Yangi Namangan zamonaviy va koʻrkam qiyofa kasb etmoqda

14:20 24 Dekabr 2025 Jamiyat
495 0

Nosirjon HASANOV olgan suratlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil sentyabr oyida Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida Norin tumanidagi Shoʻrariq mahallasida toʻxtab, aholi bilan muloqot qilgani qishloq ahli uchun kutilmagan quvonchli voqea boʻlgandi. Davlatimiz rahbari mahalla infratuzilmasi bilan tanishib, uni tubdan yangilash hamda nomini “Yangi Namangan” deb oʻzgartirish taklifini bildirgandi. Mana oradan uch oydan koʻproq vaqt oʻtdi. Xoʻsh, mahalla hayotida nimalar oʻzgardi, odamlarning kayfiyati qanday, rejadagi ishlar-chi?

Prezident tashrifidan soʻng atamada zohirdir inson murodi

Mustaqillikkacha boʻlgan davrdagi yaqin oʻtmishimizni hammamiz yaxshi bilamiz. Oʻzbekistonni paxta xomashyo bazasiga aylantirish siyosati oqibatlari ham barchamizga maʼlum. Bu siyosat qurbonlaridan biri — Norin tumanidagi oʻsha davr gʻoyalaridan kelib chiqib “Paxtaqishloq” deya nomlangan hududda tashkil etilgan “Oʻzbekiston” jamoa xoʻjaligi edi. Bu yerda azaldan sabzavot va bogʻdorchilikdan, chorvachilikdan baraka topib kelayotgan mahalliy aholi faqat paxta ekishga majburlangan edi. Keyinchalik qishloq markazi oʻsha davr mafkurasiga moslab “Shoʻro” deb ataldi.

Davlatimiz mustaqillikka erishgach sobiq ittifoq davridagi soxta atamalar yangilariga almashtirildi. Biroq bunda doim ham mahalliy aholi xohish-istaklari, intilishlari inobatga olinmadi. Shoʻro qishlogʻi ham mahalla guzaridan kesib oʻtuvchi ariqqa nisbat berilib, “Shoʻrariq” deb atab qoʻya qolindi.

Yillar davomida Shoʻrariqning shoʻri mahalla ahli taqdiriga ham salbiy taʼsir etdi. “Peshonamizga shoʻr bitgan ekan-da”, deb afsuslanishardi... Negaki, mahalla ahlining yashash sharoitlari haminqadar edi.

Kortej oʻz yoʻnalishini nega oʻzgartirdi?

2025-yil 16-sentyabr. Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi tafsilotlarini butun xalqimiz qiziqish bilan televizor va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib turardi. Kutilmaganda davlatimiz rahbari tashrif rejasidan chetga chiqib, qishloqlardan birida toʻxtagani va mahalliy aholi bilan muloqot qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu Norin tumanidagi Shoʻrariq qishlogʻi edi.

Davlatimiz rahbari oʻz siyosatini xalq bilan ochiq muloqot asosida olib borayotganidan xabardor boʻlsak-da, bunday voqealar kishini hayajonlantirmasdan qoʻymaydi. Chunki yuzma-yuz uchrashuvlar Prezidentimizning xalqparvarligidan dalolat beribgina qolmay, balki aholini qiynayotgan koʻplab muammolarga yechim topilishiga ham zamin yaratishiga koʻp marta guvoh boʻlganmiz. Bu safar ham shunday boʻldi.

Mahalla fuqarolar yigʻini raisi Akmaljon Xolmatovning aytishicha, davlatimiz rahbari tashrifidan keyin, endilikda “Yangi Namangan” deb nomlanayotgan mahalla hayotida katta oʻzgarishlar boshlandi.

Oradan ikki kun oʻtib viloyat hokimi mahallada kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazdi. Oʻzaro maslahatlashib olingach viloyat hokimining Yangi Namangan mahallasi qiyofasini tubdan oʻzgartirish boʻyicha tegishli farmoyishi qabul qilinib, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari boshlanib ketdi. Mana uch oydirki, mahalla katta qurilish maydoniga aylangan. Har bir koʻchada taʼmirlash, yangilanish jarayonlari davom etyapti. Yuzlab ishchilar maʼnan eskirgan bir necha binolar oʻrnida yangisini barpo qilish bilan mashgʻul. Davlat-xususiy sheriklik asosida tiklanayotgan bu koʻp qavatli binoning birinchi qavatida bolalar oʻyingohi, ikkinchisida savdo, uchinchisida xizmat koʻrsatish shoxobchalari, toʻrtinchi qavatda esa oʻquv markazlari ochiladi. Shuningdek, unda fitnes klub, kinoteatr, salomatlik markazi, huquq-tartibot maskani, maishiy, savdo va servis xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, yana bir koʻp qavatli bino qurilib, birinchi qavatiga mahalla fuqarolar yigʻini idorasi joylashtiriladi. Oilaviy shifokor punkti, xususiy maktab hamda yoshlar uchun stadion qad rostlaydi. Mahalladagi eski bolalar bogʻchasi oʻrnida ham 330 oʻrinli zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilishi rejalashtirilgan.

Shu mahallada yashovchi tadbirkor Nozimjon Rejapov mahalla guzarida umumiy qiymati 6 mlrd. soʻmlik zamonaviy toʻyxona quryapti. Hozirgacha 4 mlrd. soʻmlik ish bajarilgan. Mahalla raisi bir necha oy avval u bilan suhbatlashib, lotoklarni yangilash haqida gapirgandi. Bu ish ham ijobiy yechimini topadigan boʻldi. Bundan tashqari, Namangan — Haqqulobod avtomagistral yoʻlining Qoʻrgʻoncha mahallasidan to Haqqulobod shahrigacha boʻlgan 13 km. yoʻl boʻyida salomatlik yoʻlakchasi tashkil etiladi. Yuksalish koʻchasidan oʻtgan ariqning 0,9 km. uzunligida betonlash hamda 1,1 km. masofasida tuproq ishlari bajarilmoqda.

Qisqa fursatda yakuniga yetkazilgan ishlar ham talaygina. Mahalla raisining aytishicha, ilgari ikki marta “Tashabbusli byudjet” orqali 3 km.dan jami 6 km. ichki yoʻllar asfaltlangan boʻlsa, oʻtgan bir oy davomida qolgan 10,7 km. ichki yoʻllar ham yuz foiz asfaltlandi. Mahallada tadbirkorlar uchun “Bank xizmatlari ofisi” ochildi.

“Ichimlik suvi taʼminoti” korxonasi suv inshootlarini rekonstruksiya qilish, qariyb 14,1 km. tarmoq tortish loyihasini ishlab chiqqan. Unga koʻra quduq qazish va suv minorasi uchun yerlar ajratildi. Suv taʼminoti tarmoqlari ishchi holatiga keltirildi. Qishki mavsumda uy bekalari uchun yengillik yaratish maqsadida Bahrobod, Istiqlol, Mustaqillik va Qoʻshchinor koʻchalaridagi 441 xonadonga suyultirilgan gazga moslashtirilgan xavfsiz moslamalar oʻrnatildi. Bu boradagi ishlar davom ettiriladi.

Obod yurt obod xonadondan boshlanadi

Albatta, amalga oshirilayotgan ishlarning hammasini bir maqolada batafsil sanab oʻtish imkonsiz. Biroq aytish mumkinki, ular norinliklar joniga oro kirgani ayni haqiqat.

Va yana aytmoqchi boʻlganimiz — Yangi Namangan mahallasidagi 8 ta koʻchaga viloyat hokimining oʻrinbosarlari, IIB boshligʻi hamda tuman hokimi masʼul etib biriktirilgan. Tashkilotlar kuch va imkoniyati birlashtirilmoqda. Koʻchalarda asfaltlash, ariqlarni betonlash, soʻritok qilish hamda uylarning old qismini joriy taʼmirlash ishlari olib borilyapti. Kam taʼminlangan 35 ta oila uylarini homiylik yordami asosida taʼmirlab berish choralari koʻrilmoqda.

Mahallada 1248 ta uy xoʻjaligi boʻlib, aholi soni 5 ming 286 nafarni tashkil etadi. Xonadon egalarida qariyb 33800 sotix tomorqa mavjud. Ulardan unumli foydalanish evaziga qoʻshimcha daromad olish ham loyihalarda koʻzda tutilgan. Mehnat migratsiyasidan qaytgan besh nafar ayol bilan suhbat oʻtkazilib, ikki nafari ishga joylashtirildi. 14 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi berilishi natijasida ular oʻz-oʻzini daromadli ish bilan band etdi. Ishsiz ayollardan uch nafari tikuvchilikka ixtisoslashtirilgan “MiRSITi” MCHJga ishga joylashtirildi.

Bunyodkorlik va hamjihatlik maydoni

Asosiysi, mahallada boshlangan keng koʻlamli obodonlashtirish va qurilish ishlari yoshu qarini hamjihatlikka undadi. Bunyodkorlik boshlangan ilk kundanoq nuroniylar oʻz fikrlarini bildirib, milliy qadriyatlarimizni unutmaslik, mehnat muhitida ham oʻzbekona anʼanalarni saqlash haqida qaygʻurishdi. Guzarga yigʻilgan otaxonlardan biri “Har kuni yuzlab odam ishlamoqda. Mehmonlar ham koʻp boʻladi. Shunday ekan, mehnatga kelgan odamga non-choy, osh tayyor boʻlsin. Oʻzbekchiligimizni unutmaylik!” dedi. Otaxonning fikrini hamma qoʻllab-quvvatladi. Mahalla nuroniysi, 73 yoshli Odiljon Ismanov bu tashabbusning boshida turdi.

— Albatta, shunday qilishimiz kerak. Bu — faqat mehmonga hurmat emas, bu oʻzimizga, yurtimizga hurmat, — deydi u.

Birinchi oshni mahalla nuroniylari damlashdi. Keyin esa chiroyli anʼana shakllandi: har kuni maʼlum bir yilda tugʻilgan fuqarolar guruhi navbat bilan osh qilib bermoqda. Har bir kun — yangi dasturxon, yangi tabassum, yangi ruhiyat!

Koʻchada doshqozonda damlangan osh, yonimizda qadrli nuroniylar, mehnat bilan shugʻullanayotgan yoshlar — bularning barchasi mahallaning haqiqiy yuragi urayotganidan dalolatdir.

Eʼtiborli jihati, mahallada hech kim chetda turgani yoʻq. Har kimning oʻz hissasi bor — kimdir bel bogʻlab ishlamoqda, kimdir mehnatkashlarga choy uzatmoqda, kimdir oshpazga yordamlashmoqda.

Bunyodkorlik faqat beton va gʻisht bilan emas, mehr-oqibat va birdamlik bilan yuz berayotgani insonni quvontiradi. Odamlar “Prezident kelgan mahallada yashayapmiz!” degan iftixor bilan mehnat qilishayotir. Bunday muhitda har bir fuqaro oʻzini nafaqat kuzatuvchi, balki oʻzgarishlarning bevosita ishtirokchisi deb his etmoqda.

Aynan shu daxldorlik hissi, umumiy masʼuliyat tuygʻusi va milliy qadriyatlarga muhabbat tufayli bugungi bunyodkorlik ishlari nafaqat mahallaning qiyofasi, balki odamlarning tafakkuri, bir-biriga boʻlgan munosabatini ham yangilamoqda.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?