Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi

15:26 10 Oktyabr 2025 Siyosat
171 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-oktyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida oʻtgan sammit ishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, Hamdoʻstlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida global siyosat va iqtisodiyotdagi oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan jarayonlar hamda xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotganiga qaramasdan, MDH oʻzining barqarorligi, samaradorligi va zarurligini namoyish etishda davom etayotganini taʼkidladi.

Oʻn yillar davomida yoʻlga qoʻyilgan mexanizmlar va aloqalar tufayli iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar masalalarning barcha yoʻnalishlarida yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

- Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz boʻlgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz, - dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Soʻng mamlakatimiz yetakchisi Hamdoʻstlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning keskinlashishi, proteksionizmning kuchayishi va barqaror rivojlanish yoʻlida yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotganini hisobga olgan holda iqtisodiy sheriklikni kengaytirish tashkilotning soʻzsiz ustuvor yoʻnalishi ekani koʻrsatib oʻtildi.

Oʻzbekistonning MDHdagi sheriklari bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yili 11 foizga oshgani va bu koʻrsatkich joriy yilda ham oʻsishda davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bunday koʻrsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiya chuqurlashayotgani va oʻzaro investitsiyalar oqimi koʻpayib borayotgani tufaylidir.

Mavjud imkoniyatlarni yanada toʻliq ishga solish, hamkorlikning bugungi surʼatini saqlab qolish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti birgalikdagi saʼy-harakatlarni quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga qaratishni taklif etdi.

Birinchidan, tovar ayirboshlashni koʻpaytirish uchun yanada qulay sharoitlarni shakllantirish.

Alohida tovarlarni, birinchi navbatda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonida tartib-taomil va talablarni soddalashtirish va milliy bozorlarga kirish, jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek MDH Iqtisodiy kengashi doirasida tashqi konyunktura oʻzgarishlariga tezkor javob berish va savdo oqimlari yoʻnalishini oʻzgartirish boʻyicha mexanizmlarni ishga tushirish, texnik toʻsiqlar va muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarni tan olish toʻgʻrisidagi bitimlar loyihalarini kelishish borasidagi ishlarni faollashtirish maqsadga muvofiq ekaniga eʼtibor qaratildi.

Ikkinchidan, transport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish.

MDH makonidagi transport tarmogʻida mavjud yoʻlaklar samaradorligini pasaytirayotgan muammoli holatlar hamon saqlanib qolayotgani qayd etildi. Bu barcha turdagi transportlar bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini tashkil etishni taqozo etmoqda.

Yuk tashish infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish muhimligini hisobga olib, Oʻzbekistonda transport sohasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish masalalari boʻyicha konferensiya oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Uchinchidan, oʻzaro investitsiyalar oʻsishini ragʻbatlantirish va kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash.

Bu borada maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash, kooperatsiyani chuqurlashtirish va biznesni jalb qilgan holda innovatsion startaplarni ilgari surish uchun MDHning Venchur platformasini yaratish, kelgusi yilda Toshkentdagi “INNOPROM” koʻrgazmasi negizida Innovatsion sanoat forumini oʻtkazish taklif qilindi.

Toʻrtinchidan, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish.

Oʻzbekiston rahbari taʼkidlaganidek, bugungi kunda MDHdagi sheriklar bilan anʼanaviy va muqobil energiya manbalaridan foydalanish, jumladan, atom elektr stansiyalari qurilishi sohasida qator yirik strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari MDH mamlakatlarida energetika sektorini innovatsion rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish va amalga oshirishni taklif etdi.

Beshinchidan, raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik.

Davlatimiz rahbari joriy yil avgust oyida Samarqandda oʻtgan “MDHda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum bu sohadagi kooperatsiya borasida oʻzaro qiziqish va imkoniyatlar ortib borayotganini koʻrsatganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan ushbu sohada Amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha koʻp tomonlama harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarida qoʻshma loyiha va dasturlarni kengaytirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi.

- Mamlakatlarimizda taʼlim sektori va mehnat bozori jadal rivojlanayotganini hisobga olib, Diplomlar, malaka va akademik dasturlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, Professional standartlar va malaka talablarini uygʻunlashtirish mexanizmini joriy etish lozim, deb hisoblaymiz, - dedi Prezident.

Kelgusi yilda kun tartibiga innovatsion ekotizimlarni shakllantirish, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlash uchun Yoshlar laboratoriyasini yaratish masalasini kiritgan holda, MDH Yoshlar forumini Xivada oʻtkazishga tayyorlik bildirildi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalalariga toʻxtalar ekan, Prezidentimiz tashqi siyosiy idoralar va maxsus xizmatlar oʻrtasidagi tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhimligiga eʼtibor qaratdi. Afgʻonistondagi vaziyat alohida eʼtiborni talab qiladi.

- Oʻzbekiston Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashning qatʼiy tarafdori ekanini taʼkidlayman. Shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etamiz, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Soʻzining yakunida Shavkat Mirziyoyev Sergey Lebedevning MDH Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlanishini qoʻllab-quvvatladi hamda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga tashkilotga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan muvaffaqiyatlar tiladi.

Yigʻilishda Hamdoʻstlikka aʼzo boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham soʻzga chiqdi.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kelishuv va qarorlar toʻplami imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер