Yangi Oʻzbekiston — mustaqillikni mustahkamlash va taraqqiyot yoʻli

Mamlakatimizda mustaqilligimizning 34-yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan bosh gʻoya asosida oʻziga xos bunyodkorlik kayfiyati bilan keng nishonlanmoqda. Bayramning bu gʻoyasi qalbimiz va shuurimizni ilhomlantiryapti.
Mustaqillik — barcha yutuq va marralarimiz poydevori, erkin hayotimiz kafolati, kelajakka ishonch bilan intilishimizni taʼminlaydigan buyuk neʼmat. Bu sana nafaqat tarixiy yoʻlga nazar tashlash, balki istiqbolni belgilash, yangi maqsadlarni koʻzlash uchun ham juda muhimdir. Zero, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mustaqilligimizni mustahkamlash va Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, xalqimizning erkin va farovon hayoti, shahar va qishloqlarimizdagi mislsiz oʻzgarishlar, odamlarni yaratuvchanlik kayfiyatida yaqqol aks etmoqda.
Soʻnggi 8-yilda Oʻzbekiston yuksalishning yangi davrida yashamoqda. “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida tub oʻzgarishlar yuz bermoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy sohalar va tashqi siyosatda shiddatli va izchil islohotlar jarayonlari kechmoqda.
“Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil davlat boshqaruvining asosiy mezoniga aylandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya esa inson huquq va erkinliklarini kafolatlaydigan, demokratik davlatchilik asoslarini mustahkamlaydigan muhim huquqiy asos boʻldi.
Dunyoda kechayotgan geosiyosiy taranglik, murosasizlik va baʼzi mintaqalarda oʻzaro ishonchning yoʻqolib borayotgani koʻp mamlakatlarning barqaror rivojlanishi uchun jiddiy toʻsiq boʻlmoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda Prezidentimizning siyosiy oqilligi bilan Oʻzbekiston diplomatiyasida oʻziga xos, milliy qadriyatlarimizga hamohang manfaatli muloqot uslubi shakllandi. Natijada, xalqaro hamjamiyatda doʻstlarimiz, Prezidentimiz siyosatini qoʻllab-quvvatlayotgan hamkorlarimiz safi tobora kengaymoqda.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda tinch, barqaror hayot tarzi va bunyodkorlik muhitini mustahkamlashga katta hissa qoʻshmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha sohalardagi koʻp yillik masala va muammolar yechildi. Suvdan foydalanish, energetika, transport kommunikatsiyalari kabi ustuvor tarmoqlarni Markaziy Osiyo mamlakatlari birga rivojlantirmoqda.
Amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati, qulay va jozibador investitsiyaviy muhit minglab yangi ish oʻrinlarini yaratishga keng yoʻl ochmoqda. Xususan, 2024-yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oʻsib, ilk bor 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 1,6 barobar oshib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport hajmi 27 milliard dollarga yetdi. Joriy yilda YAIM 130 milliard dollardan, eksport esa 30 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Bu raqamlar —Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining samarasi.
Oʻtgan qisqa davrda soliq tizimi soddalashtirilib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Valyuta liberallashtirilishi va tashqi savdoning erkinlashuvi orqali xorijiy investitsiyalar oqimi koʻpaydi. Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, fermer xoʻjaliklari uchun bozor mexanizmlarini joriy etish islohotlarning muhim yoʻnalishiga aylandi.
Ijtimoiy sohada ham tub oʻzgarishlar boʻlmoqda. Taʼlim tizimida 11-yillik umumiy oʻrta taʼlim tiklandi, yangi maktab va oliy taʼlim muassasalari ochildi. Xorijiy universitetlarning filiallari faoliyat yuritmoqda. Maktabgacha taʼlim qamrovi 2016-yildagi 27 foizdan 76 foizga, oliy taʼlimga qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetdi.
Sogʻliqni saqlash sohasida tibbiy muassasalarni modernizatsiya qilish, aholini sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlashga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy himoya tizimida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi yangi tizimlar aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashda muhim oʻrin tutmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshchiligida ijtimoiy yordam va xizmatlar koʻrsatishning samarali tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Yana bir muhim jihat — xalq farovonligining oshishi. Agar 2021-yilda aholining 17 foizi kambagʻallik chizigʻidan pastda yashagan boʻlsa, 2024-yilga kelib, bu koʻrsatkich 8,9 foizga tushdi. 2025-yil yakuniga qadar esa uni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilingan.
Yoʻllar, energiya tarmoqlari, ichimlik suvi va kommunikatsiyalar rivojlanmoqda. Yangi uy-joy dasturlari amalga oshirilib, yuz minglab oilalar zamonaviy xonadonlarga ega boʻldi.
Birgina misol, 1991-2016-yillarda mamlakatimizda 147586 xonadonli 3 636 ta koʻp qavatli uylar qurilgan boʻlsa, 2017 — 2024-yillarda qariyb 3,5 baravar koʻp — 490 660 xonadonli 12 373 ta koʻp qavatli uylar qurildi.
Oxirgi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz oshib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. 2030-yilga borib, jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish choralari koʻrilmoqda.
2009 — 2016-yillarda avtomobil yoʻllari tarmogʻini takomillashtirish maqsadida jami 9,4 trln. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, 2017 — 2024-yillarda ushbu koʻrsatkich 60 trln. soʻmdan yoki 6 barobarga ortdi. 2009 — 2016-yillarda 21 ming km. yoʻllarda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilgan boʻlsa, soʻnggi 8-yilda yoʻl ishlari hajmi 5 barobarga oʻsib, 106 ming km. yoʻllar holati yaxshilandi.
Natijada, oʻtgan 8-yil davomida taʼmirtalab yoʻllar ulushi 68 foizdan 27 foizga kamaytirildi. Joriy yilda yana 21 ming km. dan ortiq yoʻllar rekonstruksiya qilinadi va taʼmirlanadi hamda 320 ta koʻprik inshootlari qayta tiklanadi.
Bir soʻz bilan aytganda, yangi shahar massivlari, koʻp qavatli uy-joylar, yoʻl va koʻpriklar – bularning barchasi mustaqillik Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan taraqqiyot yoʻli samarasidir.
Qonun ijodkorligi jarayoni ham faol rivojlanmoqda. Ayniqsa, soʻnggi 8-yilda islohotlarning huquqiy asosini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan parlamentning qonun ijodkorligiga doir ishi ham miqdor, ham sifat nuqtai-nazaridan sezilarli darajada faollashdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun loyihalarini koʻrib chiqishda izchil oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, 2009 – 2016-yillarda 305 ta (yiliga oʻrtacha 38 ta) qonun loyihasi koʻrib chiqilgan boʻlsa, 2017 — 2024-yillarda bu raqam 1286 taga yetdi. Deputatlar tomonidan 2009 — 2016-yillarda jami 65 ta, 2017-2024-yillarda esa 141 ta qonun loyihasi tashabbus huquqi asosida kiritilgan.
Bu raqamlar Qonunchilik palatasi tomonidan qonun loyihalarini koʻrib chiqishning 4.2 baravarga oshganligini koʻrsatadi. 2025-yilning 6 oyi mobaynida 86 ta qonun loyihasining koʻrib chiqilgani yangi chaqiriq deputatlari ham yuqori faollik bilan ish boshlaganligini anglatadi.
Istiqlol tufayli biz erkin va farovon hayot qurish yoʻlidan bormoqdamiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar mustaqillikning amaliy samarasi, uning xalqimiz hayotidagi chinakam qadriyatga aylanganidan dalolatdir. Mazkur saʼy-harakatlar mamlakatimiz izchil taraqqiyotini, siyosiy barqarorlik, iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy adolat va inson manfaatlari ustuvorligini taʼminlamoqda. Eng muhimi, bu natijalar mustaqil, qudratli va zamonaviy Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga xizmat qilmoqda.
Rahimjon HAKIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring