Yangiobodlik “Temir xotin”

17:55 16 Iyun 2025 Jamiyat
168 0

Rustam Nurmatov/“Xalq soʻzi”. Jizzaxlik Zinnatoy Mamatqulova hammadan erta turadi. Dastkalla ushlab tutzoriga yoʻl oladi, zimmasidagi yuki sharafli. Qurt boqib ilgʻor pillakor nomini olgan mehnatkash ayolni Yangiobodliklar “Temir xotin” deyishadi. Yam-yashil barglarni qurtlari shivirlab yeganda shundan zavqlanadi. Tutlarning oʻtinlarini qishga gʻamlaydi, har yili hovlisini pilla qurtlariga boʻshatib beraverdi. Uning zahmatli mehnati ipaklarda, atlaslarda yanada jilo topmoqda.

— Dehqonchilik qonimda bor. Onam pillakor boʻlgan, bolaligimdan pilla boqqanman, suyagim dehqonchilikdan qotgan, — deydi “Shuhrat” medali sohibi Zinnatoy Mamatqulova. — Mehnatsevar oilaning qizi boʻlganim uchun turmushga chiqqandan keyin ham qiynalmadim. Dalaga paxta chopiqlariga chiqdim, pilla mavsumida pilla boqdik. Hatto chaqalogʻim boʻlgan vaqtlar ham bekor oʻtirgan emasman. Qoʻshnilarimiz bir quti pilla qurti olishsa, biz ikki quti boqardik. Xonadonimizning 8 ta xonasi shu ish uchun ajratilgan. Tumanimizda pillaxona bor. Shu yerga yetishtirganlarimizni topshiraman, keyin yana pilla qurtidan olib kelamiz. Mana, oltmish yildan oshibdiki, pilla qurti boqaman. Yerga, pillaga mehrim boʻlakcha. Prezidentimiz shu mehnatlarimni inobatga olib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlagani hayotimdagi eng quvonchli voqea boʻldi. Yuksak mukofotlanganlar orasida sakson yoshni qarshilagan choʻpon, temirchi ayollarni koʻrib zavqim oshdi. Ularning yoshigacha koʻplab imkoniyatim bor.

Zinnatoy opa har kuni bir xayrli ish qilishga, oilasi va odamlarga nafi tegishga harakat qiladi. Har bir oʻtayotgan kunini sarhisob qiladi. Oʻzi tikuvchilik sexlarida ham ishladi, hovlisiga koʻchatlar ekib, bogʻ-u gulzorga aylantirdi. Kim yordam soʻrasa yordamini ayamadi. Turmush oʻrtogʻidan erta ayrilgandan soʻng ham farzandlarining kelajagi yoʻlida mehnat qilishdan toʻxtamadi.

— Zinnatoy opa fidoyi, mehnatkash, halol ayol. Mahallaga ham koʻp foydasi tegadi, — deydi mahalla raisi Alisher Karimov. — Turmush qiyinchiliklariga chidamay ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga koʻmaklashadi. Oila muqaddasligi, inson mehnat bilan ulugʻligi, farzand tarbiyasida onalar oʻrni va vazifasi haqida suhbatlashadi. Kam taʼminlangan oilalarga tez-tez ehson qilib, oziq-ovqat yetkazib berishda yordamini ayamaydi. Yigirma toʻrt soat mehnat qilishdan charchamaydigan ayolga mahalladagilar havas qilishadi.

Zinnatoy opa oddiy pillakor emas, qoʻli chevar hunarmand. Chopon, belbogʻ, kashta tikishni ham joyiga qoʻyadi. Unga shogird tushgan qizlarning ham qoʻl mehnati orqali yaratilgan buyumlar ham xaridorgir, ham qadrli. El-u yurtga tanilish uchun mashhurlikka intilish shartmas, shunchaki oʻz kasbining qadrlab ham koʻpchilikning nazarida boʻlishni Zinnatoy opaning oddiy hayotida koʻrish mumkin. Yurtimizda shunday fidoyi insonlar koʻpaysin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?