Umumiy tarixdan — umumiy kelajak sari

10:40 21 Noyabr 2025 Siyosat
128 0

XXI asrning ikkinchi choragi arafasida Markaziy Osiyo hududida taraqqiyotning yangi davri boshlandi. Mintaqa davlatlarida mustaqillikning dastlabki yillari asosiy eʼtibor iqtisodiy barqarorlik va siyosiy tizimni shakllantirishga qaratilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib integratsiya, xavfsizlikni taʼminlash, iqtisodiy diversifikatsiya va global jarayonlarda faol ishtirok etish ustuvor maqsadga aylanmoqda. Soʻnggi yillarda mintaqaning geografik joylashuvi, resurs salohiyati, transport yoʻlaklari va global tashabbuslar bilan bogʻliqligi uning strategik qiymatini yanada oshirdi.

Dunyo boʻylab hukm surayotgan global iqtisodiyot zanjirlaridagi uzilishlar, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bilan bogʻliq muammolarning keskinlashishi fonida Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlardagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. Mintaqa global iqtisodiy va siyosiy landshaftning muhim nuqtasi, integratsion jarayonlarning tashabbuskori sifatida namoyon boʻlmoqda.

Qayd etish lozimki, mintaqamiz ayni shu bosqichga yetguncha ancha qiyinchiliklarni boshdan oʻtkazdi. Mustaqillikning ilk yillaridagi iqtisodiy murakkabliklar, chegaralar borasidagi kelishmovchiliklar, mamlakatlar liderlarining oʻzaro til topisholmasligi oqibatida sovuqlashgan munosabatlar tufayli yuzaga kelgan nizoli holatlar — bularning bari yaqin oʻtmishda atrofimizda hukm surgan voqelik edi.

Yaratganga shukrki, bugun biz tinchlik-totuvlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro doʻstona munosabatlar haqida gapiryapmiz va bu bizdek madaniyati, tarixi, tili bir-biriga yaqin, bir daryodan suv ichib, ruhiyati bir ildizdan oziq oladigan xalqlar uchun tabiiy hodisa ekaniga ishonch hosil qilyapmiz.

Prezidentimizning yaqinda ommaviy axborot vositalarida chop etilgan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasida aynan shu birdamlikni taʼminlash uchun qanday murakkab yoʻllar bosib oʻtilgani, muammolar va ularning amaliy yechimlari haqida soʻz boradi.

Maqolada taʼkidlanganidek, bu — oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan jarayon emas, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlarimiz yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi natijasi. Ayni paytda ushbu jarayon oʻzaro ishonch muhitida tobora qizgʻin tus olayotgani Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan mintaqaviy hamkorlik keng koʻlamdagi zaruratga aylanganidan dalolatdir.

Soʻnggi yillarda oʻzaro ishonch va hamkorlik sezilarli darajada oshgani va butun mintaqa boʻylab kuzatilayotgan bunyodkorlik kayfiyati, oʻzaro yaqinlashuv jarayonlari tufayli Markaziy Osiyo XXI asrning global geosiyosiy va iqtisodiy kontekstida oʻziga xos ahamiyat kasb etmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam oʻtkazib kelinayotgan Maslahat uchrashuvlari, oʻzaro savdo aloqalarining oʻsishi, suv, energetika va ekologiya sohasidagi qoʻshma strategiyalar, hamjihatlikda rivojlanishga qaratilgan tashabbuslar yangi siyosiy muhitni vujudga keltirib, mintaqaning yagona iqtisodiy-siyosiy maydon sifatida shakllanishiga asos soldi.

Maqolada taʼkidlab oʻtilganidek, Maslahat uchrashuvlari formati yoʻlga qoʻyilgan 2017-yil mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yasadi. Mintaqa yetakchilari koʻp yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshladilar. Bu ishonchga, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi. Aynan Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muloqot tufayli eski davrdan qolgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka oʻtishga erishildi.

Bu borada eng muhim yutuqlardan biri — chegara masalalarining uzil-kesil hal etilgani. Qoʻshnilar bilan oʻzaro chegaralarning barchasi ilk bor huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi va oʻnlab yillar davomida keskinlik manbai boʻlib kelgan masalaga nuqta qoʻyildi. Ayniqsa, joriy yilda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta toʻgʻrisidagi Shartnoma va Xoʻjand deklaratsiyasining imzolangani katta tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan voqeadir.

Albatta, bugun biz haqli ravishda yutuq sifatida baholayotgan, mintaqa xalqlarining turmush tarziga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgan integratsion jarayonlar zamirida faol saʼy-harakatlar mavjud. Maqolada sanab oʻtilgan kelishuvlar, bitimlarga qisqa vaqt ichida erishildi va u bugun butun bir mintaqa hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, nafaqat Markaziy Osiyoni, balki dunyoning kattagina qismini halokat girdobiga tortayotgan ekologik muammolar, suv tanqisligi masalasi ham oʻzining oqilona yechimini topdi deyish mumkin.

Yaqin-yaqingacha keskin kelishmovchiliklarga sabab boʻlib kelgan suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston oʻrtasida tuzilgan “Qambarota GES-1” loyihasini birgalikda amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim, Toshkent va Bishkek oʻrtasida Chashma bulogʻidan birgalikda foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qozogʻiston oʻrtasida Bahri Tojik suv omborini vegetatsiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish boʻyicha, shuningdek, Turkmaniston bilan hukumatlararo bitim doirasida Amudaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish yuzasidan kelishuvlar uzoq yillik ziddiyatlarning yechimiga yaqqol misol boʻla oladi.

Mintaqa davlatlarining “oltin oʻrtalik”ni topgani qardosh xalqlar taqdiriga daxldor muammolarni bartaraf etish bilan bir qatorda, dunyo mamlakatlarining ham Markaziy Osiyoga yagona makon sifatida nigoh tashlashiga sabab boʻldi. Prezidentimiz maqolasida aytib oʻtilganidek, ilgari tashqi hamkorlar aloqalarni, asosan, ikki tomonlama asosda qurgan boʻlsa, bugungi kunda dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda.

Bu jarayonlar natijasida esa dunyo xaritasida beshta alohida davlatdan iborat Markaziy Osiyo emas, mintaqaviy birlikni ifoda etuvchi yagona makon yuzaga kelmoqda. Bunday birlashuvning zamirida esa oʻzaro ishonch, qatʼiy siyosiy iroda va 80 milliondan ortiq aholi taqdiriga daxldor mushtarak maqsadlar yotibdi.

Prezidentimiz bu borada fikr yuritar ekan, Markaziy Osiyoning har bir davlati oʻz saʼy-harakatlarini iqtisodiyotni rivojlantirish, ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yoʻnaltirish orqali mintaqamiz barqarorligi va farovonligini taʼminlashga sezilarli hissa qoʻshayotganini taʼkidlaydi. Xususan, Qozogʻiston transport yoʻlaklarini faol rivojlantirmoqda, chegara punktlarini modernizatsiya qilmoqda, savdo toʻsiqlarini bartaraf etmoqda va madaniy-gumanitar almashinuv boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Qirgʻiziston va Tojikiston muzliklarning erishi bilan bogʻliq masalalarda izchil hamkorlik qilmoqda, energetika tizimlarini modernizatsiya qilish va transport jihatdan oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Turkmaniston tinchlik va ishonchni mustahkamlash, mintaqaning transport-tranzit salohiyatini oshirish, BMTning Orol havzasi va iqlim texnologiyalari boʻyicha dasturini qabul qilishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Prezidentimiz Markaziy Osiyodagi demografik jarayonlarni tahlil qilib, mintaqa aholisining oʻrtacha yoshi atigi 29 yoshni tashkil etayotganini, oldimizda bu resursni taraqqiyot va innovatsiyaning qudratli omiliga aylantirish, yoshlarimizning isteʼdodi va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratish vazifasi turganini taʼkidlaydi. Bu davlatimiz rahbarining uzoqni koʻra oluvchi lider sifatida nafaqat bugungi kunimiz, balki kelajagimiz uchun ham qaygʻurayotganining yaqqol namunasidir.

Umuman, Prezidentimizning yuksak minbarlarda turib soʻzlagan nutqlari, ommaviy axborot vositalarida yoritilgan maqolalari bilan tanishar ekanmiz, ularda nafaqat bugungi kundagi, balki uzoq muddatli taraqqiyotimizni taʼminlashga qaratilgan koʻplab ezgu gʻoyalar va tashabbuslarni koʻramiz. “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasi ham bundan mustasno emas. Unda davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoning barqarorligi va rivojlanish surʼatlarini taʼminlash bilan bogʻliq qator omillarni ham sanab oʻtar ekan, mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha umumiy salohiyatni shakllantirish borasida oldimizda turgan vazifalar haqida soʻz yuritadi. Iqtisodiy sohada ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, chegaralardan oʻtish tartib-taomillarini soddalashtirish va oʻzaro investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligiga eʼtibor qaratadi. Sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, mintaqaviy va hududlararo yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi savdo zonalarini rivojlantirish, transport va iqtisodiy yoʻlaklar tarmogʻini kengaytirish, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida qoʻshma loyihalarni ilgari surish zarurligini taʼkidlaydi. Iqlim oʻzgarishlariga moslashish, trans­chegaraviy suv resurslari va biologik xilmaxillikni asrash, “yashil” energetika va kam uglerodli texnologiyalarga oʻtish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarga alohida eʼtibor qaratishimiz lozimligiga urgʻu beradi.

Har doim boʻlganidek, Prezidentimiz gumanitar hamkorlik masalalarini ham eʼtibordan chetda qoldirmaydi. Bu borada umumiy axborot makonini yaratish, taʼlim, sogʻliqni saqlash sifatini oshirish, ijtimoiy sohani, jumladan, turizmni va yoshlarga oid qoʻshma dasturlarni rivojlantirish xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga bevosita xizmat qilishini taʼkidlaydi.

Davlatimiz rahbari bugungi kunda tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan tashqi siyosat borasida fikr yuritar ekan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining kelishilgan yondashuvlarini ishlab chiqish muhim yoʻnalish ekanligini qayd etadi. Geosiyosiy beqarorlik tobora ortib borayotgan va jahon kuch markazlari oʻrtasida raqobat kuchaygan sharoitda mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi pozitsiyalarini muvofiqlashtirish barqarorlik va umumiy manfaatlarni himoya qilishning muhim omiliga aylanayotganini, shu bois asosiy hamkorlar bilan pragmatik aloqalarni yoʻlga qoʻyishda oʻz samaradorligini isbotlagan “Markaziy Osiyo plyus” formatlarini yanada rivojlantirish zarurligini aytadi.

Shuni eʼtirof etish kerakki, Prezidentimizning saʼy-harakatlari va yaqin qoʻshnilar bilan olib borayotgan oqilona tashqi siyosati natijasida bugun kuchli, barqaror va farovon mintaqa — Yangi Markaziy Osiyoning mus­tahkam poydevori yaratildi. Buni nafaqat biz, balki butun dunyo jamoatchiligi bir ovozdan eʼtirof etmoqda.

Maqolada bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan gʻoyalar mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarning ham kun tartibini belgilab beradi. Binobarin, qoʻshni davlatlar bilan parlament aloqalarini yanada mustahkamlash va umumiy maqsadlar sari saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish oʻzaro hamkorlik munosabatlarida muhim oʻrin tutadi.

Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvlarda, xalqaro anjumanlarda xalqlarni, madaniyatlarni birlashtirishda, mamlakatlararo yaqin hamkorlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyishda parlament diplomatiyasining oʻrniga alohida eʼtibor qaratishi bejiz emas. Xususan, Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvida ham mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror tus berishda “xalq diplomatiyasi”, parlamentlar, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi salohiyatidan yanada keng foydalanish muhim ekanini taʼkidlagan edi.

Mamlakatimiz yetakchisining parlamentlararo hamkorlikka oid tashabbuslari mohiyatan strategik va institutsional boʻlib, ular mintaqaviy integratsiya jarayonlarida vakillik organlarining roli naqadar muhim ekanini koʻrsatadi. Parlamentlar orasidagi aloqalarning kengayishi “xalq diplomatiyasi” va jamoat institutlari orqali hamkorlikni yanada mustahkamlaydi, mintaqada demokratik institutlarning rivojlanishi uchun ijobiy signal boʻladi. Shuningdek, parlamentlar oʻzaro komissiyalar, qoʻshma qoʻmitalar va forumlar orqali “parlament diplomatiyasi”ni amalga oshirib, ishonchni mustahkamlash va davlatlar oʻrtasidagi hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining maqolada keltirib oʻtilgan rejalari nafaqat iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki mintaqaviy barqarorlik, transport-infratuzilma, ekologiya, madaniy va ilmiy integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan. Bu tashabbuslar amalda muvaffaqiyatli hamkorlikni mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ming yillik davlatchilik tarixiga ega boʻlgan ushbu zamindagi birlashuv, yaratuvchanlik va bunyodkorlik jarayonlari ortga qaytmas yoʻl boʻlib, bunda tinchlik, barqarorlik va umumiy farovonlik sari birgalikda qadam tashlash barcha davlatlar oldidagi tarixiy masʼuliyatdir.

Tanzila NORBOYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?