Yangi yil shukuhi koʻngillarga quvonch ulashmoqda

18:05 26 Dekabr 2024 Jamiyat
288 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni kunlarda yangi yil shodiyonalari shahar-tumanlar markazlaridan tortib, eng chekka hududda joylashgan mahallalargacha kirib bordi. Fargʻona markazidagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyi, Ahmad Fargʻoniy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, Ekoshahar hududlarida bayram archasi yasatilgan.

— Bayram tadbirlari 2025-yilning 10-yanvargacha davom etadi, — deydi Fargʻona viloyati madaniyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Eminjon Oʻrinov. — Bayram dasturlari doirasida taniqli va yosh sanʼatkorlar ishtirokida konsertlar uyushtirish, viloyatdagi 8 ta milliy-madaniy markazlar qoshidagi ansambllar, xalq badiiy jamoalarining chiqishlari tashkil etiladi.

Fargʻona shahrida zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida qurib bitkazilayotgan Ekoshaharda bu yil ilk bor nishonlanayotgan Yangi yil shodiyonalarida nafaqat viloyatning turli hududlari, Fargʻona vodiysi, qoʻshni mamlakatlardan kelgan sayyohlar ham faol qatnashayotgani eʼtiborga sazovordir.

— Bayram dasturlaridagi tomoshalar qatnashchilarga zavq ulashmoqda, — deydi Fargʻona shahar hokimi oʻrinbosari Yusufjon Yusupov. — Ekoshaharda yaratilgan ajoyib muhit, amfiteatrdagi tomoshalar, qadrdon kuy-qoʻshiqlar har oqshom barchani bayram sayllariga chorlamoqda. Endilikda Ekoshahar viloyatning bayram sayillari tashkil etiladigan asosiy madaniy maskanlaridan biriga aylanib ulgurdi.

Anʼanaga koʻra, joriy yilda ham viloyatdagi 20 ta markaziy dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda 100 turdan ortiq kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarini bozordagidan oʻrtacha 25-30 foiz arzon narxda sotib olish mumkin.

— 20-dekabrdan boshlangan yarmarkalar faoliyati 5-yanvargacha davom etadi, — deydi Yozyovon tumani “Dehqon bozori”MCHJ rahbari oʻrinbosari Hakimjon Yoʻldoshev. — Shu maqsadda tumandagi fermer va dehqon xoʻjaliklari bilan shartnomalar imzolangan. Yangi yil yarmarkasida 1 kilogramm mol goʻshti 70 ming soʻm, bir kilogramm baliq 20 ming soʻm, tuxumning donasi 1100 soʻmdan sotilmoqda.

— Bugun Rishton tumani markazida joylashgan dehqon bozoridan Yangi yil dasturxoni uchun zarur boʻladigan mahsulotlarni arzon narxda sotib oldim, — deydi mehnat faxriysi Mamadali Gʻiyosov. — Savdo rastalarida fermer va dehqon xoʻjaligi, ilgʻor tomorqachilar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar xaridorga manzur narxda taklif etilyapti. Mahsulotlar sifati yaxshi.

Ayni kunlarda Fargʻona shahri markazidan tortib, viloyatning eng olis va uzoq mahallalarida ham bayram shukuhi kezmoqda. Bu har bir oila, hamyurtimiz qalbiga oʻzgacha surur baxsh etib, Yangi yilni ezgu niyatlar bilan kutib olishga chorlamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?