Uychilik yosh kulol o‘z mahsulotini beshta davlatga eksport qilmoqda

11:53 12 Noyabr 2021 Jamiyat
575 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Namangan viloyati Uychi tumanidagi O‘nhayot qishlog‘ida yashovchi Abu Ali Saydullayev kulolchilikni sanʼat darajasiga ko‘targan yosh iqtidor egalaridan. Uning loyga sayqal berib yasagan lagan, kosa, piyola  va boshqa buyumlari jarangdorligi, ranglari jilosi va naqshining jozibasi bilan eʼtiborni tortadi. U yakka tartibdagi tadbirkor sifatida o‘z mahsulotlarini avvaliga ichki bozorga chiqargan bo‘lsa, keyinchalik  tashqi  savdoga qo‘l urdi. Bundan ikki yil muqaddam Latviyaga yuborgan sovg‘abop laganlari Boltiqbo‘yi davlatidagi xaridorlarga g‘oyatda maʼqul kelgan edi. Endilikda ular qatoriga Litva, AQSH, Gruziya va Rossiya davlatlaridagi amaliy sanʼat ishtiyoqmandlari ham qo‘shilgan.

- Ustaxonamizdan chiqayotgan mahsulotlarning jozibadorligi sababi, eng avvalo, xom ashyo bilan bog‘liq, yaʼni biz maxsus loyni kulolchilik  ravnaq topgan Rishtondan olib kelamiz, - deydi yosh hunarmand. – Unga mehrimizni qo‘shib ishlov berganimizdan so‘ng chinakam sanʼat asariga aylanadi. Bugungi kunda tayyorlayotgan 30 dan ortiq turdagi buyumlarimizga xorijda talab ortayotgani shundan.

Abu Ali hozirgi kunda o‘nga yaqin shogirdlari bilan asosan eksportbop mahsulotlar tayyorlamoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida  40 ming AQSH dollaridan ko‘proq miqdorda tashqi savdo amallarini bajardi. Ayni paytda navbatdagi buyurtmalarni bajarib, yil oxirigacha yana 20 ming dollarlik mahsulotni chetga chiqarish harakatida.

                                                                        

 Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq so‘zi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер