jihozlanmagan, bino amalda foydalanilmayapti. Mahalladagi maktabda esa darsdan keyingi toʻgaraklar faoliyati tashkil etilmagan. Yangi qurilgan sport zali ham isitish tizimi ishga tushirilmagani sababli foydalanish uchun yaroqsiz holatda qolmoqda.

— Bizga quruq hisobot va vaʼdalar emas, aniq natija beruvchi amaliy ishlar kerak, — dedi tuman hokimi. — Afsuski, aholini tadbirkorlikka jalb etish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish borasida mahalladagi “mahalla yettiligi” faoliyati talab darajasida emas. Tashabbus boʻlmagan joyda esa rivojlanish va taraqqiyot boʻlmaydi.

Shu munosabat bilan tuman hokimi masʼullarga hududda shunchaki oʻrganish emas, balki aniq amaliy ishga oʻtish vaqti kelganini qatʼiy taʼkidladi. Har bir masala ijrosi yuzasidan keskin eʼtiroz bildirilib, tegishli rahbarlarga manzilli va qatʼiy topshiriqlar berildi.

Aytish joizki, ayni paytda “Yangiboʻston” mahallasidagi 150 ta xonadonda qariyb 750 nafar aholi istiqomat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер