Yangi yil dasturxoniga yangi uzilgan qulupnay

15:47 25 Dekabr 2023 Jamiyat
1113 0

Foto: Arxiv surat

Qulupnay, asosan, bahor va kuz oylarida dasturxonlarni bezaydigan rezavor meva boʻlib, xalqimiz uni sevib isteʼmol qiladi. Tomorqachilarning omilkorligi tufayli bu tansiq meva bugungi kunda issiqxonalarda yetishtirilib, qish oylarida ham bozor rastalarini bezamoqda.

Surxondaryolik tomorqachi Adham Mamadullayev xalqimizning Yangi yil bayrami dasturxoniga yangi uzilgan qulupnoy tortiq qilishga ahd qilgan edi. Bugun uning 5 sotixlik issiqxonaning 3 sotixida pishib yetilgan marvarid misol qulupnaylarni koʻrgan kishining koʻzi quvnaydi.

Termiz tumanining Soliobod mahallasida yashovchi tomorqachi aslida ochiq maydonda bahor va kuz oylarida qulupnoy ekib, yiliga 150 million soʻm daromad topayotgan edi. Qulupnayni issiqxonada yetishtirish esa oilani yil boʻyi daromad bilan taʼminlaydi.

— Dastlabki tajribamiz juda muvaffaqiyatli boʻldi, — deydi A. Mamadullayev. — Shu yil oktyabr oyida issiqxonaga 3000 tup sovuqqa chidamli “koreyskiy” navli qulupnoy koʻchatini ekkandik, qarang, yangi yil arafasida hosil pishdi. Chunki koʻchatlarni zamonaviy Koreya texnologiyasi asosida parvarishlayapman. Hozir har kuni bozorga yangi uzilgan qulupnoy chiqaryapmiz. Mahsulotimiz juda xaridorgir, qoʻlma-qoʻl boʻlib ketyapti. Har tup qulupnoy koʻchatidan 14-15 dona hosil olamiz. Har dona qulupnoy mevasi esa 70 — 80 gramm tosh bosadi. Bahor va kuz oylarida ochiq maydonda va issiqxonadagi 3000 tup qulupnaydan yil yakuni bilan 200 million soʻm daromad kelmoqda.

Gap shundaki, Adham Mamadullayev Soliobod mahallasida yoshlar yetakchisi vazifasida ishlaydi. Mahalladagi 1200 nafardan ziyod yigit-qizga oʻzi tomorqasini gullatib qoʻyib, ibrat koʻrsatmoqda. Oʻtgan yili mahallada ishsiz yoshlar soni 92 nafarni tashkil etgan boʻlsa, hozirgi kunda 6 nafar bandligi taʼminlanmagan yigit-qiz bor, xolos. 10 nafar yosh auksionda qatnashib, 20 sotixdan yer egasi boʻlishdi va mehnati ortidan moʻmaygina daromad topmoqda.

Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер