Yovni qoʻrquvga solgan qahramon

14:09 05 Noyabr 2025 Jamiyat
307 0

Tarix sahifalarida Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni nomi bilan bitilgan ozodlik harakatining mohiyati nihoyatda teran. Uning zamirida xalqni moʻgʻul bosqinchilari va oyogʻi yerdan uzilgan mahalliy amaldorlar zulmidan xalos etishdek ulugʻ maqsad mujassam.

Oʻzbekiston Tarixchilar jamiyati Buxoro viloyati boʻlimi raisi, Buxoro davlat universiteti dotsenti Azalshoh Hamroyev muxbirimizga xalq qahramoni haqida soʻzlab berayotib ana shuni alohida taʼkidladi.

Mahmud Buxoroning Torob qishlogʻida oddiy kosib xonadonida tugʻilgan. U tabiatan ziyrak va hushyor edi. Befarqlik, loqaydlik Mahmudga butkul yot sanalardi. Adolatsizlikni koʻrganda oʻzini qoʻyarga joy topolmasdi. Mahmudning qalbiga istilochilarga nisbatan nafrat tuygʻusi yoshligidan singib borgan. Ularning koʻz koʻrib, quloq eshitmagan zoʻravonliklari, mahalliy amaldorlarning qilmishlari, ruhoniylarning tomoshabinligi, betarafligi uning sabr kosasini toʻldirdi. Pichoq borib suyakka qadaldi. Iymonu insof nuri bilan yoʻgʻrilgan qalb larzaga keldi. Oxir-oqibat oʻzi singari kichik hunarmandlar, oddiy odamlarning dardlarini tinglab, atrofiga tarafdorlar toʻplashga kirishdi. Jafokash yuraklarda isyon uchqunlari chaqnay boshladi.

1238-yilda bu uchqun alangaga aylandi. Xalq moʻgʻul bosqinchilari, ularning tarafdorlariga qarshi qoʻzgʻolonga otlandi. Tabarruk ona yurtning daxlsizligi, Vatan ozodligi, xalqning osuda va farovon yashashi uchun koʻtarilgan bu qoʻzgʻolonning tashkilotchisi va rahnamosi Mahmud Torobiy edi. Moʻgʻullarning tajribali lashkarlari ham bu xalq qoʻshini hamlasiga dosh bera olmay, Buxoroni tark etishga majbur boʻldi. Qoʻzgʻolon yovni chinakamiga qoʻrquvga soldi. Mahmud Torobiy ezilgan, xoʻrlangan dehqon va hunarmandlarning umidi, himoyachisi, dono boshqaruvchi sifatida tarixga kirdi. U nomi afsonalar bilan qurshalgan Muqannadan va sulton Xorazmshohning oʻgʻli shahzoda Jaloliddin Manguberdidan farqli ravishda, tom maʼnoda oddiy xalq orasidan otilib chiqqan milliy qahramon edi.

Mahmud Torobiy shaxsi, uning millat oldidagi buyuk xizmati, jonfidoligini manbalar turlicha talqin qiladi. Xurosonlik tarixshunos va davlat arbobi Alouddin Atomalik Juvayniyning “Tarixi jahonkusho” yaʼni “Jahon fotihi tarixi” asari shunday manbalar sirasiga kiradi. Asar Xorazmshohlar davlati, ushbu saltanatning Chingizxon tomonidan bosib olinishi, moʻgʻullarning 1250-yillargacha boʻlgan hukmronligi tarixi batafsil yoritilgan ishonchli manbalardan sanaladi. 1252-1260-yillarda fors tilida yozilgan “Jahon fotihi tarixi”da boshqa manbalarda uchramaydigan qimmatli maʼlumot va tafsilotlar koʻp.

Shunday maʼlumotlardan biri Chingizxonning uchinchi oʻgʻli va vorisi Oʻqtoy Qoon (1229-1241) hukmronligi davrida yuz bergan Torobiy qoʻzgʻoloniga bagʻishlangan alohida bobdir. Barcha oʻrta asr tarixchilarining ushbu qoʻzgʻolon haqidagi hikoyalari Juvayniy maʼlumotlariga asoslangan. Shu oʻrinda asar muallifining shaxsiyati haqida toʻxtalish lozim deb hisoblaymiz. Alouddin Atomalik 1226-yilda hozirgi Eronning Juvayn viloyatida davlat xizmatchisi oilasida tavallud topgan. Uning ota-bobolari abbosiylar, saljuqiylar, xorazmshohlar davlatlarida yuqori lavozimlarda xizmat qilishgan. Alouddin Juvayniyning oʻzi esa yoshligidanoq moʻgʻullar xizmatiga kirib, 1283-yilgacha, aniqrogʻi, vafotiga qadar turli lavozimlarda ishlagan. Jumladan, qariyb yigirma yil mobaynida Bagʻdod hokimi vazifasida faoliyat yuritgan.

Binobarin, Chingizxon va uning avlodlari hukmronligi davri tarixshunosligi haqida soʻz borganda, Juvayniy moʻgʻul istilochilariga xayrixoh, “moʻgʻulparast” mualliflar qatorida sanab oʻtiladi. Mashhur sharqshunos De Osson uni hatto “ixtiyoriy ravishda” bosqinchilar maddohiga aylangan tarixchi, deya taʼriflagan. Shu mavzuda qalam tebratgan akademik A.Yakubovskiyning “1238-yildagi Torobiy qoʻzgʻoloni” asari ham salmoqli manbalardan biridir. U SSSR Fanlar Akademiyasining 1935-yil 20-martdagi sessiyasida qilgan maʼruzasini mazkur asar asosida tayyorlagan. Maʼruzada Alouddin Atomalik Juvayniy qalamiga mansub “Jahon fotihi tarixi” asariga munosabat bildirilgan. Sharqshunos olim Mahmud Torobiy shaxsi va uning Vatan ozodligi yoʻlidagi sayʼi-harakatlariga haqqoniy baho bergan. Alouddin Atomalik Juvayniyning “moʻgʻulparast” muallif sifatida yozib qoldirgan tuhmat va boʻhtonlardan iborat uydirmalarini oshkora qoralagan.

Gap shundaki, Juvayniy ilk satrlardanoq Mahmud Torobiyga nisbatan nodoʻstona munosabatini yashirmaydi. Uni ikkiyuzlamachi, yolgʻonchi sifatida tasvirlaydi. Juvayniy asarini tahlil qilar ekan, A.Yakubovskiy: “...harakatning oʻzi va uning rahbarlari haqida mutlaqo buzuq tasavvur hosil qilish hukmron tabaqa vakillari qoʻlida boʻlgan barcha feodal tarixshunoslikka xos xislatdir” – deb taʼkidlaydi.

A.Yakubovskiyning ushbu risolasi Oʻzbekiston tarixining milliy ozodlik kurashi va xalq qahramonlariga nisbatan adolatni tiklashda qimmatli manba boʻlib hisoblanadi. Zero, Oʻrta Osiyo tarixi manbashunosligi va tarixshunosligida “Tarixi jahonkusho” (“Jahon fotihi tarixi”) asarining “Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni” bobi hali oʻzining haqiqiy bahosini topmagan.

Darvoqe, A.Yakubovskiyning “1238-yildagi Torobiy qoʻzgʻoloni” risolasi ilk marotaba oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Asl manbaning tahlili ham amalga oshirildi. Bundan koʻzlangan maqsad esa tarix fani mutaxassislari va keng jamoatchilikka Mahmud Torobiyning milliy ozodlik kurashi yoʻlidagi xizmatlarini asl manba bilan oʻrganishga koʻmaklashishdan iborat. Zero, xalqimiz oʻzining mard va jasur, fidoyi farzandlarini aslo unutmaydi. Jondor tumanida Mahmud Torobiyning haykali qad rostlab turgani, yurtimizdagi qator koʻcha va mahallalar uning nomi bilan atalgani, yozuvchi va shoirlar xalq qahramoniga atab badiiy asarlar yozishayotgani fikrimiz dalilidir.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?