Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman

10:22 10 Fevral 2026 Siyosat
2567 0

Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni arafasida Toshkent davlat transport universitetida “Ilm-fan sohasida qizlar: imkoniyatlar va masʼuliyat” mavzusida respublika anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

Parlament yuqori palatasi rahbari oʻz soʻzida ilm-fan sohasida ayollar va qizlar xalqaro kuni formal tenglik yoki alohida imtiyoz berish masalasi emasligini taʼkidladi. Ushbu sana inson kapitali samaradorligini oshirish, ilmiy qarorlar sifatini yaxshilash hamda transport, fan va barqaror taraqqiyotning kelajagini taʼminlashga qaratilgan muhim tashabbusdir.

Tadbir davomida xotin-qizlarning ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalardagi ishtiroki, zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallash borasidagi imkoniyatlari, jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni va masʼuliyati atroflicha muhokama qilindi.

Davlat tomonidan xotin-qizlarning ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar, grant dasturlari va taʼlim imkoniyatlarining amaliy ahamiyati alohida qayd etildi.

Soʻzga chiqqanlar bugungi kunda ilm-fan sohasida xotin-qizlar ulushini oshirish, ayniqsa, aniq va texnik fanlar, muhandislik va innovatsiya yoʻnalishlariga qizlarni keng jalb etish ustuvor vazifalardan biri ekanini taʼkidladi. Bu borada taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va davlat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Ilm-fan sohasida salmoqli natijalarga erishgan iqtidorli talaba-qizlarning yutuqlari eʼtirof etildi. Ochiq muloqot shaklidagi muhokamalar ishtirokchilarga oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.

Anjuman doirasida talaba-qizlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, iqtidorini rivojlantirishga koʻmaklashishga xizmat qiladigan Qizlar tashabbuslari va maslahat markazi hamda oilali, farzandli talabalar uchun Ona va bola xonasining ochilishi marosimi oʻtkazildi.

Tadbir yakunida ilmiy faolligi, tashabbuskorligi va yuqori natijalari bilan ajralib turgan bir guruh iqtidorli qizlar Oliy Majlis Senati Raisi tomonidan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?