Endi hokimlar mahalladagi yordamchicini oʻzi lavozimga tayinlaydi va ishdan oladi

18:17 23 Yanvar 2026 Siyosat
475 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ishdan olinadi. Bu haqda Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida aytib oʻtildi.

“Hokim yordamchilari tashabbuskorlarni topib, mahallada mikro va kichik loyihalarni amalga oshirishni ancha oʻrgandi, tajriba orttirdi. Endi ular oʻzi masʼul boʻlgan mahalladagi ishini «loyihaviy yondashuv” asosida tashkil qilishga oʻtadi», dedi Prezidentimiz.

Hokim yordamchilarini “loyihaviy yondashuv” asosida ishlashga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyilib, buni “ogʻir” mahallalardan boshlash topshirildi. Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondashuv” asosida amalga oshiriladigan loyihalar portfeli shakllantiriladi.

“Ogʻir” mahallalardagi boʻsh yerlar va davlat obyektlarining boshlangʻich narxini 2-3 karra pasaytirib, sotuvga chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Ish oʻrni va daromadni koʻpaytirish boʻyicha eng yaxshi natija koʻrsatgan 100 ta “ogʻir” mahallaga 1 milliard soʻmdan mablagʻ beriladi. Ushbu mahallalardagi hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya, Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.

“Mahalla yettiligi” samarasini oshirish boʻyicha poytaxtda yoʻlga qoʻyilgan tajriba endi barcha tuman va shaharlarda ham tatbiq etilishi belgilandi.

Poytaxt, viloyat markazlari va yirik tuman-shaharlardagi jozibador biznes muhiti barqaror tadbirkorlar sinfining shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Masalan, respublikadagi jami sanoatning 62 foizi, xizmatlarning 57 foizi tadbirkorlik salohiyati yuqori 50 ta tuman-shaharga toʻgʻri keladi. Uch yil oldin ushbu tumanlarda mahalliy budjetning qoʻshimcha daromadi jami 875 milliard soʻm boʻlgan. Endi esa ularga 8,5 barobar koʻp, yaʼni 7 trillion 400 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ tushadi.

Shu bois, 50 ta tuman hokimi imkoniyatini ishga solib, infratuzilmani yaxshilash orqali daromadni koʻpaytirish boʻyicha qattiq ishlashi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada poytaxtdagi 12 ta tumanda biznes reja ishlab chiqilib, budjetga yana 5,5 trillion soʻmlik tushum manbasi aniqlandi. Masalan, Olmazor tumanida joriy yil mahalliy budjetga qoʻshimcha 525 milliard soʻm kelib tushishi kutilmoqda.

Masalan, “Kaykovus” kanalining 2 kilometr qismi Eski shahar hududidagi 8 ta mahalladan oʻtgan. Endi ushbu 8 ta mahalladagi hokim yordamchilari bitta “loyiha guruhi”ga birlashib, yaxlit konsepsiya asosida kanal boʻyida savdo, servis va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha ishlaydi.

Xuddi shu tartibda turizm, taʼlim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, koʻl boʻyi, gavjum koʻchalar kabi yoʻnalishlarda ham hokim yordamchilaridan iborat “loyiha guruhlari” tashkil qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?