Umra litsenziyasi uchun talabgorlardan arizalar qabul qilish 1 hafta avval boshlangan
Din ishlari boʻyicha qoʻmita 2025-yil 7-martdan boshlab Umra ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya olish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlaridan arizalar qabul qilishni boshladi. Ushbu jarayon 7-aprelga qadar davom etadi. Qoʻmita mazkur yangilik haqida rasmiy sayti orqali maʼlumot bergan boʻlsa-da, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu haqda eʼlon berilmagan.
Umra xizmatlarini tashkil qilish uchun litsenziya faqat yuridik shaxslarga taqdim etiladi. Buning uchun talabgorlar qoʻmita tomonidan belgilangan shartlarga rioya qilishlari lozim. Xususan, “Ziyorat” jamgʻarmasiga kamida 1 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ qoʻyish, Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligidan tasdiqlangan hamkor tashkilot bilan shartnoma imzolash, aviakompaniyalar bilan parvozlarni amalga oshirish boʻyicha shartnomalar tuzish kabi talablar oʻz kuchida qolmoqda.
Litsenziya olish uchun ariza topshiruvchi tadbirkorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari shart: kompaniyaning rasmiy maʼlumotlari, rahbar va xodimlar haqidagi toʻliq maʼlumotlar, 1 million AQSH dollari zaxira qoʻyilganini tasdiqlovchi hujjat, ziyoratchilar uchun diniy bilimga ega guruh rahbari bilan shartnoma, Saudiya Arabistoni hamkor tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma, aviakompaniyalar bilan hamkorlik shartnomasi, sifatli xizmat koʻrsatish uchun zamonaviy jihozlangan ofis haqidagi maʼlumot hamda fuqarolik javobgarligini sugʻurtalovchi hujjatlar.
Shuningdek, ariza topshirish uchun yigʻim miqdori 1 million 125 ming soʻm (BHMning 3 baravari), litsenziya uchun davlat boji esa 3 million 750 ming soʻm (BHMning 10 baravari) etib belgilangan. Arizalar 7-aprel kuni soat 18:00 gacha qabul qilinadi. Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun +99871 207-17-58 (ichki raqam 124) telefon raqami yoki Toshkent shahri Navoiy koʻchasi 12-uy manzilidagi qoʻmitaga murojaat qilish mumkin.
Maʼlumki, ilgari Oʻzbekistonda 100 ga yaqin tur-firma Umra xizmatlarini koʻrsatish huquqiga ega edi. Ammo 1 million dollarlik zaxira talabi joriy etilgandan soʻng, xizmat koʻrsatuvchilar soni keskin kamaydi va hozirda atigi 12 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Shu munosabat bilan Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev litsenziya shartlarini oʻzgartirish monopoliyaga olib kelmasligini taʼkidlab, 1 million dollarlik talab unchalik katta miqdor emasligini bildirgandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring