Yorugʻ va yoniq qalblar

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Mirishkor tumanining Mirishkor mahallasidamiz. MFY faollari shu hududda yashovchi 1-guruh nogironligi boʻlgan Farhod Hamroyevning 6 sotix tomorqadan yaxshigina daromad topib, bu borada koʻpchilikka ibrat boʻlayotgani haqida aytib qolishdi. Ularning taklifi bilan ana shu xonadonga yoʻl oldik.
Farhod Hamroyev tomorqada tartib bilan ekilgan sarimsoqpiyozlarga suv boshqarayotgan ekan. Uzoqdan ovozimizni eshitib, “Kelinglar, kelinglar” degancha peshvoz chiqdi. Qarshimizga kulib chiqib kelayotgan insonning koʻzlari ojizligiga sira ishongimiz kelmasdi. Xayolimizdan oʻtgan gapni payqagan mahalla raisi sekin pichirladi.
— Farhodjon zukko, koʻngli ochiq yigit. Koʻzlari koʻrmasa-da, hovlida bemalol yurishni oʻrgangan. Hech kimning yordamiga ehtiyoj sezmaydi.
Mezbonning tomorqasidagi ekinlari, bu yerda amalga oshirgan ishlari bilan tanishdik.
— Oilamizning asosiy daromadi shu tomorqa ortidan, — deydi Farhod Hamroyev. — Turmush oʻrtogʻim, farzandlarim bilan birga shu yerda ishlaymiz. Asosan sarimsoqpiyoz yetishtirish bilan shugʻullanamiz. Chunki shu ishni yaxshi oʻzlashtirganman, daromadi ham yomonmas. Tomorqaning bir qismiga roʻzgʻor uchun kerak barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ekib yetishtiramiz. Sigir, qoʻy, tovuq boqamiz. Sut-qatiq, tuxumdan tortib, goʻshtgacha oʻzimizdan chiqadi. Isteʼmoldan ortsa sotamiz. Xullas, mehnatimiz ortidan hayotimiz farovon. Hech narsadan kamchiligimiz yoʻq.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 108 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan fuqaro istiqomat qilmoqda. Ularning 10 mingga yaqini 1-guruh nogironligi boʻlganlar tashkil etadi. Albatta, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni tizimli qoʻllab-quvvatlash, ularga har tomonlama koʻmak koʻrsatish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Nogironligi boʻlgan fuqarolarga belgilangan tartibda nogironlik nafaqasi toʻlanadi. Turli ijtimoiy jamgʻarmalar, homiylar tomonidan moddiy koʻmak koʻrsatilayotganlar ham bor. Bu imkoniyati cheklangan fuqarolarning zarur hayotiy ehtiyojlarini qoplashi mumkin, ammo baribir kishining oʻzi harakat qilib pul topishi, doimiy daromad manbaiga ega boʻlishiga nima yetsin?!
Gʻuzor tumanining Mustaqillik mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Holida Atamurodova ham moddiy daromad topish, oilasi farovonligiga hissa qoʻshish maqsadida 4 sotix tomorqasining 2 sotix qismida issiqxona barpo etib, u yerda qulupnay yetishtirishni yoʻlga qoʻygan.
— Bir necha yil oldin moddiy tomondan juda qiynalib qolgandik, — deydi u. — Turmush oʻrtogʻim ham, oʻgʻlim ham chorasizlikdan ish izlab xorijga ketishdi. Men yordam soʻrab mahallaga bordim. U yerda “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlarga oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun imtiyozli kredit berilayotganini aytishdi. Mahalla faollarining maslahati hamda tavsiyasi bilan bankdan imtiyozli kredit olib 4 sotix tomorqamning 2 sotixida moʻjaz issiqxona qurdirdim. Yopiq sharoitda pomidor, bodring yetishtirishni yoʻlga qoʻydim. Keyin issiqxona sharoitida qulupnay yetishtirishni oʻzlashtirdim. Uning foydasi yanada koʻproq boʻldi. Hozir chorvachilik, parrandachilik yoʻnalishlarida ham daromad olishni boshladik.
Eʼtiborli tomoni, xonadon bekasining tomorqadan yaxshi daromad ola boshlaganini koʻrgan turmush oʻrtogʻi va oʻgʻli xorijdan qaytib, shu ishga bosh qoʻshishdi. Endilikda oila hamjihatlikda tomorqada baliq yetishtirish va shu kabi yana bir qator yangi-yangi loyihalar ustida bosh qotirmoqda.
Yuqoridagi qahramonlarimiz bilan suhbatlashib angladikki, ular hayotni doimo yorugʻ qalb bilan koʻradi. Hech qachon nolimaydi, imkoniyati cheklanganini pesh qilib, boshqalardan koʻmak kutmaydi. Qaysidir tashkilotlarning eshigi yonida yordam soʻrab, sargʻayib oʻtirmaydi. Oʻz rejalari, maqsadlari sari oʻzi intiladi. Farovon hayotining asosi ham shunda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring