Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari

17:03 09 Fevral 2026 Iqtisodiyot
3004 0

Global iqtisodiyotda sarmoyalar oqimini jalb etish yoʻlida zimdan kurash ketadi. Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, bu kurash maydonida AQSH, Singapur va Xitoyning qoʻli baland kelib, investitsiyalarning katta qismi ushbu davlatlarga yoʻnaltirilmoqda.

Darhaqiqat, aksariyat yirik investorlar oʻz mablagʻlarini ushbu mamlakatlardagi istiqbolli sohalar hisoblangan axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, “yashil” energetika, raqamli iqtisodiyot loyihalariga tikishni maʼqul koʻrishmoqda. Eʼtiborli tomoni, keyingi paytda sarmoyalar oqimida birmuncha oʻzgarishlar kuzatilib, uning muayyan qismi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari tomon yoʻnaltirila boshlandi. Ayniqsa, Indoneziya va Vyetnamning investitsiyaviy jozibadorligi ortib, kiritilayotgan chet el sarmoyalari yil sayin ortib boryapti.

Shu oʻrinda savol tugʻilishi tabiiy: dunyoga ochilgan, hamkorlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotgan Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati qanday?

Amerikalik taniqli investor, “Rogers Holdings” kompaniyasi asoschisi Jim Rojersning fikricha, global bozorlarda xatarlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda Osiyo bozorlari, ayniqsa, Oʻzbekiston istiqbolli hisoblanadi. Shu bois u AQSH va Rossiyadagi barcha aktivlarini sotib, investitsiyalarini Oʻzbekiston fond bozoriga kiritdi. Shubhasiz, bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan huquqiy va institutsional islohotlar tufayli Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Koʻplab xorijiy sarmoyadorlar mamlakatimizni yangi “oʻsish nuqtasi” deya eʼtirof etmoqda. Buni soʻnggi yillarda jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi jadal surʼatlarda oshayotgani ham tasdiqlaydi. Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, oxirgi toʻqqiz yilda barcha iqtisodiyot tarmoqlariga 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kiritilgan. Davlat rahbari Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida 2025-yilda chet ellik hamkorlar bilan yana 140 milliard dollarlik yangi investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgani, 2026-yilning oʻzida 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinishini maʼlum qildi. Bu borada qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar haqida toʻxtalar ekan, “Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik oʻsish, inson kapitaliga berilayotgan eʼtibor – Oʻzbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda”, deya alohida taʼkidladi.

Oqilona investitsiya siyosati

Islohotlarning yangi davrida oqilona investitsiya siyosati yuritila boshlangach, Oʻzbekistonning iqtisodiy imiji yaxshilandi, unga boʻlgan ishonch ortdi. Ayni shu jihat uning investitsiyaviy salohiyati yuksalishida muhim omil boʻlyapti.

Mamlakatda investitsiya siyosatining oʻziga xos xususiyati shundaki, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi yoʻnalishlarni oʻzlashtirish, bozori aniq, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga qaratilgan loyihalarga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Natijada jalb qilinayotgan mablagʻlardan unumli foydalanilib, ular, asosan, zamonaviy korxonalar barpo etish, infratuzilma obyektlari bunyod qilish, ijtimoiy soha obyektlari hamda zamonaviy shahar va mavzelar qurish kabi aniq maqsadlarga yoʻnaltirilyapti. Bularning samarasi, eng avvalo, jahon bozorida raqobatbardosh boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirilayotgani, shahar va qishloqlarimiz qiyofasining tubdan oʻzgarib, aholi farovonligi va hayot sifati oshib borayotganida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotlariga qaraganda, 2025-yilda Oʻzbekistonda oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar umumiy hajmi 43,1 mlrd. AQSH dollariga yetib, avvalgi yildagiga nisbatan 24 foiz oʻsishga erishildi. Investitsiyalarning salmoqli qismi — 38,2 mlrd. dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hissasiga toʻgʻri keldi. Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlaridan 4,9 mlrd. dollar miqdorida moliyaviy resurslar jalb etildi.

2025-yilda oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi.

Ushbu oʻsish surʼati investorlar ishonchi ortib, jahonning nufuzli xalqaro brendlari mamlakat bozoriga kirib kelayotgani, qolaversa, Oʻzbekistonning asosiy strategik hamkorlari — Xitoy, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni hamda Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar bilan savdo-sarmoyaviy hamda iqtisodiy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani bilan izohlanmoqda. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Abdulla Hoshimovning aytishicha, investitsiyalar jalb etish hajmida oʻsish surʼati keyingi yillarda ham saqlanib qoladi.

— Yangilanayotgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida investitsiyaviy jozibadorlikni yanada oshirish, qimmatli qogʻozlar bozorini jadal rivojlantirish ham koʻzda tutilgan, — deydi u. — Ustuvor rejaga koʻra, asosiy kapitalga kiritiladigan investitsiyalar yillik oʻrtacha 5-7 foiz oʻsib, xorijiy investitsiyalar hajmi esa har yili oʻrtacha 7 foiz oshiriladi. Ahamiyatlisi, bu davrda umumiy qiymati 150 mlrd. dollarlik 400 dan ziyod strategik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Muhim indikator

Mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida investitsiyalarning mutanosib yoʻnaltirilishi alohida ahamiyatga ega. Binobarin, investitsiya oqimlarining hududiy taqsimlanishi iqtisodiy siyosatning eng muhim indikatorlaridan biri hisoblanadi. Chunki sarmoyalar nomutanosib yoʻnaltirilsa, ayrim hududlar jadal rivojlangani holda, boshqalari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda ortda qolishi oqibatida keskin tafovutlarni yuzaga keltiradi. Masalaga ana shu jihatdan yondashadigan boʻlsak, afsuski, Oʻzbekiston ham kapital boshqaruvida shunday holat kuzatilayotganiga guvoh boʻlamiz.

Gap shundaki, mamlakatga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalarning sezilarli ulushi Toshkent shahri va Toshkent viloyati, shuningdek, Samarqand, Navoiy hamda Buxoro viloyatlarida jamlanib qolayotgani kuzatilmoqda. Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa investitsiya oqimlaridan nisbatan kam ulush olyapti. Bunday sharoitda hududlararo rivojlanish tafovutlari chuqurlashib, infratuzilma, bandlik, ishlab chiqarish salohiyati va xizmatlar sifati kabi yoʻnalishlarda nomutanosibliklar paydo boʻlishi ehtimoli ortadi.

Keling, shu oʻrinda aniq raqamlarga toʻxtalamiz. Hududlar kesimidagi tahlillar 2020-2024-yillarda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar sezilarli darajada “markazlashgan”ligini koʻrsatmoqda. Jumladan, Toshkent shahrining ulushi 20,9 foiz, Toshkent viloyatining ulushi esa 13,1 foizni tashkil etib, poytaxt va unga tutash hududning birgalikdagi hissasi 34 foizga teng boʻldi. Buning oqibatida qolgan 12 ta hududga sarmoya oqimi nisbatan pastligicha qolgan.

Aytish joizki, bozor hajmi, transport-logistika tizimi, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, malakali kadrlar hamda boshqaruv va xizmat koʻrsatish markazlarining bir makonda jamlanishi kapitalning maʼlum hududlarda konsentratsiyalanishiga olib keladi. Natijada “oʻzini-oʻzi kuchaytiruvchi tortishish” mexanizmi yuzaga keladi. Yaʼni investorlar risklar va tranzaksiya xarajatlari past boʻlgan hududni afzal koʻrgani sari yangi loyihalar ham koʻproq aynan shu makonda jamlanadi va hududiy tafovutlar oʻsib boraveradi.

2020-2024-yillarda hududlarga kiritilgan investisyailar hajmi.

Bundan tashqari, yirik loyihalarning muhim qismi koʻchmas mulk va infratuzilma bilan bevosita bogʻliq boʻlgan “yangi qurilish” kanali orqali amalga oshirilishi ham markazlashuvni kuchaytiruvchi omilga aylangan. Shu oʻrinda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga tayanib aytadigan boʻlsak, poytaxtda qurilish faolligi nisbatan yuqori boʻlib, 2023-yil yanvar-sentyabr oylarida oʻzlashtirilgan investitsiyalarning 43,7 foizi yangi qurilishlarga yoʻnaltirilgan. Demakki, bu investitsiya hajmi ham tabiiy ravishda markazda “ogʻirlik markazi”ga ega boʻlib shakllanishini anglatadi.

Sarmoyalarni “yotqizish”dagi nomutanosiblikni investitsiya oqimlarining qaysi tarmoqlarga yoʻnaltirilayotgani misolida yanada yaqqol koʻrish mumkin. Milliy statistika qoʻmitasining 2024-yil yanvar-iyun oylariga doir hisobotidan investitsiya tarkibida eng yirik ulushlar resurslar va infratuzilmaga bevosita yaqin boʻlgan tarmoqlarga toʻgʻri kelayotgani koʻrish mumkin.

2024-yil yanvar-iyun oylarida iqtisodiyot sektorlari boʻyicha investitsiyalar taqsimoti

Mazkur tarkibning oʻzi hududlararo tafovutlarning kuchayishiga institutsional va iqtisodiy asos yaratadi.

Shu oʻrinda statistik hisobga olishning ayrim uslubiy xususiyatlarining qoʻshimcha taʼsirini ham eʼtibordan qochirmaslik zarur. Bu yerda gap ayrim yirik kompaniyalar bosh ofislari koʻpincha poytaxtda roʻyxatdan oʻtkazilgani sababli investitsiya oqimlari hududiy kesimda markaz tomonga “siljigan” koʻrinishda aks etishi ehtimoli ham borligi haqida ketmoqda.

Institutsional mexanizm

Oʻzbekiston investitsiya oqimlarining notekis taqsimotidagi mavjud muammolarni yumshatishda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish yoʻlidan bormoqda. Bu yaxshi, albatta. Sababi, mazkur yondashuv investitsiyalarni nisbatan kam rivojlangan hududlarga yoʻnaltirish orqali iqtisodiy tafovutlarni qisqartirish, ishlab chiqarish va sanoat salohiyatini muvozanatlashtirishga qaratilgan institutsional mexanizm sifatida namoyon boʻldi. Natijada 2017-yildan keyingi davrda erkin iqtisodiy hududlarni barpo etish jarayoni sezilarli darajada jadallashdi.

2025-yil yakunlari koʻra, respublikada faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zona (EIZ)lar

Ushbu hududiy-iqtisodiy institutlar doirasida jami 7 495 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt joylashgan. Raqamlardan koʻrinib turibdiki, mamlakatda sanoat va innovatsion faoliyatni hududiy asosda rivojlantirishga qaratilgan institutsional infratuzilma sezilarli darajada kengaygan. Shunday boʻlsa-da, joylarda hududiy-iqtisodiy institutlar soni izchil oshib borishiga qaramay, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimida nomutanosiblik yuqoriligicha qolayotgani taassuflanarlidir.

Sodda qilib aytganda, bugun erkin iqtisodiy hududlar soni boʻyicha eng yuqori oʻrinda boʻlgan viloyatlar har doim ham toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushida yetakchilik qilayotgani yoʻq. Bunga Qoraqalpogʻiston Respublikasi (82 ta), Surxondaryo (82 ta) va Samarqand (80 ta) viloyatlari misol boʻla oladi. Garchi ushbu hududlarda erkin iqtisodiy zonalar soni nisbatan koʻp boʻlsa-da, investitsiyalarni jalb etishdagi ulushi past darajadaligicha qolmoqda. Toshkent shahri (12 ta), Toshkent viloyati (45 ta) va Navoiy viloyatida (57 ta) buning aksini koʻrish mumkin: erkin iqtisodiy hududlar soni nisbatan kam, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushi ancha yuqori. Ayni shu holat amaliyotda tez-tez uchraydigan “erkin iqtisodiy zonalar sonining ortishi avtomatik tarzda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi oshishiga olib kelmaydi”, degan paradoksni yaqqol tasdiqlaydi.

Muammo nimada, degan haqli savol tugʻiladi, albatta.

Mutaxassislarning fikricha, hududiy-iqtisodiy institutlar koʻpincha fiskal ragʻbatlantirish vositasi sifatida kengaytiriladi. Lekin investorlar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etuvchi hududning investitsiyaga tayyorlik darajasi yetarli darajada mustahkamlanmaydi. Yaʼni muammoning asl ildizi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, institutsional muhit sifati, transport logistikasi, malakali kadrlar, bozor sigʻimi hamda ishlab chiqarish va taʼminot zanjirlariga integratsiya darajasining pastligiga borib tutashadi. Ushbu masalalar yechilmasdan turib, hududlarning investitsiyaviy salohiyatini koʻtarish borasidagi saʼy-harakatlar kutilgan samarani bermaydi.

Jahon banki tadqiqotlari ham fikrimizni tasdiqlaydi. Unda keltirilishicha, erkin iqtisodiy zonalar sonining koʻpayishi oʻz-oʻzidan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimini kafolatlamaydi. Amaliy jihatdan muvaffaqiyatli zonalar, avvalo, ishlab chiqarish va savdo faoliyatini qoʻllab-quvvatlovchi real sektor omillari, jumladan, transport-logistika infratuzilmasi, bojxona va savdo tartib-taomillarining soddalashtirilganligi hamda institutsional barqarorlik bilan tavsiflanadi. Bunday sharoitda soliq va fiskal imtiyozlar investitsiya qarorlarida muhim boʻlsa-da, koʻpincha ikkilamchi omil sifatida namoyon boʻladi. Demak, erkin iqtisodiy zonalar siyosati samaradorligi ularning son jihatdan koʻpayishi bilan emas, balki hududlarning investitsiyaga real tayyorligi va institutsional sifatining yaxshilanishi bilan oʻlchanadi.

BMT Savdo va rivojlanish boʻyicha konferensiyasi tomonidan oʻtkazilgan global tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, dunyo miqyosida erkin iqtisodiy zonalar soni jadal surʼatlarda oshib borayotgan boʻlsa-da, koʻplab mamlakatlarda ularning samaradorligini baholash va past natijadorlikka nisbatan tezkor institutsional javob choralarini koʻrish mexanizmlari yetarli darajada rivojlanmagan. Monitoring va baholash tizimlari sust sharoitida maxsus sanoat hududlarining koʻpayishi davlat byudjetiga qoʻshimcha fiskal yuklamani keltirib chiqarishi mumkin. Oqibatda EIZ sonining oʻsishi koʻproq institutsional faoliyat koʻrsatkichi sifatida namoyon boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi va hududlar boʻyicha taqsimoti kabi asosiy iqtisodiy natijalar esa oʻzgarmasligi yoki faqat ayrim hududlarda jamlanib qolishi mumkin. Ushbu holat ragʻbatlantirish siyosatini qayta koʻrib chiqish va uni natijadorlikka yoʻnaltirilgan yondashuv bilan mustahkamlash zarurligini koʻrsatadi.

Xalqaro yondashuv va milliy tajriba

Oʻzbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari sonining ortishi asosan “hududiy jihatdan taqsimlangan rivojlanish siyosati” mantiqiga asoslanadi.

Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan Oʻzbekistonda erkin iqtisodiy zonalar boʻyicha olib borilgan hamkorlik va tahliliy hujjatlarida ham asosiy muammo aynan regulyator-huquqiy va institutsional muhitni takomillashtirish zarurati bilan izohlanadi. Jahon bankining Oʻzbekistonda infratuzilma boshqaruvi tizimini baholashga qaratilgan tahlillarida davlat investitsiyalarini rejalashtirish, ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, institutlararo muvofiqlashtirish hamda loyiha samaradorligini taʼminlash jarayonlarida mavjud tizimli cheklovlar xususiy sektor ishtirokining yetarli darajada faollashishiga toʻsqinlik qilayotgani qayd etilgan. Mazkur “tor joylar” (bottlenesklar) investitsiya muhitining umumiy jozibadorligini pasaytirib, ayniqsa, erkin iqtisodiy hududlar doirasida xususiy kapitalni jalb etish samaradorligini cheklab qoʻymoqda.

Jahon banki va BMTning Savdo va rivojlanish boʻyicha konferensiyasi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar ham erkin iqtisodiy zonalar samaradorligining asosiy sharti sifatida infratuzilma taʼminoti va savdoni yengillashtirish mexanizmlarining uygʻunligini alohida taʼkidlaydi. Aks holda, zarur institutsional va texnik sharoitlar bilan mustahkamlanmagan zonalar real investitsiya maydoniga emas, balki faqat rasmiy-huquqiy maqomga ega boʻlgan “qogʻozdagi hududlar” sifatida qolib ketish xavfini yuzaga keltiradi.

Xitoy tajribasi shuni koʻrsatadiki, ushbu mamlakatda 1 dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyani jalb etish uchun hududiy investitsiya muhitini yaxshilashga oʻrtacha 4 dollargacha davlat va xususiy resurslar yoʻnaltiriladi. Ushbu xarajatlar, asosan, infratuzilmani rivojlantirish, logistika va sanoat zonalarini global qiymat zanjirlariga ulash, boshqaruv institutlarini kuchaytirish va investorlar uchun kompleks xizmatlar koʻrsatishga qaratilgan. Natijada erkin iqtisodiy zonalar Xitoyda oddiy fiskal imtiyozlar majmuasi emas, balki yuqori samaradorlikka ega investitsiya platformalari sifatida faoliyat yuritmoqda. Shunga oʻxshash yondashuvlar Janubiy Koreya, Vyetnam va Polsha tajribasida ham kuzatiladi. Bu esa toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimining hududlar boʻyicha nisbatan muvozanatli taqsimlanishini taʼminlashga imkon beradi.

Oʻzbekiston sharoitida ham hududlar kesimida investitsiyalar oqimi mutanosibligini taʼminlash uchun har bir hududning investitsiyaga real tayyorligini oshirish, infratuzilma va loyiha tayyorligini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan kompleks va muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Aynan shunday yondashuvgina xorijiy investitsiyalarni barqaror va hududlar boʻyicha muvozanatli jalb etish imkonini beradi.

Yangicha yondashuv

Yana bir nozik masala. Bu ragʻbatlantirish mexanizmi arxitekturasi hamda ularning natijadorligini baholash tizimidagi sustlik bilan bogʻliq. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Oʻzbekiston boʻyicha 2025-yilga moʻljallangan “Barqaror investitsiya siyosati islohotlari yoʻl xaritasi” doirasidagi tahlillarida erkin iqtisodiy zonalarda korporativ daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar investitsiyalarni ragʻbatlantirishda markaziy instrument sifatida qoʻllanilayotgani, biroq ushbu imtiyozlarning muntazam ravishda xarajat-foyda tahlili va samaradorlik bahosi asosida qayta koʻrib borilishi zarurligi alohida taʼkidlanadi. Mazkur baholash mexanizmlarining yetarli darajada joriy etilmaganligi fiskal ragʻbatlarning real investitsiya natijalariga taʼsirini aniqlashni murakkablashtirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili bilan tanishar ekan, 2017-yildayoq bu yoʻnalishdagi ishlar qoniqarli emasligin jiddiy tanqid qilgan edi. Sarmoyalar oqimini koʻpaytirish uchun investor va tadbirkorlarni jalb etishni kengaytirish, mavjud tartib-taomillarni soddalashtirish zarurligini taʼkidlagandi.

Afsuski, oʻsha paytda sarmoyalar oqimini keskin oshirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarning barchasi ham toʻla-toʻkis ijro etildi, deya olmaymiz. Shu bois bugun davlat rahbari tomonidan ushbu yoʻnalishda yangi ishlash tizimiga oʻtilmoqda. “Iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiya qilish mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqiladi”, dedi davlat rahbari. Shu asosda endilikda investitsiya bilan ishlaydigan alohida yangi tizim yaratiladi. Har bir kelishuvni loyihaga aylantirish, sarmoyalarni qisqa fursatda jalb qilish va ularning samaradorligiga mazkur tizim masʼul sanaladi.

Tabiiyki, bunda erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari toʻliq ishga solinishi koʻzda tutilmoqda. Ularga dunyoning mashhur brendlarini jalb qilinib, bu yerda faoliyat yuritayotgan korxonalar xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini qoʻllashi mumkin boʻladi. Ular uchun maxsus – imtiyozli investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy etiladi va xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini koʻrib chiqish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, strategik investorlarga loyiha uchun yerlar bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi. Yer toifasi oʻzgarganida nobudgarchilik uchun toʻlovni 10-yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi. Yerni rasmiylashtirish, toifasini oʻzgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlar idorama-idora yurmaydi. Ularga “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat koʻrsatadigan va barcha vazirliklar ulanadigan “invest.gov.uz” elektron platformasi ishga tushiriladi. Buning natijasida kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtilishi, uning hisobidan 1 million yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratili hisob-kitob qilinmoqda.

Binobarin, xalqaro tajriba, jumladan, Jahon banki tahlillari ham shuni koʻrsatadiki, faqatgina soliq va fiskal imtiyozlarga asoslangan yondashuv koʻp hollarda kutilgan investitsion natijalarni bermaydi. Erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat yuritishi uchun ular professional boshqaruv, yuqori sifatli infratuzilma va barqaror institutsional muhit bilan kompleks tarzda qoʻllab-quvvatlanishi zarur. Aks holda, zonalar sonining koʻpayishi real investitsiya oqimlari va hududiy iqtisodiy rivojlanish bilan yetarli darajada uygʻunlashmaydi. Oʻzbekistonning yangi investitsiyaviy siyosatida ana shu jihatlar eʼtiborga olingan holda ish yuritilayotgani xalqaro miqyosda jozibadorligini oshirib, global investitsiyalar markaziga aylantirishi kutilyapti.

Ruhiddin ZAYNIDDINOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,

“Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” kafedrasi dotsenti v.b., PhD.,

Said RAHMON,

jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?